G’arb davlatlari rahbarlari Ikkinchi jahon urushidagi g’alabaning 70-yilligi munosabati bilan Moskvada o’tkaziladigan paradda qatnashmaslikka qaror qildi. Sabab – Rossiyaning Ukraina siyosati.
Biroq Xitoy Prezidenti Si Zinpin va Osiyodan boshqa rahbarlar Kreml taklifini qabul qilgan. G’arb bilan Rossiya o’rtasidagi aloqalar taranglashgan bir paytda Rossiya Sharqqa boqmoqda. Buning ortida nafaqar ideologik, balki iqtisodiy sabablar bor, deydi tahlilchilar.
Biroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uchun Osiyo davlatlari rahbarlarining tantanalardagi ishtiroki muhim, deydi Moskvadagi Karnegi tadqiqotlar markazidan Aleksandr Gabuyev.
“9-may paradi Putin uchun mamlakat ichida o’z obro’sini oshirish va xalqaro sahnada yakkalanib qolmaganini namoyish qilishda katta ramziy ahamiyatga ega,” - deydi u.
Moskva Shimoliy Koreyaning ilk bor xorijga chiqmoqchi bo’lgan rahbari Kim Chen Unga mezbonlik qilmoqchi edi, lekin Koreya tarafi Rossiyaga quyiroq pog’onadagi rasmiylarni yuborishga qaror qildi.
Shunga qaramay, ikki davlat orasidagi iqtisodiy hamkorlik chuqurlashmoqda. Pxenyan Sovet davrida orttirgan qarzini Rossiyaga qaytarib bo’ldi. Endi esa 2020-yilga qadar mamlakatlararo savdo-sotiq hajmi bir milliard dollarga yetishi mumkin, deydi Rossiya-Shimoliy Koreya Biznes kengashi rahbari Vitaliy Survillo. Biroq hozirda savdo hajmi ancha kichik, e’tirof etadi u.
“Hozircha uncha katta emas, ammo so’nggi paytda, xususan 2013-2014- yillarda katta sur’atlar bilan o’sdi. Bu yil ham shunday bo’ladi, degan umiddamiz,” - deydi u.
Shimoliy Koreya Xitoy bilan birgalikda Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni qo’llab-quvvatlamagan. Moskvaning Pekin bilan aloqalari katta ahamiyat kasb etmoqda, deydi Gabuyev.
“AQShning yaqin hamkorlari Yaponiya va Janubiy Koreya bilan aloqalar murakkablashgan davrda Xitoy eng katta hamkorga aylandi. Rossiya va G’arb o’rtasidagi ziddiyat qancha uzoq davom etsa, Rossiya va Xitoy aloqalari ham shuncha mustahkam bo’ladi”.
O’tgan yili G’arb Rossiyaga nisbatan sanksiyalar kiritganidan ko’p o’tmay Moskva Pekin bilan tabiiy gaz savdosiga doir 400 milliard dollarlik shartnoma imzolagan edi.
Prezident Putin uchun eng muhimi iqtisod.
“Rossiyaning Yevrosiyodagi joylashuvi uni G’arb va Sharq sivilizatsiyalarini birlashtirishdagi asosiy kuch sifatida belgilaydi. Shu bois biz Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan aloqalarni chuqurlashtirmoqchimiz, iqtisodiy va investitsion hamkorlik hamda erkin savdo zonasini barpo etishda faol rol o’ynaymiz,” - deydi u.
Siyosiy ziddiyatlarga qaramay, Rossiyaning G’arb bilan savdo aloqalari hamon jadal. Yevropa Ittifoqi Rossiyaning eng yirik savdo sherigi. Rossiya savdo-sotiq hajmining yarmi aynan Yevropa ulushi.