Ukraina Mudofaa vazirligining da’vo qilishicha, ukrain askarlari mamlakat shimolida, janubida va sharqida rus harbiylariga jiddiy zarba berib, 20 dan ortiq shahar va qishloqni o’z nazoratiga qaytarishga muvaffaq bo’ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Rossiya vaziyatni o’nglash uchun zaxira kuchlarini safarbar etdi.
Ukraina muvaffaqiyatlarida AQSh uzatayotgan og’ir qurollar yordam berayotganini bildirarkan G’arbdan ko’proq qurol so’rayapti.
Payshanba kuni Kiyevga tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Qo’shma Shtatlar Ukrainani Rossiyaga qarshi urushda himoya qilishda davom etishini aytib, Oq uy Kongressdan Ukraina va Yevropaning yana bir necha mamlakatiga harbiy yordam uchun yana ikki milliard dollar so’raganini aytdi.
"Hozir muhim davr bilan yuzlashyapmiz – Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqiniga olti oydan oshdi. Ukraina qarshi hujumga o’tib, mislsiz jasorati tufayli muvaffaqiyat qozonmoqda”, - dedi urush boshidan beri ikkinchi bor Ukrainaga borgan Blinken.
Bundan bir kun oldin AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukrainaga 675 million dollarga teng qo’shimcha harbiy yordam berilishi haqida gapirdi. Yangi yordam paketiga nimalar kiradi?
“Qo’shimcha “HIMARS” raketa tizimi, unga o’q-dori, 105 millimetrli gaubitsalar, snaryadlar, havo mudofaasi tizimlariga qarshi “HARM” raketalari, zirhli harbiy va tibbiy transport, tankka qarshi tizimlar, kichik qurollar va hokazo”, - dedi Ostin.
Ukraina generallaridan birining aytishicha, ukrain qo’shinlari 50 kilometrga olg’a yurib, Xarkov va Xersonda 700 kvadrat kilometrdan oshiq maydonni ishg’ol qilishga muvaffaq bo’ldi.
"Bizni bu yutuqlar ruhlantiryapti”, - dedi bugun Chexiya poytaxti Pragaga borgan Ostin.
Ukrainaning jang maydonidagi so’nggi yutuqlari urush pallasini uning tomoniga og’dirishga olib keladimi, yo’q, hozircha xulosa qilishga erta, ammo bir amerikalik ekspertning aytishicha, muvaffaqiyatlar ukrainalik askarlar ruhini ko’tarishi aniq.
“Bu urush optikasini qayta sozlashga olib keladi. Bu juda muhim”, - deydi Amerikaning Katolik universiteti professori Maykl Kimmaj.
Blinken bugun Bryusselda NATO rahbari Yens Stoltenberg bilan uchrashib, Yevropa birligini saqlash va kuchaytirish zarurati haqida gaplashdi.
Qish kelishidan oldin qi’ta mamlakatlarida yoqilg’i qimmatlashar ekan, elektr quvvatiga narx oshayotganidan norozi xalq Chexiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarda namoyish qilib, rahbarlarni iste’foga chaqirmoqda, Rossiya bilan kelishib, yoqilg’i ta’minotini yo’lga qo’yishni talab qilmoqda.
AQShning xavotir olishicha, qish kelishi bilan Yevropa mamlakatlari birligi darz ketishi mumkin. Biroq shu bilan birga, deydi ayrim kuzatuvchilar, Ukraina qurolli kuchlarining so’nggi muvaffaqiyatlari G’arbga umid bag’ishlab, Ukrainaga harbiy yordamni oshirishga undashi mumkin.