Bir yarim milliard odam tirikchiligidan mahrum bo’lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

1-may Xalqaro Mehnatkashlar kuni odatda dunyoning turli shaharlarida ishchilar uchun sharoitni yaxshilashga chaqiruvchi namoyishlar bilan o’tadi. Ammo hozir aksar mamlakatlarda karantin. Pandemiya global iqtisodiyotga jiddiy zarba bermoqda.

Iqtisodiy krizisdan bizneslar yopilar ekan, Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida yuzlab odam hukumatdan yordam olish uchun navbatda turibdi.

“Koronavirusdan ham qo’rqmaymiz. Ochlik juda shafqatsiz”, - deydi ishsiz qolgan Ivanilson Yulissis.

Xalqaro mehnat tashkilotining ogohlantirishicha, dunyo bo’ylab mehnatkashlarning yarmi, ya’ni 1,5 milliard odam pandemiya tufayli tirikchiligidan mahrum bo’lishi mumkin.

Bu haqda 1-may Xalqaro Mehnatkashlar kuni arafasida e’lon qilindi.

Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi bosh kotibi Sharan Barrouning aytishicha, o’z hayotini xavf ostiga qo’yayotgan ishchilardan minnatdor bo’lishimiz kerak.

“Boshqalarga yordam berish uchun o’z hayoti va xavfsizligini, qolaversa, o’z oilasi salomatlagini xavf ostiga qo’yayotgan jasur insonlar bor. Xizmat ko’rsatish, transport sohalari, supermarketlarda ham buni ko’ryapmiz”, - deydi Barrou.

Afsuski, ko’pchilik o’z ishini tayinli deb ko’rmaydi.

“Virus nuqsonlarimizni fosh etdi. Global miqyosda ishchi kuchining 60 foizi norasmiy ravishda ishlaydi. Ular huquqlaridan, minimal ish haqidan, ijtimoiy himoyadan mahrum. Shikoyat ham qila olmaydi. Iqtisodiy va ijtimoiy halokatning oldini olishimiz kerak”, - deydi konfederatsiya rahbari.

1-mayda odatda kapitalizmga qarshi namoyishlar o’tadi. Biroq yuzlab davlatlarda karantin hukmron ekan, bu yili o’tmasligi deyarli aniq.

Suhbatdoshga ko’ra, diqqat pandemiyadan keyingi dunyoga qaratilishi lozim.

“Demokratik huquq va erkinliklarni kafolatlaydigan, teng rivojlanishga imkon beradigan tizim barpo etish kerak”, - deydi Barrou.

Hozircha esa millionlab odamlar kutilayotgan iqtisodiy inqiroz bilan yuzlashishishi tayin.