Prezident Barak Obama iqtisodiyotni oyoqqa turg’azishga qaratilgan muhim tashabbuslar bilan bugun Kongressga yo’l oladi.
Mamlakatda ishsizlik 10 foiz atrofida, o’sish to’xtab qolgan. Obamaning Demokratik partiyasi hamda muxolifatchi respublikachilar krizisni qanday yengish borasida tamoman boshqacha fikrda.
Obama taqdim etishi kutilayotgan reja 450 milliard dollarga teng soliq chegirmalari, mamlakat infratuzilmasini yangilashga qaratilgan loyihalar hamda mahalliy hukumatlarga ko’makni o’z ichiga oladi.
So’nggi bir yil ichida Amerikada ishsizlik 9 foizdan pasaygani yo’q. Bu degani Obamaning prezidentlikka qayta saylanishi qiyin bo’ladi.
Ishsizlarga kompensatiya, kichik bizneslarga soliq imtiyozlari berish, mamlakat bo’ylab eskirib borayotgan yo’llar, ko’prik va maktablarni ta’mirlash va shu orqali odamlarni ish bilan ta’minlash taklifi olg’a surilyapti.
Lekin 2010-yilgi saylovda Kongress teng ikkiga bo’lingan. Vakillar Palatasi respublikachilar qo’lida, Senatda esa demokratlar hukmron. O’ta tarang siyosiy muhitda biror tashabbus ovozdan o’tishi qiyin.
Demokrat rahbar bugungi nutqida muxolifatni hamkorlikka chaqirish bilan birga, xalq manfaati va mas’uliyat haqida ham eslatib qo’ymoqchi. Oq uy matbuot kotibi Jey Karni so’zlariga ko’ra, mamlakat ravnaqi bir yoqadan bosh chiqarishni talab qiladi.
“Prezident masalaga o’ta jiddiy yondashadi. Iqtisodiy ahvolni ijobiylashtira oladigan va har ikki partiyaga ma’qul, effektiv takliflar bilan chiqadi”, - deydi Oq uy rasmiysi.
Respublikachilarning ta’kidlashicha esa Obama boshliq hukumat 2008 yildan beri milliardlab dollar pulni havoga sovurdi.
“Prezident aybni muxolifatga, avvalgi ma’muriyatga yoki tabiiy ofatlarga to’nkayversin. Hukumat noshud ekani hammamizga ayon”, - deydi Senatda respublikachilar lideri Mitch Makkonell.
Partiyadoshlarining prezident Obamaga maslahati – dadil bo’ling, effektiv choralarni o’rtaga tashlang, Amerika dunyodagi siyosiy va iqtisodiy yetakchilikni qo’ldan boy bermasligini namoyish eting.
Prezidentlikka da’vogar respublikachi arboblar shtatma-shtat kezib, tanqidga zo’r berayapti. Ulardan biri Mitt Romni:
“Obama boshqaruvi ostida o’rtahol oilalarga juda qiyin bo’ldi. Prezident o’zi yomon odam emas, lekin iqtisodiyotga kelganda hech narsani eplay olmayapti. Bunday ishlarda umuman tajribasi yo’q”, - deydi u.
Yaqinda ta’tildan qaytgan Kongress a’zolari oldida murakkab masalalar turibdi. Jumladan, davlat qarzi va kamomad muammosi.