Yaqin sharqlik qochqinlar Yevropaga Rossiya shimoli orqali o'tmoqda

  • Amerika Ovozi

Qochqin va muhojirlar Rossiya-Norvegiya chegarasi yaqinidagi Nikel shahrida. 30-oktabr 2015-yil

Mana bir necha oydirki, Yaqin Sharqdan O’rta dengiz orqali Gretsiya va Italiya sohillariga qochqinlar yopirilib kelayapti. Ammo ayrim qochqinlar Yevropa o’tishning boshqa yo’lini topgan ko’rinadi: Rossiya shimoli orqali Norvegiyaga.

Murmansk aeroportida yo’lovchilar ko’p. Moskvadan kelgan reys. Ko’pi yupun kiyingan, shimol sovuqlaridan qaltirayapti.

“Biz do’zaxdan keldik”, - deydi Tomasi. U Yaqin Sharqdan Rossiya orqali Norvegiyaga yo’l olayotgan qochqinlardan.

Ayrimlar mojaro va zo’ravonliklardan to’yib, bosh olib ketmoqda. Boshqalarni vatanidan ishsizlik va iqtisodiy qiyinchiliklar quvgan. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda “Arktika orqali yo’l bor ekan” degan xabar tarqalib, bu odamlar Rossiyaga oshiqayapti. Oxir manzil esa – Yevropa. Aftidan, u yerga yetaman deganlar qiyinchiliklardan cho’chimaydi.

“Eshitishimcha, bu yerda, aeroportda avtomobil va velosipedlari bor odam bor ekan. Qochqinlar velosiped zarur matoh ekanini yaxshi biladi”, - deydi u.

Bu yeri qiziq: Rossiya qonunlariga ko’ra, chegarani piyoda kesib o’tish man qilingan. Norvegiya qonunlari esa muhojirlarni chegaradan mashinada olib o’tadiganlarga jarima soladi. Demak, yagona transport vositasi – velosiped.

Shu-shu Rossiya shimoli-g’arbida eski velosipedlar bozori chaqqon bo’lib qoldi. Kichikmi yoki katta, eskimi yoki yangi - bariga xaridor topiladi.

“Velosipedlarni tekinga berib yubormaymiz-ku, to’g’rimi?” - deydi Kirill ismli rus yigiti. U odamlarni Murmanskdan Norvegiya chegaragasicha tashiydi. “Biz ularga yordam beramiz, yo’qolib qolmasligi uchun. Birov aldamasin, deymiz”.

Uch soatlik yo’l. Atrof sovuq, daraxt kam o’sadi. Onda-sonda harbiy bazalar, chegara punktlari uchraydi. Yo’l-yo’lakay qochqinlar Nikel konchilar shaharchasidan o’tadi.

Shahardagi bitta-yu bitta mehmonxonada afg’onlar, misrlik, falastinlik va iroqliklar tunab qoladi. Tashqarida turgan kichkina avtobuslarga velosipedlar ortilgan.

“G’irt ahmoqona gap. Qayoqdagi velosipedga 200 dollar to’ladim. Boring, 10-20 dollar bo’lsin! Lekin 200 dollar emas-da!” – deya hunob bo’ladi Nabil. U Tunisdan.

Vatanidagi terror xurujlari oqibatida turizm sohasi ayanchli ahvolga kelganidan, o’tgan yili Sankt-Peterburgga ko’chib keldi. Ertaga chegaradan o’tmoqchi. Keyin-chi? U yog’ini vaqt ko’rsatadi, vaziyatga qaraymiz, deydi yigit.

“Norvegiyaga boraman. Pasportimni ko’rsatib, rostini aytaman, yangi hayot boshlamoqchiman, deyman”, - deydi Nabil.

Norvegiya odamlarga himmat ko’rsatayotganday. Shu kungacha 2000 muhojirga qochqin maqomini berdi. Lekin chegaradagi Kirkenes shahriga joriy yil oxirigacha yana 10 ming odam kelishi kutilmoqda. Bu esa mintaqa aholisi ikki baravar ko’payadi degani. Norvegiyaliklarning mehmondo’stligi qanchaga yetar ekan? Shahar meri Rune Rafaelson bunday jarayon ortida Kreml turibdi, degan fikrda.

“Rossiyaga qarshi sanksiyalarni amalga oshirishda Norvegiya juda faol. Endi rossiyaliklar bizdan o’ch olyapti”, - deydi mer.

Qo’shni Finlyandiya Rossiya bilan azaldan yaxshi munosabatlarga. U yerga borayotgan migrantar ham unchalik ko’p emas, deydi Rafaelson.

“Biz qo’limizdan kelganicha yordam beramiz. Ammo Putin va Rossiya hukumati bunday vaziyat davom etishi mumkin emasligini tushunsin, deymiz. Bu adolatdan emas. Putin Norvegiyaga nisbatan to’g’ri harakat qilmayapti. Biz xalqaro huquq tamoyillaridan kelib chiqqan holda kelayotgan muhojirlarni ortga qaytarishimiz mumkin. Albatta, agar ular Halabdan kelgan bo’lsa, boshqa gap. Bundaylarni himoya qilamiz”, - deydi novergiyalik rasmiy.

28 yoshli Samir uchun xush xabar bu. Suriyalik yigit Halabdan qochib, viza bergan yagona mamlakat - Rossiyaga kelgan. Rus tilini o’rgandi, ammo siyosiy boshpana haqidagi hujjatlarni to’g’rilay olmadi. Norvegiyaga kelish imkoniyati paydo bo’lganida, suyundi. Lekin rossiyalik taksist Samirni aldab, pulini oldiyu, chegaraga 60 kilometr qolganida, tashlab ketdi.

Samir o’zi chegaragacha kelishga majbur bo’ldi. Shunga qaramay, omadim bor ekan, deydi.

“Pochcham Turkiyadan qayiqda yo’lga chiqdi. Hammasi bo’lib 1200 dollar sarfladi. Mening mashaqqatlarim arzonroq”, - deydi Samir.

Kirnekesda qochqinlar lagerida vaqtincha qolayotgan Nabil Norvegiyaga olti oylik vizasini ko’rsatib og’zini katta ochib kuldi, sakradi. Bir necha kun o’tgach u chegaragacha taksida yetib oldi, so’ngra velosiped minib, Norvegiyaga o’tdi. U yerdagi rasmiylar Nabil yo’l xavfsizligi qoidalarini buzgani uchun velosipedini olib qo’yishdi.

“Sovuq ekan... Lekin baribir bu yer yaxshi. Nihoyat, Norvegiyadaman. Zo’r mamlakat. Juda tinch, sokin. Uylarga qarang. Chiroyli. Sodda va go’zal”, - deya quvonadi u.

Shu yerda qishdan chiqib olmoqchi u. Kunlar isiganda esa yangi velosiped sotib oladi va atroflarni maza qilib aylanadi. Niyati shu.