Osiyolik musulmonlar uchun imkoniyatlar

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkning Bruklin tumanidagi Kingsboro o’quv yurtida yosh mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar va mavjud ish o’rinlari haqida ma’lumot beruvchi tadbir o’tkazildi. Taklif etilayotgan ish o’rinlarining aksariyati huquq muhofazasi organlaridan. Tadbirni Nyu-Yorkda asoslangan Xalqlar birdamligi kengashi tashkil etgan. Maqsad musulmon va osiyolik kam daromadli oilalarni qo’llab-quvvatlash.

“Tadbirning o’ziga xosligi shuki, unda shahar, shtat va federal tashkilotlardan vakillar kelishgan. Politsiya, Federal qidiruv byurosi va Maxfiy xizmat o’z faoliyati haqida so’zlamoqda. Yoshlar bunday tashkilotlar bilan cho’chimasdan, hech qanday bosim his qilmasdan bog’lana olishi kerak. Shunda ular qatoriga qo’shilishga ishtiyoqi bo’ladi”, - deydi tashkilotchilardan biri Muhammad Razvi.

Shtat va federal agentliklardan kelgan vakillar mavjud imkoniyatlar, ish o’rinlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

“Bunday tadbirlarda talabalar, yosh bitiruvchilar yirik davlat agentliklari haqida o’rganadi. Qanday ishlar borligi, nimalar qilishimiz haqida tasavvurga ega bo’ladi”, - deydi ulardan biri Matyu Fleming.

“Aynan Nyu-York yoshlarini qirg’oq va sohil bo’yi muhofazasiga jalb qilmoqchimiz. Ko’p hollarda nyu-yorkliklarning o’zi bunday ishlar borligini bilmaydi”, - deydi Qirg’oq muhofazasi agentligidan Jon Veyr.

Tadbirga kelganlarga huquq muhofazasi organlari haqida haqiqatda foydali ma’lumotlar tarqatildi.

“Menga o’xshagan qizlar, o’ranganlar ham shunday ishlarga muammosiz topshirishi mumkinligini o’rgandim. Bu tashkilotlar hamma uchun ochiq ekan”, - deydi talabalardan biri Amina Ibrohim.

“Raqobatni yoqtiraman. Bu agentliklarning bari bir-biri bn raqobatlasharkan. Ulardan birida ishlashni istayman”, - deydi yana bir talaba Abdulla Arshod.

Tadbir tashkilotchilari musulmonlar va davlat huquq targ’iboti organlari orasidagi bo’shliqni yo’qotishni istaydi.

“Bunday tadbirlar nafaqat yoshlar, shuningdek shtat va federal agentliklar uchun ham o’rganish jarayoni aslida. Masalan, shalvar yoki musulmoncha kiyinib yurgan har bir odam terrorist bo’lavermasligini, bu shunchaki milliy yoki diniy e’tiqodini ko’rsatuvchi kiyim ekanini ular ham o’rganadi”, - deydi Muhammad Razvi.

Xalqlar birdamligi kengashi bunday tadbirlarni 2011-yildan buyon har yili tashkil qiladi. Bu galgisida mingdan ortiq odam qatnashdi.