NATO va unga ittifoqchi davlatlar Ukrainaga qurol yetkazishni tezlashtirishga kelishib oldi. AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning Germaniyadagi majlisda aytishicha, 30 ta mamlakat Ukraina xavfsizligi uchun 5 milliard dollar va’da qildi, shundan 3,7 milliard dollar AQShning ulushi.
Your browser doesn’t support HTML5
Rossiya qurolli kuchlari Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasida Ukrainaning yirik harbiy qismlarini mag’lub etishni maqsad qilgan bir paytda G’arb davlatlari Kiyevga mudofaa va qarshi hujum uchun og’ir qurollar va texnika uzatish ahamiyatiga urg’u berdi.
“Kelayotgan haftalar Ukraina uchun muhim bo’ladi. Urush tezligida harakat qilishimiz kerak”, - dedi general Ostin.
Yaqingacha Ukrainaga og’ir qurol uzatishdan bosh tortib kelayotgan Germaniya zenit qurollar bilan jihozlangan “Gepard” tanklarini berishga rozi bo’ldi.
“Bu Ukrainaga jang maydonida havo sarhadini himoya qilish uchun kerak”, - dedi Germaniya Mudofaa vazirasi Kristin Lambrext.
1960-1970-yillarda ishlangan bu tanklar Germaniya qurolli kuchlari arsenalidan 10 yilcha oldin chiqarilgan.
O’tmishda NATOda rejalash siyosatiga mas’ul bo’lgan Fabrits Potyening aytishicha, G’arb Ukrainaga og’ir qurol berishga majbur bo’lyapti.
“Jang maydonida vaziyat o’zgargan. Tinch aholining qatliom etilishi bunga turtki bo’ldi”, - deydi u.
Vashingtonlik tahlilchi Bredli Baumanning aytishicha, Donbassdagi urush muayyan qurollarni talab qiladi.
“Keng ochiq joylar ko’p. Demak bunday hududda artilleriya muhim rol o’ynaydi. Artilleriyadan eng ko’p va tez hujum qilgan tarafda g’alaba qozonish ehtimoli yuqoriroq”, - deydi u.
Rossiya G’arbni Ukrainani qurollar bilan ta’minlashdan voz kechishga chaqirar ekan, Uchinchi jahon urushi tahdidi haqida ogohlantirdi. AQSh mudofaa vaziri bunday bayonotlarning xavfli ekanini ta’kidladi, Britaniya nazarida esa, Moskva shunchaki katta gapirmoqda.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning bugun Moskvada aytishicha, agar biror taraf chetdan Ukrainadagi mojaroga aralashib, Rossiyaga strategik ma’noda tahdid yaratsa, tezkor zarbaga duch keladi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina tuprog’iga tekkan xorijiy qurollar nishonga olinishi haqida do’q-po’pisa qilar ekan, bugun Zaporojye viloyatida AQSh va Yevropa davlatlari yetkazgan qurol saqlanuvchi ombor nishonga olinganini ma’lum qildi. Jami tunda 59 ta harbiy inshootga zarba berilgani aytilmoqda.
Bugun, shuningdek, Odessa viloyatining Zatoka qishlog’ida poyezd yuradigan strategik ko’prik kechagi hujumdan so’ng qayta nishonga olingan. Dnestr daryosiga quyiluvchi ko’rfaz ustidan o’tadigan ko’prik orqali Moldovadan Ukraina uchun yoqilg’i yetkazilgani aytilmoqda.
Ukraina armiyasi esa bugun Luganskni “Grad” raketalaridan o’qqa tutgan. Ukraina so’nggi bir haftada Lugansk va Donetskda 63 ta hujumni qaytarganini, 55 ta tankni yo’q qilganini bildirdi.
Rossiya nazoratiga o’tgan Mariupol shahrida esa o’zini Donetsk Xalq Respublikashi deb atovchi bo’lginchilar mahalliy aholiga nafaqa to’lashni boshlagan. Urushgacha 400 ming odam yashagan shaharda hozir qanchasi qolgani ma’lum emas. Mariupolning katta qismi vayronaga aylangan.
