Ipak yo'li strategiyasi Vashingtonda ahamiyatini yo'qotmoqda

Bugunga kelib AQShdagi siyosiy va ilmiy doiralar yangi yoki qadim, umuman Ipak yo'li haqidagi balandparvoz gaplardan charchagan ko’rinadi.

Sovet Ittifoqi tarqalib, o’rnida mustaqil davlatlar vujudga kelib, G’arbning ularga e’tibori oshganidan beri Ipak yo’li va uning buyuk o’tmishi xususida Amerika siyosatida ham to’lqinlanib gapirishadi. Deyarli har oy Vashingtonda bu borada bitta katta tadbir. 100-200 odam yig’ilib, ekspertlar fikrini tinglaydi, hukumatning bu boradagi tashabbusi muhokama qilinadi. Bugunga kelib siyosiy va ilmiy doiralar bu chiqishlardan charchagan ko’rinadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Ipak yo'li, Markaziy Osiyo va Amerika - Navbahor Imamova


Bugun Amerika poytaxtida Markaziy Osiyo bilan qiziqqan kimdan so’ramang, Ipak yo’li deganda, qadim yoki yangi, ensasi qotadi.

Yaqinda o’tgan bir tadbir buning yaqqol isboti. 9-oktabr kuni Atlantika Kengashi deb nomlangan yirik siyosiy tahlil markazida Jons Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti bilan hamkorlikda davra suhbati bo’lib o’tdi. Tashkilotchilarning aytishicha, 200 ga yaqin odam to’plandi. Tadbirni mintaqa bo’yicha nufuzli ekspert, professor Fred Starr olib bordi.

Mehmonlar – Afg’oniston Markaziy banki rahbarlaridan biri Nurulla Dilvoriy, bu davlatning Moliya vaziri sobiq o’rinbosari Adib Farhodiy, Osiyo Taraqqiyot Bankidan Kreyg Steffensen va AQSh Mudofaa vazirligining Biznes va barqarorlikni targ’ib qiluvchi idorasi rahbari Jeyms Bullion.

Bir qarashda ularning har biri bebaho ma’lumotlarga ega rasmiylar. Mintaqada muhim ishlarga mas’ul shaxslar. Lekin bir yarim soatlik majlisda ulardan Vashingtonda oldin aytilmagan biror yangi gap chiqmadi.

Afg’onistonlik mehmonlar Ipak yo’li naqadar buyuk savdo tizimi bo’lgani, mintaqadagi davlatlar bugun uni yangilasa hamma foyda ko’rishi, regional birdamlik yetishmasligi, Amerika o’zining Yangi Ipak Yo’li joriy etish tashabbusini olg’a surib, barakali ishga qo’l urganini qayta-qayta takrorladi.

Afg’oniston bank tizimi uchun javobgar shaxslardan biri bo’lmish Nurulla Dilvoriy mamlakatida korrupsiya va poraxo’rlik qanchalik chuqur ildiz otganiga deyarli to’xtalmadi. Savdo va iqtisod u yoqda tursin, hatto umum barqarorlik yo’lida yulg’ichlik ulkan to’siq ekani eslatilmadi.

Afg’oniston Moliya vazirligida ishlab yurgan paytlarida Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mamlakatlari rahbarlari bilan muzokaralar olib borgan, siyosiy pozitsiya va ayniqsa kelishmovchiliklar xususida atroflicha ma’lumotga ega Adib Farhodiy o’z nutqida asosan tinchlik haqida gapirdi. “Amerika Afg’onistonda boshlagan ishini tugatmay chiqib ketmasligi kerak. Afg’onistonda tinchlikka erishilmas ekan, rivojlanish va mintaqaviy savdo-sotiq haqida gapirish qiyin”,- dedi u.

Obama ma’muriyati tanishtirgan Yangi Ipak Yo’li tashabbusiga Markaziy Osiyo hukumatlari ham bir ovozdan shunday javob bergan: Afg’onistonda tinchlikka erishilmasa, bu mamlakatni o’z ichiga oladigan biror mintaqaviy loyiha yoki hamkorlik haqida gapira olmaymiz.

Lekin so’nggi tadbirda Markaziy Osiyodan na biror vakil qatnashdi va na mintaqa borasida biror konkret masala muhokamaga qo’yildi. Savol-javob qismida mikrofon berilganlarning aksariyati Ipak yo’li xususidagi quruq gaplardan charchaganini aytdi. Mintaqada deyarli hech kim unga jiddiy qaramaydi, Vashington bu borada gapirib, o’zini o’zi aldab kelayapti degan fikrlar yangradi.
Amerika Janubiy va Markaziy Osiyo orasida tijorat oshsin deya undamoqda, ammo o’zi biror yordam taklif qilmayapti, aql o’rgatayapti faqat, deydi Ipak yo’lining qadim va boy tarixi haqida kitoblar va ilmiy ishlar yozgan professor Starr.

