Shimoliy Koreya atom qudratiga ega davlat sifatida tan olinishni istaydi

  • Amerika Ovozi

Pxenyan ko'chalarida Shimoliy Koreyaning yadroviy maqsadlarini ulug'lovchi shiorlar

Shimoliy Koreya uranni boyitish ishlarini qayta boshlab yuborgani, tahlilchilar nazarida, bu davlat atom qudratiga ega ekanini ko’rsatishga harakat qilayotganidan dalolat.

Xalqaro hamjamiyat bilan muzokaralar to’xtab qolgan. Sanksiyalar ham samara berdi deyish qiyin.

Shunisi ma’lumki, Shimoliy Koreya yadroviy dasturi ikki yo’nalishga ega. Birida uran boyitilsa, ikkinchisida plutoniy tadqiqotlari olib borilmoqda.

Viktor Cha, Jorj Bush prezidentligi davrida Oq Uyda Osiyo masalalari bo’yicha mas’ul bo’lgan arbob fikricha Shimoliy Koreya dunyo uni kuchli davlat sifatida tan olishini xohlaydi.

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Ir strategik inshootlarni ko'zdan kechirmoqda

“Bu mamlakat yakkalanib qolmaslik uchun yadroviy dasturining ayrim qismlarini yopib yoki vaqtincha to’xtatib, tashqi dunyo bilan til topishishga urinayotgandek bo’ldi. Lekin Shimoliy Koreya atom maqsadlaridan qaytishicha ishonmayman. Ular yadroviy qudratga ega bo’lishni eng ustuvor maqsad deb belgilagan”,- deydi Viktor Cha.

Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya va AQSh Pxenyan bilan muzokara qilishga urindi, ammo bu davlat ularning takliflariga ko’nmadi. Yadroviy sinovlarni davom ettirdi.

“Haqiqat shuki, atom dasturi Shimoliy Koreya uchun tashqi dunyoga gapini o’tkazish vositasi. Ham mudofaa, ham diplomatik vosita. Bu dastursiz Shimoliy Koreyaga hech kim e’tibor bermagan bo’lardi”,- deydi Dag Bandov, amerikalik yana bir siyosiy tahlilchi.

Pxenyan

“O’ylab ko’ring, harbiy salohiyatini oshirish uchun har narsaga tayyor Kim Chen Ir shuncha yillik mehnatdan keyin bu harakatlarni to’xtatishga buyruq berarmidi? Armiyaga qarab “Bo’ldi, atom qurollari bizga kerak emas endi” dermidi? Ayniqsa hozir uning o’rniga og’li hokimiyatga kelishi kutilayotgan bir nozik paytda”, - deydi ekspert.

Shimoliy Koreyaning Janub bilan aloqalari oxirgi damlarda nihoyatda taranglashgan. Bu hafta Sariq dengizda to’qnashuv, mart oyida esa Janubiy Koreya harbiy kemasi cho’ktirilib, 46 matros halok bo’lgani ikki davlat bir-biriga qarshi urush ochishi mumkin degan xavotirlarni yanada kuchaytirdi.

Qo’shma Shtatlar ahvolni yaqindan kuzatmoqda va Oq Uyning bildirishicha, Obama ma’muriyati shoshmay chora ko’rishga bel bog’lagan. Pxenyan baribir muzokara qilishga majbur bo’ladi degan umid bor.

Lekin ekspertlar nazarida sabr-toqat bu yerda ish bermaydi. Shimoliy Koreya atom dasturi tobora kengayib, tahdid oshib bormoqda.

Balbina Xvang, harbiy tahlilchi deydiki, AQSh va uning ittifoqchilari Pxenyanni darhol muloqotga chaqirishi kerak.

Janubiy Koreyada Shimol siyosatiga qarshi namoyishlar, 24 noyabr 2010

Shimoliy Koreya bo’yicha Amerika maxsus vakili Stiven Bosvortning aytishicha, Xitoy bilan bu borada yaqindan hamkorlik qilinmoqda va diplomatik chora ko’rishga kelishib olingan.

Ekspert Dag Bandov AQSh va Xitoy Shimoliy Koreyaga konkret taklif bilan chiqishi, “mana iqtisodiy yordam, mana biznes imkoniyatlari va biz sizni diplomatik jihatdan tan olamiz” deyishi kerak.

Juda bo’lmaganda, deydi Bandov, Pxenyanda vakolatxona ochish kerak.

Oq Uy sobiq rasmiysi Viktor Cha esa hukumat puxta bir reja tuzishi kerak deydi. AQSh-Xitoy bilan kelishib ishlayotgani ijobiy hol, deydi u.

Muzokarada atom dasturi evaziga Shimoliy Koreya yo’q deya olmaydigan imtiyozlar taklif qilish kerak.

“Yadroviy maqsadlardan qaytmasangiz, murosa bo’lmaydi lekin murosasiz siz mana buncha narsa yutqazasiz deyish kerak”,- deydi arbob.