Prezident Obama: Afg'oniston 2014-yilgacha oyoqqa turib oladi

  • Amerika Ovozi

Amerika prezidenti Barak Obamaning aytishicha, NATOning Chikagodagi sammiti Afg’oniston hayotida xalqaro koalitsiya roliga aniqlik kiritgan.

Ikki kunlik anjumanni yakunlar ekan, Obama NATO harbiy kampaniyani tugatib, 2014-yilgacha xavfsizlikni to’liq mahalliy kuchlar zimmasiga topshirish qarorida qat’iy, dedi.

NATOga a’zo davlatlar xavfsizlikni kelasi yil o’rtalariga borib Afg’oniston qurolli kuchlari va politsiyasiga yuklamoqchi. Ikki yildan keyin xorijiy qo’shinlar chiqib ketadi.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay bu sana aniq va tugal, xalqaro hamjamiyatga ortiq yuk bo’lmaymiz, deydi.

Lekin NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning aytishicha, shosha-pisha ketish yo’q. NATO Afg’oniston hukumati va xalqi bilan uzoq yillik hamkorlikka shay.

Bugun mamlakatda AQSh va NATO boshliq 130 ming kishilik xalqaro qo’shinlar xizmat qilmoqda. Fransiya yangi rahbari Fransua Olland o’z askarlarini joriy yil oxirigacha vatanga qaytarmoqchi. Afg’onistonda fransiyalik 3300 zobit bor.

Shimoliy Atlantika bitimi tashkiloti a’zolari 2014-yildan keyin ham Afg’oniston xavfsizlik kuchlarini moliyaviy jihatdan qo’llab-quvvatlash masalasini ko’rib chiqmoqda.

Gap yiliga 4,1 milliard dollar uzatish haqida. Qo’shma Shtatlar shuning eng katta ulushini, ittifoqchilar esa 1,3 milliard dollarni qoplashi taxmin qilinadi.

Amerika va NATO rasmiylari so’zlariga ko’ra, real vazifa – shu bugunoq Afg’oniston gullab-yashnashini ta’minlash emas. Davlat qaddini tik tuta olsin, jahon hamjamiyati qanchadir payt uni suyab turishi kerak bo’lsa ham mayli, deydi alyans mutasaddilari.

AQSh prezidenti Barak Obama kecha sammitni ochib, oldinda og’ir janglar, talofatlar kutayotgani sir emas, dedi. Lekin to’g’ri, adolatli yo’ldan borayotganimiz ham rost, dedi u.

“NATO sammitidan xulosa shuki, jahon ahli Afg’oniston strategiyasi borasida yakdil. Urush poyoniga yetib bormoqda, Afg’oniston xalqi bilan do’stlik va hamkorlik esa uzoq yillar davom etadi”, - dedi Barak Obama.

Anjumanda 50 dan ziyod davlat yetakchilari bu urushda jon bergan minglab zobitlarni xotirlab, bir daqiqa sukut saqladi.

Qatnashchilar orasida Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariy ham bor. O’tgan yil noyabrida Afg’oniston bilan chegarada AQSh havo hujumida pokistonlik 24 askar o’lgach, aloqalar keskin sovuqlashgan edi. Islomobod NATO tranzit yo’llarini yopishgacha bordi.

Biroq tomonlar o’rtasida tinimsiz muzokara kechib, Pokiston ta’minot yo’laklarini ochamiz, deya shama qildi. Lekin Islomobod alyans yuklaridan ko’proq soliq olmoqchi va bu hol muloqotga pand bermoqda.

Prezident Obama kecha Afg’oniston rahbari Hamid Karzay bilan yuzma-yuz gaplashib oldi. Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariy esa Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan muzokara qildi.

NATO sammiti, uning atrofidagi manzara: