Putinning pardozlangan qiyofasi internet oldida ojiz

  • Jeyms Bruk

Rossiyada Vladimir Putin yana rahbarlikka saylandi, ammo prezidentlik uchinchi bor ancha boshqacha bo’lishi mumkin. Putinning pardozlangan qiyofasi internet oldida ojiz.

Internetda qo’yilgan video-rolikda Vladimir Putin sud zalida, temir qafas ichida o’tirganini ko’rasiz. Qariyb bir minutli soxta xabarni “YouTube” ommabop saytida uch million odam ko’rgan. Global tarmoq hech kimga rahm qilib o’tirmaydi.



Jurnalist Konstantin von Eggert deydiki, internet jamiyatda o’rnashib qolgan taqiqlarni olib tashladi. Putinning qudratli, bilimdon va daxlsiz degan imidjini yo’qqa chiqarmoqda.

Bugun Rossiya aholisining yarmi internetda. Putin 2008-yili prezidentlikdan ketayotgan paytda unday emas edi.

Global tarmoqni jilovlash uchun Kreml katta kampaniya boshlagan. Tojikistonlik estrada xonandasi Tolibjon Qurbonxonovning Vladimir Putinni maqtab kuylagan “VVP” qo’shig’i…



O’ziga rom etuvchi qo’shiqlardan endi qo’rqinchli ssenariyalarga o’tsak… Namoyishlarda yangragan “Putinsiz Rossiya” shiorini Kreml quyidagicha talqin etadi:

“Tasavvur qiling Putin yo’q, bir oy ichida 200 partiya tuzilgan, parlament tarqatib yuborilgan”, - deya hikoya qilinadi “YouTube” da qo’yilgan vahimali reklamada:



“Liberal kuchlar va millatchilar mamlakatni bo’lib oladi. G’arb Rossiyaga haqiqiy demokratiya keldi deya jazavada. Muxolifat yetakchilari va ularning qarindoshlari yirik bizneslarni bo’lib olgan va Rossiyaning yadro qurollarini ixtiyoriy ravishda AQShga berib yuborgan. Ko’p o’tmay NATO qo’shinlari Kaliningradni bosib oladi, Xitoy esa Sibirni. Vladivostok Yaponiya qo’liga o’tadi. Inflyatsiya oqibatida rubl bir parcha qog’ozga aylanadi. Rossiya bo’ylab anarxiya. G’arb davlatlari oxir-oqibat muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyni Tinchlik uchun Nobel mukofotiga ko’rsatadi”.

Xullas internet, deydi jurnalist von Eggert, siyosiy mubohasani hamma uchun ochib berdi.

“Hukumat omma fikrini boshqara olmay qoldi, o’z fikr-qarashlarini fuqaro ongiga o’tkaza olmayapti”, - deydi u.

Rossiya ahli bugun korrupsiya haqida eng ko’p shikoyat qiladi, biroq davlat televideniyesida bu mavzu ehtiyotkorlik bilan yoritiladi. Internetda esa qiziqadigan odamga hamma narsa muhayyo – masalan, “Haqiqiy Putin” sarlavhali hujjatli filmda uning so’nggi 12 yilda qilgan ishlari, unga yaqin odamlarning hashamatli saroylari-yu yaxtalarini tomosha qilish mumkin:

Vladimir Putin tanqid qilib chiqayotganlarning hammasi olifta shaharliklar degan ayblovlarni inkor etib, oppozitsiya ikki harbiy ijro etgan quyidagi qo’shiqni misol qilib keltiradi.

“Putin, sen hamma qatori oddiy insonsan, Xudo emassan. Yolg’onlardan to’ydik, qalloblik va o’g’rilikka ortiq chidab o’tirmaymiz”, - deyiladi bu qo’shiqda.

Shu yili may oyida Vladimir Putin Kremlga qaytadi. Ammo internet bor ekan, ko’p narsadan xabardor, gapga laqqa tushmaydigan xalqni boshqarish oson bo’lmaydi.