Amerikada 46 million odam - kambag’al. Aholining 15 foizidan oshig’i. Eng qiyin jihatlaridan biri, deydi amerikaliklar, sog’liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishdir.
Shifokor Garrett Adams deydiki, bemorlarning aksariyati tibbiy xizmat uchun to’lay olmaydi.
Yaqinda AQSh Kongressi a’zolari oldida bu borada so’zlagan Adams qashshoqlik ba’zilar uchun o’lim hukmini anglatadi, dedi.
”Masalan Kentuki shtatidan Kley Morgan ismli tadbirkor saraton, rak bilan olishayotgan edi. Biznesi bankrot bo’ldi. Kasallik yanada avj oldi. Bemor tushkunlikka tushdi. Oilasi yanada qarzga botishini xohlamadi-da, hayotiga qasd qildi”.
Og’ir kasalliklar u yoqda tursin, hatto oddiy tibbiy ko’rik ham bemorga minglab dollarga tushishi mumkin. Saraton singari balolar esa muntazam muolaja talab qiladi. Bemorlar yiliga yuzlab ming dollar to’lashi kerak bo’ladi.
Tibbiy sug’urta bu xarajatlarni qoplashi mumkin, ammo u ham oyiga yuzlab dollar degani.
Odamlarning og’irini yengil qilish uchun kurashayotgan nodavlat tashkilotlar va bepul klinikalar ko’p.
2010 yilda 50 million amerikalik tibbiy sug’urtasiz yashagan. Ishsizlik darajasi 9 foizdan oshiq ekan, bugun vaziyat undan-da murakkab.
Qo’shma Shtatlarda ishlaydigan odam aksariyat hollarda tibbiy sug’urtani ishxonasi orqali oladi. Ammo iqtisodiy inqiroz boshlanganidan buyon xodimlariga bunday imtiyoz taklif qiladigan kompaniyalar kamayib ketdi. Qonun ulardan sug’urta berishni talab qilmaydi.
Barak Obama prezidentlikka kelishi bilanoq sog’liqni saqlash sohasida islohotlar boshladi.
Iqtisodiy siyosat instituti direktori Elis Guld fikricha ularning samarasi sezilmoqda.
”Bugun yosh ishchilar ham sug’urta bilan ta’minlanmoqda. Yana bir imkoniyat - 26 yoshgacha bo’lgan shaxs ota-onasining sug’urtasidan foydalanishi mumkin”.
AQShda 4 kishidan iborat oilaning yillik daromadi 22 ming dollardan past bo’lsa, ular qashshoq hisoblanadi.
Rasmiy statistikaga ko’ra, sug’urtasi bo’lmaganlarning uchdan bir qismi shunday. 2010 yilda qashshoqlar soni 15,1 foiz, 2009 yilda esa 14,3 foizda bo’lgan.
Yana bir shifokor Tim Xalsi AQShda kambag’allar ko’p bo’lsa-da, ular bepul tibbiy yordam olish imkoniga egaligini qayd etadi.
Bepul kasalxonalar, gumanitar tashkilotlar, beg’araz yordam ko’rsatadigan shifokorlar talay, deydi u.
”Kambag’allik o’lim degani emas, imkoniyatlarni topish kerak xolos”,- deydi doktor.
Tibbiy sug’urtasi bo’lmaganlarning hammasi ham kambag’al emas.
Ma’lumotlarga ko’ra, sug’urtalanmagan 50 million amerikalikning beshdan bir qismi yiliga 75 ming dollardan ko’proq daromad qiladi.