“Bugungi tadbirda avvalo Amerika rasmiylaridan tinglashimiz kerak edi. Yangi Ipak Yo’li deb bong urayotgan aslida ular. Lekin shu paytgacha arzigulik bir taklif bilan chiqishmadi, hatto siyosatni aniq tushuntirib berisha olmayapti”, - deya nolidi Starr.

Professor tahlilicha, Ipak yo’li deganda bugun hamma har narsani tushunadi. Amerika hukumati o’tgan 22 yil ichida bu tashabbusni bir necha bor yangilagan. Bill Klinton, Jorj Bush va mana endi Barak Obama prezidentligi davrida Davlat departamentida Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatda Ipak yo’lini qayta tiklash bilan mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik yo’lida hissa qo’sha olamiz deya bet-bet nutqlar va hujjatlar bitilgan. Uch yil oldin Xillari Klinton, o’sha paytdagi bosh diplomat, Hindistondan turib bu borada gapirib, Ipak yo’li vasvasasini avj oldirgan edi.

Lekin shu kungacha bu qadim savdo tizimini qayta oyoqqa turg’azish uchun nima qilindi?

Jahon banki va Osiyo Taraqqiyot banki bir necha loyihalarni ishga solgan, ular transport va boj tizimlarini rivojlantirishni ko’zda tutadi. Masalan, CASA (Central Asia South Asia) - Qirg’iziston, Tojikiston, Afg’oniston va Pokiston orasida elektr ta’minotini rivojlantirishni asosiy maqsad qilgan dastur.

Xitoy va Rossiya bosh qo’shgan proyektlar ham bor. Neft va gaz quvurlari yotqizilmoqda, yangi tijorat yo’llari barpo etilmoqda.

Vashington ta’biricha uning tashabbusi mana shu programmalarning barchasini o’z ichiga oladi. Afg’onistonni kelasi yil oxirigacha tark etishga bel bog’lagan AQSh kelajakda Ipak yo’liga ko’proq diqqat qaratib, regional integratsiya uchun hissa qo’shadi. Texnik yordamga tayyor. Lekin Obama ma’muriyati o’z hisobidan bu tashabbus amaliyoti uchun bir dollar ham ajratmoqchi emas. Biznes sektorini sarmoya qilishga undayapti xolos. G’arb investorlari esa notinch va beqaror mintaqada biznes qilamiz deb shoshayotgani yo’q.

Xitoydan so’rasangiz, u o’z Ipak yo’li siyosati asosida Markaziy va Janubiy Osiyo respublikalarida faol harakat olib bormoqda, yirik sarmoyalar kiritmoqda va yangidan yangi bitimlar imzolamoqda.

Rossiya ham bu borada o’z pozitsiyasiga ega. Amerika tashabbusini so’zda yoqlagan, ammo o’z manfaatlaridan kelib chiqqan holda, har bir davlat bilan o’z savdo kelishuvlari bor.

Obama ma’muriyati Afg’oniston Yangi Ipak yo’lida markaziy o’rinda tursin deydi. Lekin qanday qilib? Mana, deydi diplomatlar, TAPI (Turkmaniston, Afg’oniston, Pokiston va Hindistonni bog’lovchi) gaz quvuri yotqizildi va ishlab turibdi. Demak, biznes qilsa bo’ladi. Iqtisodiy hamkorlik tinchlikka erishish uchun muhim, deydi rasmiylar.

Lekin atrofdagilarning hammasi ham bu fikrda emas. Amerika lash-lushini yig’ishtirar ekan, ular o’z tinchligi tahdid ostida ekanini aytadi.

Vashingtondagi siyosiy sharhlovchilar nazarida AQSh gapirishga gapi yo’qligidan ham Markaziy Osiyo deganda shu “Yangi Ipak yo’li”ni ro’kach qilmoqda.

Aslida bu siyosiy strategiya emas, quruq gap, deydi yaqinda Viskonsin universitetida yig’ilgan olimlar. Taklif boshqa, konkret siyosat boshqa, deya talqin qiladi ular.

Obama ma’muriyati a’zolari esa Amerika yo’q narsani bor qilib qo’ya olmaydi deydi. Markaziy Osiyo davlatlari bir-biri va uzoq-yaqin davlatlar bilan kelishib ishlashi va savdoni oshirishi uchun avvalo o’zi harakat qilishi kerak. AQSh nasihat qiladi, o’z taklifini kiritadi, lekin o’zgarish u yerda yuz beradi.

Biroq hozircha mutaxassislar va siyosatdonlar bu gaplardan ham to’ygan ko’rinadi.
Ipak yo’li targ’ibotchilaridan biri Fred Starr so’zlari bilan aytganda, biror yangi narsa yo’q - eski tos, eski hammom.