Suriya zobitlari Deir al-Zur shahrida hukumatga qarshi bosh ko’targan fuqarolarni o’qqa tutib, 8 kishini o’ldirgan.
Namoyishlarning oldini olish maqsadida, juma tongdan reydlar boshlab yuborildi, ayniqsa, masjidlar nazorat ostida, deydi mahalliy faollar.
Kecha Suriyada yana 16 kishi jon bergan. Bashar al-Assad ma’muriyatiga kuchli sanksiyalar qo’ygan Qo’shma Shtatlar Yevropa va Xitoyni ham jazo choralari ko’rishga undayapti.
Kecha AQSh elchisi Robert Ford Damashqda bu davlat Tashqi ishlar vaziri Volid Muallim bilan uchrashgan.
“Zo’ravonlikni bas qilmasangiz, jahon hamjamiyati iqtisodiy-siyosiy bosimni oshirishga tayyor, deb uqtirdik unga”, - deydi AQSh Davlat departamenti vakili Viktoriya Nuland.
Suriyaning neft va gaz sanoati rejim uchun katta daromad manbai. AQSh nazarida bu sektor siquvga olinsa hukumat yon berishi mumkin. Misol uchun, 2005-yili xalqaro hamjamiyatning kuchli bosimi ostida Suriya armiyasi Livanni tark etgan edi.
Osama Monajed Suriya muxolifati a’zosi, hozirda Britaniyada yashaydi. Vatandagi badavlat fuqarolarga, biznes ahliga murojaat qilish kerak, deb hisoblaydi u.
“Amaldagi hukumat ertami-kechmi qulaydi. Mamlakatni iqtisodiy jihatdan oyoqqa turg’azish sizning qo’lingizda. Assad ma’muriyati bilan aloqani uzing, imkoniyat sizniki”, - deya maslahat beradi muxolifatchi.
Qo’shma Shtatlar minglab odamning yostig’ini quritgan rejim mamlakatni boshqarish vakolatini boy berdi, deya ta’kidlasada, hozirgacha prezident Bashar al-Assad iste’fosini talab qilmagan.
“Prezident Barak Obama bu borada yo’l ko’rsatsa, qo’shni davlatlar, arablar, Yevropa ham unga qo’shiladi”, - deydi huquq faoli Radvan Ziyoda.
Teodor Katuf 1990-yillarda AQShning Damashqdagi elchisi bo’lgan. Uning nazarida prezident Assad hokimiyatni osonlikcha boy bermaydi.
“Assad Amerikaning yaqin ittifoqchisi bo’lgan Misr sobiq prezidenti taqdirini, Qohiradagi sud ishini kuzatib turgan bo’lsa, ajabmas. To’shakda yotgan Husni Muborakni qafas ichida ko’rgan Suriya rahbarining bo’yin egishi amri mahol”, - deydi sobiq elchi.