AQShda sotiladigan lab bo’yog’ining 400 xili tarkibida inson salomatligi uchun zararli qo’rg’oshin moddasi topilgan.
Oziq-ovqat va dori-darmon agentligi o’tkazgan kimyoviy tahlil shuni ko’rsatgan. Bu mahsulotlarni sotuvdan olib tashlash talab qilinmoqda.
Xotin-qizlar o’ziga oro berar ekan, oynaga qarab, pardoz qiladi, labiga bo’yoq surtadi. Ba’zilar kun davomida bir necha marta lab bo’yog’idan foydalanadi.
AQSh Oziq-ovqat va dori-darmon agentligi salomatlikni targ’ib etuvchi guruhlar talabiga javoban sotuvdagi lab bo’yo’gini tekshirib chiqdi. Mahsulotning yuzlab xilida qo’rg’oshin bor ekan.
Lekin zararli modda miqdori shu qadar kamki, salomatlik uchun xavf yo’q, deydi rasmiylar.
AQShda yiliga 50 milliard dollarga teng pardoz mahsulotlari sotiladi.
Xeylayna Breslavik 600 ta kosmetik kompaniyani birlashtiruvchi kengash ilmiy direktori:
“Lab bo’yoqlari bezarar. Bemalol foydalanish mumkin, xavotirga o’rin yo’q”.
Yaqingacha bo’yoq va boshqa mahsulotlarda qo’rg’oshin ishlatilgan. Ammo moddaning yosh bolalar va homilador ayollar uchun zarari kattaligi aniqlangach, munosabat o’zgardi. Tarkibida bu modda bo’lgan mahsulotlar taqiqlandi.
Xo’sh, homilador ayollar lab bo’yo’g’idan foydalansa bo’ladimi?
Xeylayna Breslavik mahsulotni tekshirib oling deydi:
“Buni har bir ayol o’zi hal qilishi kerak. Lekin shuni aytishim mumkinki, qo’rg’oshin moddasining odam organizmi uchun qanchalik xavfsiz ekani tekshirilganida u aynan homilador va bolasini emizayotgan ayollarda sinalgan”.
Ekologiya va salomatlik masalalari bilan mashg’ul nohukumat tashkilot vakili Jeyson Reyno qo’rg’oshin siz uchun xavfli, buni unutmang, deya maslahat beradi.
“Qo’rg’oshinning xavfsiz miqdori bo’lmaydi.”
AQSh Ekologiya agentligi qo’rg’oshinni zararli modda deb, uning odam organizmidagi xavfsiz miqdorini belgilamagan - eng oz miqdori ham xavfli.
Kosmetika sanoati lab bo’yog’ini ishlab chiqarishda ishlatiladigan moddalarni hozircha o’zgartirmoqchi emas.
Biroq nohukumat tashkilotlar Kongressga bosim o’tkazishda davom etmoqda. Zararli moddalar – pardoz mahsulotlarida bo’ladimi boshqadami – taqiqlanishi kerak, deydi ular.