Tolibon Pokistonda xuruj qilib 80 kishini o'ldirgan

  • Amerika Ovozi

Shabaqadar, 13 may 2011

Osama Bin Laden o'ldirilganidan buyon "qasos" haqida ogohlantirib kelayotgan jangarilar Pokiston shimoli-g'arbida ikkita bomba portlatgan.

Xurujlar Charsada tumanidagi Shabaqadar harbiy inshooti oldida amalga oshirilgan.

Politsiya bergan ma'lumotlarga ko'ra, harbiy mashqlarni tugatib dam olishga otlanayotgan kadetlar avtobusga chiqayotganida birin ketin portlashlar ro'y bergan.

Kadetlarning barchasi va yana bir necha fuqaro halok bo'lgan. O'nlab odamlar jarohatlangan.

AQShning Pokistondagi elchixonasi hodisani qoralab, al-Qoida va uning hamkorlariga qarshi kurash davom etishini ta'kidladi.

Amerika kuchlari Abbotobod shahrida al-Qoida rahbariga qarshi operatsiya olib borib, uni o'ldirgani va bunda Pokiston roziligi olinmagani bu mamlakatda norozilik uyg'otgan.

Yuzlab odamlar namoyishga chiqib, Pokiston rahbarlaridan AQSh bilan harbiy va siyosiy aloqalarini qayta ko'rib chiqishni talab qilgan.

AQShni esa nahotki Osama Bin Laden poytaxt Islomobod yaqinida yillab yashaganini Pokiston hukumati bilmagan degan savol qiynamoqda.