Kreml Yevropaga qo’shilmoqchi bo’lgan davlatlar jilovini tortib qo’yayapti

  • Amerika Ovozi

Ukraina politsiyasi Yevropa Ittifoqiga qo'shilishni talab qilgan namoyishchilarni maydondan haydab yubordi.

Ukraina Rossiya qistovi bilan Yevropa Ittifoqiga qo’shilmaslikka qaror qilganidan keyin tahlilchilar Moldova va Gruziya ham Kreml bosimi ostida Yevropadan uzoqlashadimi, deya xavotir bildirmoqda.

Yevropa Ittifoqiga a’zo 28 davlat rahbarlari Litva poytaxti Vilnyusda olti sobiq sovet respublikasi rasmiylari bilan uchrashmoqda.

Ulardan ikkisi – Belarus va Ozarbayjon ittifoq bilan erkin savdo va siyosiy hamkorlik to’g’risidagi bitimni imzolamoqchi emas.

Ukraina va Armaniston ham Rossiya bosimi ostida fikridan qaytdi. Faqat Moldova va Gruziya Moskva nima deyishidan qat’i nazar Yevropa bilan yaqinlashish niyatida.

Ammo barcha sobiq sovet respublikalariga saboq bermoqchiga o’xshayotgan Kremlning Kiyevga bosimi davom etmoqda. Rossiya bosh vaziri muovini Dmitriy Rogozin agar Ukraina Yevropa Ittifoqi doirasiga kiradigan bo’lsa qator shartnomalar, shu jumladan fazo va mudofaa sohalaridagi kelishuvlar bekor qilinadi, deya ogohlantirdi. Prezident Vladimir Putin esa Ukraina Rossiya banklariga 30 milliard dollar qarzdor ekanini eslatib qo’ydi.

Xo’sh, endi navbat Moldova va Gruziyagami?

Olti davlatning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalariga bag’ishlangan tadqiqotga mualliflik qilgan Pavel Vishnyovskiy so’zlariga ko’ra, Kreml sovet davrida qurilgan gaz quvurlari yordamida mintaqa mamlakatlariga bosim o’tkazadi.

“Energetika masalasini ko’tarish Rossiya uchun eng oson yo’l, ular doimo shundan foydalanib kelgan. Belarus, Armaniston va Ukraina misolida ham shuni ko’rdik”, - deydi ekspert.

Shu hafta Vladimir Putin 2019-yilgacha imzolangan kelishuvga muvofiq Ukraina Rossiyadan sotib olingan gaz uchun 1 milliard dollardan oshiq pul to’lashi kerakligini yodga soldi. O’tgan oy Moldovaga gaz ta’minotini to’xtatamiz deb dag’dag’a qilingan. Pavel Vishnyovskiy fikricha, endi Kreml Moldovaga bosimni oshiradi.

Moldova zaif pozitsiyada. U yerdagi kommunistlar partiyasi g’arbparast partiyalar bilan koalitsiyaga kirgan. Rossiya Moldovaning Pridnestrovye hududini nazorat qiladi.
Ammo Rossiya fanlar akademiyasi olimasi Nadya Arbatova fikricha, Moldova hech qachon NATOga qo’shilish istagini bildirmagani bois Kremlning eng asosiy talabini buzmagan.

“Moldova boshqalardan farq qiladi. U boshdanoq betaraf siyosat olib borishini e’lon qilgan. Oqibatda uning NATO tashkilotiga qo’shilishi masalasi hech ko’tarilmagan. Bundan tashqari, menimcha, Moldova siyosatida keskin o’zgarish bo’lmaydi. U Yevropa bilan yaqinlashishda davom etadi”, - deydi Arbatova.

Yana bir mutaxassis Kirill Entin bu fikrga qo’shilmaydi, chunki Yevropa Ittifoqiga kirgan davlat odatda ko’p o’tmay NATOga ham a’zo bo’ladi.

“Yevropa Ittifoqining kengayishiga Rossiya boshida neytral nuqtai nazardan qaragan. Chunki ittifoqning kengayishi NATOning kengayishini anglatmagan. Rossiya xato qilganini tushundi. Ikki jarayon ayni vaqtda kechdi. Boltiq bo’yi davlatlari Yevropa Ittifoqiga qo’shilganidan ko’p o’tmay NATOga ham qabul qilindi. Bundan tashqari, tarixiy nuqtai nazardan Rossiya bu ikki tashkilotni bir-biridan ajratishga o’rganmagan”, - deydi Entin.

Moskvadagi Karnegi tadqiqotlar markazidan Pavel Vishnyovskiy fikricha, Yevropa rahbarlari Vilnyusda aniq va tezkor qarorlar qabul qilishi lozim. Moldova va Gruziyaga kreditlar ajratishi, fuqarolarga Yevropaga vizasiz safar qilish imkonini yaratishi kerak.

“Moldovaga vizasiz rejim taklif etilishi kerak. Busiz Sharqiy hamkorlik loyihasini hech kim jiddiy qabul qilmaydi”, - deydi olim.

Yervopa Ittifoqining keyingi qadamlari qanday bo’lishini vaqt ko’rsatadi.