Rossiyada 12 kunlik yangi yil ta’tili tugab, hukumat ishga qaytdi. Lekin Bosh vazir Vladimir Putin siyosati va o’tgan oygi parlament saylovlariga qarshi namoyishlar tingani yo’q.
"Putin ketsin, Rossiya undan to'ydi", - degan hayqiriqlar yangramoqda.
Bosimga qaramay muxolifat islohot va o’zgarish talabini olg’a surmoqda.
Oppozitsiya lideriga aylangan Vladimir Rijkov bir kunda kamida besh axborot vositasiga intervyu berib, mamlakatidagi vaziyatni tushuntirmoqda.
Namoyishlarni to’xtatmaslik kerak, deydi u.
“Biz yanada kattaroq chiqishlar tashkil qilmoqchimiz. Ko’p emas, hajm jihatdan yirik, siyosiy samara beradigan yig’inlar uyushtirmoqchimiz”,- deydi Rijkov.
Rijkov yolg’iz emas. Ommaviy chiqishlardan bir oy oldin “Facebook” orqali 15 ming fuqaro ularda qatnashish niyatida ekanini bildirgan.
Yangi yil arafasida o’tkazilgan so’rovda, har ikkinchi shaxs namoyishlar to’xtamaydi deb aytgan. Ko’pchilik nazarida siyosiy vaziyat hali-beri yaxshilanmaydi.
So’rovda qatnashganlarning atigi 36 foizi 4-mart kuni o’tadigan prezident saylovida Vladimir Putinga ovoz bermoqchi. 2004-yilda unga saylovchilarning 71 foizi ovoz bergan edi.
Moskvadan turib, tahliliy maqolalar yozadigan amerikalik sharhlovchi Sam Grinning kuzatishicha, Kreml jamoatchilik bugun undan norozi ekanini yaxshi biladi va sezib turibdi.
"Qanchalik harakat qilishmasin, turli tashkilotlar, masalan, “Birlashgan Rossiya” degan bloklar tuzib, odamlarni o’ziga qaratishga urinmasin, ular xalq ko’ngliga yo’l topa olmadi. Saylovchilar bu hukumatdan to’ygan”,- deydi Grin.
Ta’til paytida Putin deyarli ko’zga ko’rinmadi, lekin yangi yil tabrigida u muxolifatni zaif va ishonchsiz deya ta’rifladi.
Parlament saylovlari va prezident tanlovi ahamiyati haqida gapirar ekan, Putin demokratiyaning salbiy jihatlari bor deya bugungi siyosiy tuzumni oqlashga urindi.
Rahbarlikdan 12 yildan beri tushmay kelayotgan Putin muxolifat bilan ishlashni Aleksey Kudrin, sobiq moliya vaziri zimmasiga topshirgan.
Kudrin oppozitsiyani muloqotga, parlament saylovlarini qayta o’tkazishga va saylov komissiyasi raisi Vladimir Churovni ishdan bo’shashga chaqirdi.
Ammo muxolifat yetakchisi Vladimir Rijkov fikricha, Kudrin Kreml uchun muammoni hal eta olmaydi.
7-yanvar, Pravoslav Rojdetsvo kuni, Rossiya patriarxi Kirill xalqni birdamlikka, hukumatni esa namoyishchilar dardiga quloq tutishga undadi.
Patriarx dediki, agar Rossiya rahbarlari norozi fuqaroni eshitmasa, bu hol hukumat o’zgarishga qodir emasligini anglatadi va bu Rossiyada ahvol juda, juda salbiy ekani alomati.
Patriarx tarixga ishora qilib, Rossiyada hukmdorlar ommaviy chiqishlarga e’tibor bermaganida, radikal kuchlar bundan foydalangan va kommunizmdek mafkura hokimiyatga kelgan edi, dedi.
Patriarx Kirill fikricha, agar kommunistik inqilob yuz bermaganida, Rossiya bugun har jihatdan qudratli, aholisi ko’p, taraqqiy etgan jamiyat bo’lar edi.
Ko’zga ko’ringan yana bir ulamo Vsevolod Chaplin ham Kremlni xalq talabiga bo’yin egishga undamoqda. Aks holda, deydi u, hukumat tiriklayin yeyiladi.