Suriya muxolifati a’zolari bugun Turkiyada uchrashib, Bashar al-Assadni qanday qilib hokimiyatdan ketkazish masalasini ko’rib chiqmoqda.
Istanbulda yuzlab siyosiy faol maslahat qilar ekan, Suriyada hukumat kuchlari poytaxt Damashq, janubdagi Daraa va mamlakat markazida joylashgan Hims shaharlari hamda shimoli-g’arbdagi Idlib viloyatida namoyishchilarga qarshi o’t ochib, 32 kishini o’ldirgan.
Muxolifat yetakchilaridan biri, uzoq yillar turmada o’tirgan, qiynoqlardan omon qolgan Xatam al-Mala deydiki, Suriyadagi diktatura xalqni eng oddiy huquq va erkinliklaridan mahrum qilib, uni har tomonlama ezishda davom etmoqda.
"Bashar al-Assad qanchalik beshafqat ekanini o’tgan oylar ichida qayta qayta isbotladi",- deydi u.
Kecha, juma kuni, ko’plab shaharlarda motam kuni edi. Omma namoyishlarda halok bo’lganlarni dafn etdi. Hukumatni qoralovchi shior va ma’ruzalar yangradi.
Bu, deydi kuzatuvchilar, shu paytgacha o’tgan eng yirik namoyish. O’nlab ming odamlar ko’chagan chiqdi.
Suriya davlat matbuotiga ko’ra, qator shaharlarda hukumat tarafdorlari ham namoyish qilgan. Tuzum muxolifat va unga ergashganlarni xalq dushmanlari deb ataydi.