Shvetsiya NATOga 32-a’zo sifatida kiradi

  • Amerika Ovozi

Bir necha oylik tortishuvlar ketidan Vengriya nihoyat Shvetsiyaning NATOga a’zolik bo’yicha arizasini ma’qulladi. Stokgolm buni 600 kundan ortiq kutdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 27-fevral, 2024-yil

“Shvetsiyaning Vengriya bilan harbiy hamkorligi va NATOga qo’shilishi Vengriya xavfsizligini kuchaytiradi”, - dedi ishni oylar davomida paysalga solgan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban.

Budapesht NATOning Shvetsiya arizasini ma’qullagan so’nggi, 31-mamlakati bo’ldi. Rossiyaning Ukrainaga 2022-yil boshidagi bosqinidan uch oy o’tib, Shvetsiya qo’shni Finlyandiya bilan birgalikda NATOga qo’shilishga ariza bergan. Finlyandiyaning ishi tez hal bo’ldi, biroq Turkiya va Vengriya turli sabablarga ko’ra masalani yaqingacha cho’zib keldi.

Orbanga Shvetsiyaning Vengriyada demokratik jarayondan chekinish haqidagi gaplari yoqmagan. Biroq juma kuni Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristerssonning Budapeshtga tashrifi ketidan hamda Vengriya Shvetsiyadan to’rtta “Gripen” qiruvchi samolyotlarini sotib olgach, Budapesht Stokgolmni ortiq qiynamaslikka qaror qildi.

O’nlab yillar davomida birorta ittifoqlarga qo’shilmagan Shvetsiya bir necha haftadan so’ng NATOning 32-a’zosi bo’ladi.

Alyansga a’zolik Shvetsiya uchun nafaqat xavfsizlik soyaboni sifatida ko’rilmoqda, balki Stokgolmning o’ziga yarasha harbiy salohiyatidan NATO ham unumli foydalanishi aytiladi.

“Zamonaviy harbiy-havo kuchlarimiz bor, “Gripen” samolyotlarimiz bor. Ayniqsa Boltiq dengiziga moslashtirilgan ajoyib suvosti kemalariga egamiz. Flotimiz kichik bo’lsa-da, yuqori texnologiyaga ega, subarktik imkoniyatlarimiz bor”, - deydi Shvetsiyaning Mudofaani tadqiq etish agentligidan Robert Dalsyo.

Latviya, Litva va Estoniya Rossiyaning ehtimoliy hujumlariga uchrashi mumkin bo’lgan NATO a’zolaridan deb ko’rinar ekan, alyansga Finlyandiya va Shvetsiyaning kirishi Rossiyani bunday niyatlaridan qaytaradigan omil ekani aytilmoqda.

“Bu Latviya, Litva va Estoniyani turli taraflardan himoya qilish imkonini beradi”, - deydi Finlyandiya Xalqaro aloqalar institutidan Charli Salonius-Pasternak.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Shvetsiya NATOga to’liq a’zo bo’lishi bilan alyans yanada kuchayishi va xavfsizroq bo’lishi haqida so’zladi.