Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning Kongressdagi ma’ruzasi amerikalik qonunchilar orasida Isroilning G’azodagi urushiga nisbatan bo’linish mavjudligini ko’rsatdi. Demokrat qonunchilarning hammasi ham Prezident Baydenning urushni yakunlash rejasiga qo’shilmayotgani ayon.
Your browser doesn’t support HTML5
Baydenning saylov poygasidan chiqishi AQShning kelasi bir necha oyda Isroil-XAMAS qarama-qarshiligiga qanday ta’sir qilishi mumkin?
Netanyaxu urush tugaganidan so’ng Isroil G’azoda xavfsizlikni nazorat qilishini aytadi. Bayden ma’muriyati yahudiy askarlarning G’azoda uzoq vaqt qolishiga qarshi, buni Falastinning mustaqillikka erishish rejasiga zarar deb biladi.
“Afsuski, bunga Kongressda guvoh bo’lganimizdek, Netanyaxu Oq uyning bunday yondashuviga qo’shilmasligini namoyish etishda davom etmoqda. Bu Prezident Bayden uchun davomli muammo bo’ladi. Netanyaxu Bayden fikrini o’zgartirish uchun biror yangi taklif bilan chiqishini uning ma’ruzasidan sezmadim”, - deydi Vashingtondagi Amerika taraqqiyoti markazidan Allison Makmanus.
Saylovdan chiqishga qaror qilgan Baydenda Isroil siyosatini o’zgartirish uchun yarim yil qolgani aytilmoqda.
"Netanyaxu AQShdan qurollar kelishini va qanchalik tez kelishini nazorat qilishda davom etmoqda. Demak, siyosiy, harbiy, diplomatik, strategik, iqtisodiy jihatdan bosim qo’yish uchun prezident ixtiyorida olti oy vaqt bor”, - deydi Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasidan Richard Goldberg.
Vashingtonda to’plangan minglab namoyishchilar Oq uyni Isroilga harbiy yordamni kesishga chaqirdi. Ayrim demokrat qonunchilar ham shunday fikrda. Yuzdan ortig’i hatto Netanyaxuning Kongressdagi ma’ruzasini boykot qildi. 2015-yilda bundaylar 58 demokratni tashkil etgan.
“Isroil AQSh soliq to’lovchilari puli hisobiga G’azodagi urush uchun uzatilgan qurollarni qanday ishlatgani yuzasidan jiddiy xavotirlar mavjud. Shunga qaramay, AQShning Isroilga yordami to’xtamaydi. Ammo bundan keyin ayrim qonunchilar, xususan demokratlar qo’shimcha yordamga kelganda qancha va qanchalik tez yordam berish haqida ikki marta o'ylashga majbur bo’ladi”, - deydi Makmanus.
Netanyaxu ma’ruzasini kuzatgan ayrim jurnalistlar hisobiga ko’ra, salkam bir soatlik ma’ruzaning choragi qarsakbozlik bilan o’tgan. Jumladan qonunchilar va siyosatchilar olqishlari bilan Netanyaxu ma’ruzasini 39 marotaba bo’lgan, shundan 23 marotaba o’rnilaridan turib qarsak chalishgan. Barcha qarsaklarni qo’shib hisoblaganda 55 daqiqalik nutqning 10 daqiqasi olqishlar bilan o’tgan.
25-iyul kuni Netanyaxu Oq uyda Prezident Bayden va vitse-prezident Kamala Harris bilan uchrashdi, biroq har ikkisi Isroil rahbari bilan alohida ko'rishgan.
Kuzatuvchilar Harris Netanyaxu bilan qattiqroq ohangda gaplashganini aytadi.
Demokratlardan prezidentlikka nomzod Isroilni XAMAS bilan kelishuvni tezroq qabul qilishga chaqirdi.
“Bosh vazir bilan muloqot cho’gida G’azodagilarning azob-uqubatlari ko’lami, jumladan haddan ziyod begunoh insonlarning o’limi yuzasidan, hududda yashovchi ikki milliondan ziyod odamning oziq-ovqat kamomadi bilan yuzlashayotgani yuzasidan jiddiy xavotir bildirdim”, - dedi Harris.
Netanyaxuning Kongressdagi chiqishiga norozilik bildirgan odamlar Oq uy yonida ham Isroilning G’azodagi urushini qoraladi, Baydendan Isroilga yordamni to’xtatishni talab qildi.
“Bosh vazir Netanyaxu bilan Oq uydagi uchrashuv yaxshi o’tdi. Prezident otashkesimga doir xavotirlarini bildirib, jarayonni tezlashtirishga chaqirdi; Eronning beqarorlashtiruvchi faoliyati, Livan bilan chegaradagi ziddiyatlar, G’azo xalqiga gumanitar yordam ko’lamini oshirish haqida gapirdi”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.
Harrisga ko’ra, AQSh Isroil va XAMAS o’rtasidagi kelishuvning birinchi bosqichida to’liq otashkesim bo’lishini, Isroil G’azoning aholi yashovchi hududlaridan qo’shinlarini butunlay olib chiqishini istaydi.
Kuzatuvchilarning aytishicha, Netanyaxu Harrisning bu gaplaridan ajablangan, chunki u to’liq otashkesimga va armiyani G’azodan butunlay olib chiqishga tayyor emas, XAMAS to’liq yengilgan deb hisoblamaydi.
Otashkesim bo’yicha muzokaralar bir necha oydan beri davom etmoqda.
AQSh rasmiylariga ko’ra, muloqot XAMAS garovga olgan odamlarning ba’zilarini ozod etish evaziga olti haftalik sulhga kelishish haqida kechmoqda.
Juma kuni Netanyaxu Floridada Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp bilan ham uchrashdi.