Jalolobod shahri va uning atrofidagi qishloqlarda vaziyat nisbstan tinch ekani aytilmoqda, ammo odamlar og’ir ahvolda.
Suzoq qishlog'idan Alisher ismli fuqaroning tasvirlashicha, komendantlik soati e'lon qilinganiga qaramay ko'chalarni hamon qirg'iz to'dalar kezib yuribdi va harbiylar biror chora ko'rayotgani yo'q.
7-8 kilometr narida, O'zbekiston bilan chegarada minglab aholi madad kutib o'tiribdi. Issiq va ochlikdan holdan toyib, kasal bo'lib qolganlar talay.
Jaloloboddan o'zini Olimjon deb tanishtirgan suhbatdoshimiz "Qirg’izlarga qurolni hukumat odamlarining o’zi bergan" deya da’vo qiladi.
"Qirg'izistonning kuch strukturalari o'zbeklarga to'g'ridan-to'g'ri o't ochayapti. Bu men shaxsan "genotsid" deb qabul qilaman, chunki hammayoqda "sartlarga o'lim", "sartlarning eti, go'shti bir so'm" degan yozuvlarni ko'rasiz. Hukumat o'z qurol-aslahasini hech qachon xalqqa tarqatib bermaydi, lekin bu yerda askarlar qo'lida bor narsasini o'zlari topshirgan".
Bishkekdan o’zbek sharhlovchi To’lqin Umuraliyev fikricha o’zbeklarga nisbatan zo’ravonliklarni to’xtatishning yagona yo’li hozir chetdan qo’shin olib kirish.
“Qirg’iziston hukumati qo’lidan hech narsa kelmasligini ko’rsatdi. Qirg’izistonning na armiyasi, na maxsus kuchlari ishni eplay oldi. Shuning uchun bu Birlashgan Millatlar Tashkiloti tinchlik posbonlari bo’ladimi, xoh bu Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti kuchlari bo’ladimi, yo Rossiya armiyasi bo’ladimi, uchinchi tomon aralashmasa, bu narsa to’xtamaydi”.