Suriya hukumati favqulodda holatni bekor qildi

  • Amerika Ovozi

Lekin yangi qonun hukumatga qarshi namoyishlarga ijozat beradimi, yo'qmi?

Suriya parlamenti namoyishchilarning asosiy talabi – favqulodda holatni bekor qildi. Bu qaror kuchga kirishi uchun prezident imzosi kerak.

Favqulodda holat qariyb 50 yildan beri mavjud. U ommaviy chiqishlarni taqiqlab, matbuotni nazorat qiladi, fuqaroni ayblovsiz qamash huquqini beradi.

Lekin yangi qonun hukumatga qarshi namoyishlarga ijozat beradimi, yo'qmi?

Bugun shuningdek, armiya hukumatga qarshi isyon ko’targan yuzlab odamni o’qqa tutgan. Huquq faollarining aytishicha, Hims shahri markazida ertalabga yaqin kechgan reyd bir kishini hayotdan olib ketgan.

Namoyishchilar kecha kunduz yig’ilib, tunni ham Hims shahri markazida, Saa Jadida maydonida o’tkazgan

Namoyishchilar kecha kunduz yig’ilib, tunni ham shahar markazida, Saa Jadida maydonida o’tkazayotgan bo’lgan. Prezident Bashar al-Assad ketsin, deya talab qilmoqda ular.

Hims shahrida yakshanba kuni ham politsiya va isyonchilar olishib, 12 kishi o’lgan edi. Suriya mana bir oydirki namoyishlar domida ekan, hukumat g’alayonni bas qiling, deya bugun qattiq ogohlantirish bergan. To’polonni boshlagan jinoyatchilar, deydi rasmiylar, radikal diniy guruh – salafiylar.

Qo’shma Shtatlar esa Suriya hukumatini ag’darishga uringanlik haqidagi da’volarni inkor etmoqda.

"Bashar al-Assad ketsin!" degan da'vatlar yangramoqda

“Biroq bu davlat fuqarolik jamiyatini qo’llab-quvvatlab kelganimiz rost”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Mark Toner.

“Demokratiya va inson huquqlarini mustahkamlashga doir bu kabi dasturlar yuritayotganimiz sir emas”, - deydi u. “Boshqa mamlakatlarda ham ayni programmalar mavjud. Farq shuki, Suriya hukumati bu tashabbusni fitna deb biladi”, - deydi AQSh ma’murlari.

Bu bayonotlar “Vashington Post” gazetasida kecha chop etilgan maqola bilan bog’liq. Nashrning “Wikileaks” saytiga tayanib xabar berishicha, AQSh Davlat departamenti Suriyaning surgundagi muxolifatiga o’tgan yillar ichida jami 12 million dollar uzatgan. Bashir al-Assad ma’muriyatini tanqid qiluvchi, Londonda asoslangan “Barada” kabel telekanaliga 6 million dollar berilgan.

“Vashington Post” ning yoritishicha, bu ish prezident Jorj Bush paytida, 2005 yilda Suriya-AQSh diplomatik aloqalari butunlay uzilgach boshlangan. Mablag’ hozir ham tushadimi-yo’qmi, aniq emas. “Wikileaks” o’tgan yilning sentabriga qadar olib borilgan siyosatni fosh etgan.

Qaror kuchga kirishi uchun prezident Assad imzosi kerak

AQSh Davlat departamenti Bashar al-Assadga tegmoqchi emasmiz deya javob qiladi. Departamentning bildirishicha, 2005 yildan beri Suriyada fuqarolik jamiyatiga ko’maklashish maqsadida 7 million dollar ajratilgan.

Ikki davlat diplomatik aloqalari aynan o’sha yili uzilgan edi. Barak Obama prezidenlikka kelgach, Suriya bilan rishtalar tiklandi, Vashington Damashqqa elchi yubordi. Lekin oxirgi bir necha haftada AQSh Suriya hukumati xatti-harakati, namoyishchilarga qarshi bosimdan norozi.

“Assad ma’muriyati yuritgan ezuvchilik siyosatidan to’ygan xalq namoyish ko’tarishga haqli”, - deydi AQSh rasmiylari. “Hukumat fuqaro xohish-talablari bilan hisoblashishi kerak”, - deydi ular.

Obama hozircha Assad ketsin deya chiqayotgani yo’q. “Bu – Suriya xalqi ixtiyoriga qolgan masala”, - deydi u.