Rossiyada parlament saylovlari kutilmaganda Bosh vazir Vladimir Putinga pand berdi. Davlatni 10 yildan oshiq boshqargan bu qudratli arbobning partiyasi - "Birlashgan Rossiya" 50 foizdan kam ovoz olgan.
So'nggi natijalar yangi parlamentdagi o’rinlarning to’rtdan bir qismi muxolifatga o'tishini ko’rsatmoqda.
Dumada 450 o’rindan 238 tasi “Birlashgan Rossiya” niki. Holbuki, 2007-yilgi poygada bu partiya 315 deputatlik mandatini qo’lga kiritgan edi.
Muxolifat nazarida bu raqamlar ham oshirib ko’rsatilmoqda.
Parlamentdagi o’rinlarning uchdan ikki qismi Putin partiyasiga o’tsa, hokimiyat “Birlashgan Rossiya”niki bo’lar edi hisob. Konstitutsiyani tuzatish uchun partiyaning qarori yetarli bo’lar edi.
Kommunistlar, liberal-demokratlar va “Odil Rossiya” bu galgi saylovlarda salmoqli ovoz to’plab, hukmron partiya endi ular bilan hisoblashishga majbur bo’ladi.
Xususan, Kommunistik partiya 92, "Odil Rossiya" 64, Liberal-Demokratlar 56 o'rinni qo'lga kiritgan.
Oxirgi to’rt yilda mamlakatdagi vaziyat o’zgardi. Iqtisodga global inqiroz ta’sir qildi.
Rossiya ahli hayot og’ir deya shikoyat qiladi. Ular poraxo’rlik, boy va kambag’allar o’rtasidagi tafovutning chuqurlashayotgani va avtoritar hokimiyatdan norozi.
Davlat televideniyesining ma’lum qilishicha, ovoz beruvchilarning yarmidan ko’pi “Birlashgan Rossiya”ni emas, balki boshqa partiyalarni afzal ko’rgan.
Prezident Dmitriy Medvedev deydiki, saylov natijalari xalq kayfiyatini aks ettiradi.
Putin esa barqarorlik va taraqqiyotga urg'u berib, Rossiya hozir ketayotgan yo'ldan qaytmaydi deydi.
Biroq tahlilchilar fikricha, bosh vazirning umidlari puchga chiqqani aniq, chunki uch oydan so’ng u prezident saylovida qatnashadi va g’alaba qozonishga umidvor.
Moskvada saylovchilarning ko’pchiligi “Odil Rossiya” muxolif partiyasi uchun ovoz bergan.
Poytaxt markazidagi saylov uchastkalarining birida Aleksandr Arxipov “Odil Rossiya” ni afzal ko'rganini aytdib, partiyalarni yangilash payti yetdi, deydi.
“Putin 2024-yilgacha prezidentlikka saylanmoqchi. Muxolifat kuchli bo’lsa, bunga yo’l qo’ymaydi”, - deydi u.
Saylov uchastkalari yopilganidan so’ng muxolifat qonunbuzarliklar kuzatilgani va hukumat ommaviy axborot vositalarini nazorat qilganini ta’kidladi.
Saylovning ilk natijalari bo’yicha ikkinchi o’rinni egallagan Kommunistlar patiyasi nazarida qonunbuzarliklar ommaviy tus olgan.
Mustaqil matbuot vebsaytlari va “Golos”, mamlakatdagi yagona mustaqil kuzatuvchi tashkilot sahifasiga hujum uyushtirilgan.
“Exo Moskvi” radostansiyasi bosh muharriri Aleksey Venediktov ham internet xurujlaridan shikoyat qilmoqda.
Bundan bir hafta oldin Putin “Golos” tashkilotini sotqin deya ta’riflagan edi.
Davlat televideniyesi orqali tashkilot haqida 30 daqiqalik tanqidiy dastur efirga uzatildi. Bojxona rasmiylari esa bu muassasa rahbari Liliya Shibanovani hibsga olib, uning kompyuterini musodara qilgan va keyinroq uni qo'yib yuborgan edi.
Shunga qaramay, tashkilotning 2500 xodimi saylovlarni kuzatishga muvaffaq bo’ldi.
Ularga bo’sim ko’rsatilgani, saylovda qatnashmaganlar o’rniga boshqa odamlar ovoz bergani aytilmoqda.
Shuningdek, kuzatuvchilarga ko’ra, ayni odamlar bir saylov uchastkasidan boshqasiga avtobuslarda olib borilgan va qayta-qayta ovoz berishga undalgan.
Kasalxona rahbarlari shifokor va hamshiralarni, universitet o'qituvchilari talabalarni, zavod direktorlari ishchilarni “Birlashgan Rossiya” partiyasi uchun ovoz berishga undagan.
Bunday hollar tasvirlangan videolar internetda.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilari ham qoidalar buzilgani va bunday harakatlar "Birlashgan Rossiya" foydasiga sodir etilganini aytadi.
Jarayon xolis emasdi, ovozlarni sanashda xatolarga yo'l qo'yildi, saylov qutilari atayin ochilmaydigan qilib tashlandi, dedi tashkilot rasmiylari.