Suriya hukumati namoyishlarni kuch bilan bostirishga kirishar ekan, bugun Deraa shahrida otishma ro’y bergan.
Kecha shaharga tank va qo’shin tortilgan, o’nlab odam so’rab-surishtirmay qamoqqa olingan edi. Xalqaro hamjamiyat bu zo’ravonlikni tanqid qilmoqda.
Kechaning o’zida Deraada kamida 20 kishi o’lgan. Guvohlarning aytishicha, odamlar uyidan chiqishga qo’rqib qolgan.
“Ko’cha-kuyda hamon jasadlarni ko’rish mumkin”, - deydi ular.
Bir yarim oydan beri notinch Suriyada muxolifat hukumatga qarshi qo’zg’olon qilmoqda.
Prezident Bashar al-Assad isyonchilar talabiga ko’nib, o’tgan hafta salkam 50 yillik favqulodda holatni bekor qilgan, siyosiy mahbuslar sudini tarqatib yuborgan edi. Shundan keyin ham odamlar tinmagach, qurolni ishga soldi.
Bundan g’azablangan, arab dunyosidagi qo’zg’olonlardan ruhlangan odamlar endi Assad iste’fosini talab qilmoqda.
O’tgan oy boshlangan to’polon shu paytgacha 350 odamni hayotdan olib ketgani ma’lum.
Arab Ligasi, Britaniya va Qo’shma Shtatlar zulmni bas qilishga undab keladi. Suriya xalqiga qarshi zo’rlikni tanqid qilib, inson huquqlarini hurmat qilishga chaqiradi. Davlat departamenti o’z fuqarolarini, jumladan, diplomatlarini Suriyani tark etishga, sayyohlarni bu davlatga bormaslikka undagan.
O’tgan oydan beri Oq Uy Suriya yuzasidan bir necha bor bayonot berdi. “Xalqqa bosim ayanchli va shafqatsiz bir hol”, - deydi AQSh rasmiylari. “Fuqarolar fikr bildirish, hukumatga talab qo’yishga, prezidentni tanlashga haqli”, - deydi ular.
Prezident Barak Obama Suriya rahbarini xalqqa quloq tutishga chaqirib keladi. Lekin Bashar al-Assad ketsin deya talab qilganicha yo’q.
Vashington bir necha jazo choralari ustida o’ylanar ekan, amaldagidan kuchliroq sanksiya ana shular jumlasidan. Xususan, AQSh hamon terrorizm homiysi deb bilgan Suriya rahbari Assad, uning oilasi va yaqinlarini jazolash haqida gap ketmoqda.