Kongress saylovlari - 2018: Hindu ayollar nomzodi

  • Amerika Ovozi

AQSh Kongressida tub aholi vakillarini ko'p uchratmaysiz. Senatda atigi uch nafar, Vakillar palatasida esa hindularning soni 20 nafarga ham bormaydi. Bu yilgi Kongress saylovlarida ulardan uch ayol nomzod bor.

Debra Xaalend 57 yoshda. Demokrat. San-Filip-Pueblo shahridan. AQSh Kongressida Nyu-Meksiko shtatining 1-kongress okrugi vakili bo’lish harakatida.

Barak Obamaning 2012-yilgi saylov kampaniyasi paytida Nyu-Meksika shtatida hindu saylovchilar bilan ishlagan. Debra Xaalend hindularning 60 foizini ovoz berishga jalb qilgan. Shulardan 90 foizi Obamaga ovoz bergan.

Nomzod Nyu-Meksika shtatida Demokratik partiya sho'basini boshqarayotgan birinchi hindu ayol. 2014-yilda u Nyu-Meksika gubernatori o’rinbosari lavozimini respublikachi nomzodga boy berdi.

Xaalend Prezident Donald Trampning ashaddiy tanqidchisi. Huquqshunos sifatida Trampning immigratsiya siyosatini tan olmaydi.

“Deportatsiyadan titrab turgan har bir muhojirga yordam qo’lini cho’zishga tayyorman. AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati bor kuchi va e’tiborini muhojir jamoalarga qaratib, oilalarning bo’linishiga olib kelmoqda. O’zim ham hukumat siyosati tufayli bo’linib qolgan oilalar orasida o’sganman, vaziyatni yaxshi bilaman. Bu holatni to’xtatish kerak”, - deydi Debra Xaalend.

Sharis Deyvids 37 yoshda. Demokrat. Viskonsin shtatidagi Xo-Chank qabilasi a’zosi.

Yoshlarni liderlikka tayorlash davlat dasturi asosida u 2016-yilda Transport vazirligida tajriba orttirgan.

Deyvids jamiyat rivojiga hissa qo’shayotgan hujjatsiz muhojirlarni qo’llab-quvvatlash niyatida. Shuningdek, tabiiy boyliklar muhofazasi, qurol va xavfsizlik masalalariga e’tibor qaratishni istaydi.

Iv Reyez-Agirre 42 yoshda. Arizona shtatining Finiks shahridan. Avlodlari meksikalik. Yashillar partiyasidan Senatga saylanmoqchi. U maxsus manfaatli guruhlar yoki yirik korporatsiyalardan saylov kampaniyasi uchun pul olishdan bosh tortadi. O’zini noan'anaviy siyosatchi deb biladi.

Reyez-Agirrening aytishicha, AQSh hukumati immigratsiyani tartibga solishda siyosatini qayta ko’rib chiqishi kerak.

“Muhojirlarning aksariyati janubdan, Meksikadan kelmoqda. AQSh-Meksika devorini qurish - yarani yopib qo’yishday gap. Aslida muammoning ildiziga e’tibor qaratish kerak. Bu muhojirlar o’z vatanidagi zo’ravonliklardan qochib kelayapti. Men ularni iqtisodiy muhojirlar deb ham atayman, chunki ular AQSh korporatsiyalari foyda ko'rayotgan savdo kelishuvlaridan zarar ko'rmoqda”, - deydi nomzod ayol.

2018-yil Kongress saylovlarida nomzodlar Vakillar palatasidagi barcha 435 ta o’rin hamda Senatdagi 34 o’rin uchun bellashadi. Tahlilchilarga ko’ra, bu jarayon Prezident Tramp va uning konservativ qonunchilik faoliyati uchun jiddiy sinov sifatida ko'rilmoqda.