G’arb davlatlarining iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalari oqibatida dollar va yevroda savdo qilish imkoniyatidan ayrilgan Rossiya rus gazi do’stona bo’lmagan davlatlarga rublda sotilishi haqida e’lon qilgan edi.
Yevropada Vengriya, Avstriya, jami 10 mamlakat bunga rozi bo’ldi. Rossiya talabiga bo’yin egmasligini bildirgan Polsha va Bolgariya uchun esa bugundan boshlab gaz o’chirilgani ma’lum bo’ldi.
Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy mamlakat gaz omborlari 78 foizga to’lganini bildirarkan, tabiiy gaz endi boshqa manbalardan olinishini, Norvegiya gazini Polshaga uzatishni ko’zlagan Boltiq quvuri qurilishi bitkazilishini kutishini aytdi.
"Rossiya resurslaridan to’liq ajralishga tayyormiz. Ko’mirdan ham o’zimiz voz kechganmiz 16-aprelda ko’mir savdosiga embargo qo’yib. Rossiya gazidan ham, neftidan ham ajralishga tayyormiz”, - deydi Polsha Iqlim bo’yicha vazirasi Anna Moskva.
Biroq Rossiya yoqilg’isiga butunlay tobe Bolgariya to’lov shaklining rublga o’tkazilishini va gaz ta’minotining to’xtatilishini shantaj deya atadi.
Rossiya bu bilan tijoriy kelishuv shartlarini buzayotganini aytayotgan Bolgariya Bosh vaziri Kiril Petkov “Gazprom” bilan barcha shartnomalar, jumladan rus gazini Serbiya va Vengriyaga tranzit bilan o’tkazishni tartibga soluvchi kelishuvlar qayta ko’rib chiqilishini ma’lum qildi.
Gaz Polshaga “Yamal-Yevropa” quvuri orqali Rossiyaning Arktikadagi konlaridan yetkazilib, Germaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlariga ham o’tkaziladi. Bolgariya esa yoqilg’ini Turkiya orqali yotqizilgan quvurdan oladi.
Chernobil atom elektrostansiyasining fojiasi kunida Ukrainaga tashrif buyurgan va Prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashgan Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma rahbari Rafael Grossi harbiy harakatlar oqibatida zarar ko’rgan stansiyani ta’mirlashda yordam va’da qildi.
1986-yilda avariyaga uchragan inshootda hozir energiya ishlab chiqarilmaydi, biroq zararli nurlanish tarqalish xavfi hali ham mavjud.
Rossiyaning Ukrainaga hujumidan so’ng Sharqiy Yevropadagi ayrim mamlakatlar, jumladan Polsha, Boltiq davlatlari va Ukrainaning o’zida Sovet armiyasining Ikkinchi jahon urushidagi g’alabaga hissasini ulug’lovchi madaniy yodgorliklar, xotira inshootlari birin-ketin olib tashlanmoqda.
Xususan seshanba kuni Kiyevda Rossiya va Ukraina do’stligining ramzi bo’lgan, Sovet paytida bronzadan qurilgan 8 metrlik yodgorlik buzib tashlandi. Bungacha Ukrainada sovet harbiy qo’mondonlariga bag’ishlangan haykallardan tashqari boshqa zamonda yashagan va Rossiyaning hozirgi urushiga aloqasi yo’q rus shoiri Aleksandr Pushkin haykallari ham qulatildi.
Kiyevda bugun buzilgan yodgorlik yonida SSSRning 60 yilligiga bag’ishlangan boshqa bir monument va yarim oy shaklidagi arka ham bor. Shahar meri Vitaliy Klichko bu inshootlar qolishini, biroq nomi “Ukraina xalqining Ozodlik arkasi” deb o’zgartirilishini aytdi.