Tayvan yil boshidan buyon 22 xorijiy jurnalistni ro’yxatdan o’tkazgan. Ular orasida Xitoyda akkreditatsiyasi bekor qilinganlar ham bor.
“Biz so’z va matbuot erkinligini ta’minlaymiz, bu huquqlarni amalda hurmat qilamiz”, deyiladi Tayvan Tashqi ishlar vazirligi “Amerika Ovozi”ga bergan bayonotda. Xitoy jurnalistlarni kuzatadi, internetni senzura qiladi va yil boshida bir necha amerikalik muxbirni mamlakatdan haydadi.
Tayvanga ko’chgan 22 jurnalistning yetti nafari ilgari Xitoyda “Nyu-York Tayms” (The New York Times) va “Uol-Strit Jornal” (The Wall Street Journal) gazetalarida ishlagan.
Buni ham ko'ring Tayvan AQShning Xitoydagi jurnalistlarini chorlamoqda“Mamlakatdan chiqib ketish haqidagi Xitoy hukumati buyrug’i natijasida ayrim muxbirlarimizni mintaqaning boshqa hududlariga, jumladan, Taypeyga ko’chirdik”, - deydi “Nyu-York Tayms” tahririyati vakili Daniela Rouds Ha.
Xitoy va Tayvan o’z mustaqil hokimiyatiga ega bo’lsa-da, Xitoy orolni nazorat qilishga intiladi. Pekin kuch ishlatishi mumkinligi haqida ham bir necha bor ogohlantirgan.
Xitoyni yoritish
Odatda chet ellik korrepondentlar Xitoyni, xususan, yirik diplomatik tadbirlarni yoritish uchun Pekinda bo’lishni ma’qul ko’radi. Tayvandagi muxbirlar Xitoyni yoritishda ko’proq internetga tayanadi, ba’zida sayohat qilishi ham mumkin.
Tayvandan Xitoyga samolyotda 80 daqiqada, Taypeydan Janubi-sharqiy Osiyoning boshqa yirik shaharlariga 2-4 soatda yetib olsa bo’ladi. Yaponiya va Janubiy Koreyaga parvoz – taxminan uch soat.
“Xitoydan uzoqda bo’lsangiz ham internet orqali tadqiqotlar, suhbatlar o’tkazish mumkin”, - deydi Tayvan milliy universiteti professori Ku Lin-lin.
Xitoyda muxbirlarni politsiya kuzatadi, nozik siyosiy mavzular ustida ishlayotganda hibs ehtimoli ham bor.
Buni ham ko'ring Xorijiy jurnalistlar Gonkongni sekin-asta tark etmoqda“Ozodlik uyi” (Freedom House) huquq tashkilotiga ko’ra, Kommunistik partiya va Xitoy hukumat idoralari “chet ellik muxbirlar faoliyatiga to’sqinlik qilish orqali omma fikriga, mamlakat matbuotda qanday yoritilishiga ta’sir ko’rsatishga harakat qilishadi”. Oxirgi 10 yilda “media kontentni shakllantirish harakatlari yanada kuchaygan”.
Tayvandagi I-Shou universiteti xodimi Jorj Xouning aytishicha, Xitoy rasmiylari ba’zida chet ellik muxbirlarni kuzatishni buyuradi.
Demokratik Tayvanda esa muxbirlarga istagan mavzuni yoritish, istagan odamdan intervyu olishga qonunan ruxsat bor. “Ozodlik uyi”ga ko’ra, Tayvan Osiyodagi eng erkin hududlardan biri.
Hozirda 68 media tashkilotning 114 muxbiri Tayvanda joylashgan.
Qayerda idora ochgan ma’qul?
Osiyo yangiliklarini yorituvchi agentliklar azaldan muxbirlarini Gonkong, Bangkok yoki Singapurda joylashtirgan. Ammo Gonkongda yaqinda kuchga kirgan qonun tufayli xorijiy jurnalistlarga viza rad etilishi mumkin.
“Sizni istagan payt haydashlari, vizangizni bekor qilishlari ham mumkin. Bunday sharoitda barqaror faoliyat yuritish imkoni yo’q”, - deydi Chegara bilmas muxbirlar tashkilotidan Sedrik Alviani.
Ammo Tayvanda ko’chilik ingliz tilini bilmagani va xalqaro xabardorlik pastligi tufayli Gonkong va Singapur kabi joylar muxbirlarni o’ziga jalb qilgan, deya qayd etadi professor Ku Lin-lin.
Yana bir omil shuki, Tayvan axborot agentliklari o’z byurosini ochishini yengillashtiruvchi qonunlarini qayta ko’rib chiqishi lozim.
Lin-lin fikricha, Tayvandan turib Xitoyni yoritayotgan jurnalistlar uchun manbalar bilan yuzma-yuz uchrashish ehtiyoji oshib boraveradi. Xitoyga safar qilish uchun esa Taypeyda viza ololmaysiz, chunki Xitoy bu yerda konsullik xizmatlarini ko’rsatmaydi.