Vaqtinchalik himoya dasturi tugatilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlarda 300 mingdan ortiq odam vaqtinchalik himoya dasturi orqali bu mamlakatda yashamoqda. O’z yurtida urush yoki tabiiy ofat tufayli beqarorlik yuzaga kelgani sababli ularga Amerikada vaqtinchalik yashash va ishlashga ruxsat berilgan. Biroq Tramp ma’muriyati dasturni tugatish payida.

Ayalalar oilasi vaqtinchalik himoya dasturi doirasida AQShda yashayapti. 2018-yil ichki xavfsizlik vazirining bir og’iz gapi ularni sarosimaga soldi.

Sobiq vazir Kirsten Nilsen o’shanda himoya dasturini tugatish kerak, deb chiqqan edi. Undan asosan Salvador, Nikaragua Gonduras va Sudan fuqarolari, ya’ni notinch yoki tabiiy ofat tufayli beqaror bo’lgan davlatlardan kelgan muhojirlar foydalanadi.

“Rostini aytsam, bolalarim bizning immigratsion maqomimiz haqida oxirgi uch-to’rt yilgacha bilishmagan. Katta qizim ham shu dasturda. U o’qishga topshirish jarayonida gap nimada ekanini tushuna boshladi”, - deydi Elsi Ayala.

Bu oila Amerikaga 2001-yilda kelgan. O’shanda Salvador kuchli zilzilani boshdan kechirgan edi.

Ota-ona vaqtinchalik himoya dasturi asosida ishlab, joylashib, ikki farzand ko’rgan.

“AQShda yashayotganimizga 20 yildan oshdi. Shu zamin uyimiz bo’lib qolgan. Bolalarimiz ham vatan deb biladi”, - deydi Xose Ayala.

Agar dastur tugatilsa ular mamlakatdan haydaladi.

Huquq tashkilotlari Tramp ma’muriyatini sudga bergan. Sud hujjatlarida bu oila ham ko’rsatilgan.

Avgust boshida apellyatsitya sudida da’volar tinglandi.

“Ayala oilasining ishi Oliy sudda ko’rilishi ehtimoli katta. Yangi a’zo qo’shilishi bilan Oliy sud hozir yanada konservativ ruhda. Bu degani yutqizishimiz mumkin. Biroq oxirigacha kurashishga bel bog’laganmiz”, - deydi immigratsiya bo’yicha advokat Diyego Ferreyra.

“Amerika Ovozi” Ichki xavfsizlik vazirligidan bu ish yuzasidan izoh berishni so’radi. Davom etayotgan sud ishlari bo’yicha izoh bermaymiz, deydi rasmiylar.

Shuningdek, vazirlik ayni damdagi qonunlar vaqtinchalik himoya dasturiga topshirganlarning ishini hamon ko’rib chiqishi va arizachilar davlatidagi vaziyatga ko’ra qaror berishi mumkinligini ham aytgan.

Amaldagi qonunga ko’ra, vaqtinchalik himoyaga kimlar haqli ekani doimiy tekshirib boriladi. Muayyan mamlakatda vaziyat o’zgarsa, ayrimlarning maqomi ham tugatiladi.