Putin prezidentligining birinchi yili. Rossiyada namoyishlar

  • Amerika Ovozi

Moskvada namoyishlar. 6-may 2013.

Bundan bir yil avval, 7-may kuni Vladimir Putin Rossiyaning yangi prezidenti sifatida Kremlga qaytdi. Buni minglab odamlar ko’chalarda norozilik bilan kutib oldi. O’tgan bir yil davomida Rossiya siyosiy sahnasida nimalar ro’y berdi?

Your browser doesn’t support HTML5

Putin va Rossiya, Behzod Muhammadiy


O’tgan yili Putin inaguratsiyasiga qarshi namoyishga chiqqan fuqarolar Moskvada politsiya bilan to’qnashgan edi.

Shundan beri o’tgan bir yil ichida inson huquqlari borasida biror ijobiy o’zgarish yuz bergani yo’q. Putin olti yillik hokimiyatining dastlabki yilida muxolifatni qattiq bosim ostida tutdi. Tartibni saqlash uchun ko’chalarga kazaklar chiqdi.

Moskvadagi Oliy Iqtisod maktabining xalqaro munosabatlar bo’yicha professori Dmitriy Suslov Rossiyada siyosiy erkinliklar jiddiy cheklanishda davom etayotganini aytadi.

“Taktika quyidagicha: hibsga olish, qamash, faoliyatdan chetlashtirish, xorijga haydash kabi uslublar orqali muxolifatni yo’q qilish, namoyichshilar harakatini bostirish”, - deydi u.

Kremlning birinchi nishoni “Pussy Riot” qizlar rok-guruhi bo’ldi. Uch yosh xonanda cherkovda Putin haqida tanqidiy qo’shiq aytgani uchun hibsga olindi, sud hukmi bilan har biri ikki yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Endi navbat Rossiyadagi mashhur muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyga kelgan ko’rinadi. U Moskvadan 1000 kilometr uzoqlikdagi kichik shaharchada sud qilinmoqda.

Muxolifat a’zosi Vladimir Rijkov Putin prezidentlikka qaytganidan buyon erkinliklar jiddiy cheklanganini aytadi.

“Duma namoyishlarni va matbuot erkinligini, shuningdek, Rossiya pravoslav cherkoviga qarshi tanqidni cheklaydigan qator qonunlar qabul qildi”, - deydi u.

Bugunga kelib namoyishlar ko’lami ancha kamaygan.

Biroq hukumat repressiv siyosatini davom ettirmoqda. Chetdan moliyaviy yordam oluvchi nodavlat tashkilotlari xorij agenti deya tamg’alanmoqda.

“Memorial” inson huquqlari tashkiloti raisi Aleksandr Cherkasovning bildirishicha, o’tgan oyda rasmiylar tashkilotdan 9000 sahifalik hujjatlarni taqdim etishni talab qilgan.

"Ular bizdan tashkilotni xorij agenti deb e’lon qilishimizni talab qilyapti", - deydi Cherkasov.

Ammo Putin tarafdorlari bunday iddaolar asossiz ekanini aytadi.

“Qonunlar fuqarolik jamiyatini aslo cheklamaydi. Rossiyaliklar partiya tuzish, erkin fikr bildirish imkoniga ega”, - deydi Kreml tarafdori bo’lgan “Yosh gvardiya” guruhi yetakchisi Yekaterina Stenyakina.

Muxolifat esa endi taktikasini o’zgartirmoqda. Ommaviy namoyishlar uyushtirish o’rniga ayrim partiyalar kelasi ikki yil davomida turli darajada bo’lib o’tadigan saylovlarda o’z nomzodlarini ilgari surib, g’alaba qozonish ilinjida.

“Demokratik Tanlov” yangi muxolifat partiya raisi Vladimir Milov ham shunday strategiya tarafdori.

“Agar kuchli partiya yoki mer lavozimiga nomzodlar bo’lsa, ular saylovda qatnashib, saylovchilar ovozini olsa, hukumatdagilar, hatto saylov natijasining 10-15 foizini soxtalashtirganda ham, mag’lubiyatga uchrashi aniq”, - deydi u.

Putin uchun qiyin davr boshlanayotgan ko’rinadi. Rossiya neft va gaz eksporti hajmi pasaymoqda. Joriy yilda iqtisodiyotda o’sish umuman kuzatilmasligi mumkin. Vaholanki, Putin Kremlga qaytganida rivojlanish besh foizdan kam bo’lmasligini va’da qilgan edi.