Qisqa ta’limiy dasturlar – Amerikada ilm qilish sari muhim qadam

Safo Jaborov, Jorj Vashington Universitetida izlanayotgan olim (Surat Tojik Amerika Madaniy Uyushmasi saytidan olindi)

Amerikada yashab, ishlayotgan tojikistonlik yoshlar yaqinda Vashingtonda bir davraga yig’ilib, muvaffaqiyat qozonish yo’llari haqida gaplashdi. Olimlarning birinchi yig’inida (1st Symposiym of Tajik American Scholar) qisqa muddatli ta’limiy programmalar, biznes boshlash, til bilish zarurati haqida fikrlar yangradi.

Safo Jabborov Jorj Vashington Universitetida (George Washington University, Institute for Europen, Russian and Eurasian Studies) qisqa muddatli ta’limiy dastur stipendiati.

“Tojikiston yoshlari orasida ish bilan bandlik va radikalizm sabablari” mavzusida izlanmoqda. Jorj Vashington Universiteti, Stokgolm Tinchlik Instituti (Stockholm International Peace Research Institute) yurituvchi va “Soros” Ochiq jamiyat jamg’armasi (Open Society Foundation) moliyalovchi, ilmiy daraja bermaydigan loyiha besh oyga mo’ljallangan.

“Rossiya-Tojikiston slavyan universitetida (Российско Таджикский Славянский Университет) dars beraman. Hozir men qatnashayotgan ta’limiy dasturdan maqsad Markaziy Osiyo yosh olimlarini Amerika siyosati, davlat arboblari, ilmiy dargohlari bilan tanishtirish va shu orqali ularda siyosiy ongni shakllantirish, o’z vatanida faollikka undash”, - deydi u.

U Tojikistonda yoshlar orasida imkoniyatsizlik, ishsizlik sabablarini, bunda radikalizmga yetaklovchi jihatlarni tadqiq qilayapti. Ilmiy ish deyarli pishib qoldi, deydi u. Mahalliy bo’lmish bu muammo bilan AQShda shug’ullanish qanchalik asosli, deb so’raymiz.

“Xorijda bu mavzuda adabiyot, qo’llanma topish osonroq. Global tarmoqda keng ma’lumotlar bazasi bor. BMT, Jahon Bankining qo’llanmalari juda qo’l kelayapti. Bundan tashqari, arab dunyosida ro’y berayotgan g’alayonlar bo’yicha ham adabiyot serob. Jahon matbuotida, ilmiy jurnallarda yoshlarni oyoqqa turg’izgan muammo ortida nimalar turgani keng tarzda yoritiladi. Ana shularga asoslanib Tojikiston bilan o’xshash muammolarni chuqurroq tahlil qilish mumkin”, - deydi u.

Safo Jabborovning aytishicha, muvaffaqiyat kaliti – har bir mag’lubiyatdan keyin oyoqqa turib, shijoat bilan maqsad sari intilishda davom etishda.

“Amerikada nomzodlik ishi bilan shug’ullanishni xohlagan talaba uchun qisqa muddatli ta’limiy dasturlar qo’l kelishi mumkin. Odam AQSh universitet sistemasi bilan tanishadi, professorlar bilan bog’lanadi, kattaroq programmalarga harakat qilishdan oldin tayyorgarlik o’taydi. Bu professorlar keyin sizga tavsiyanoma yozib berishi mumkin”, - deya mulohaza yuritadi u.

Bakalavrlik, magistrlik yoki nomzodlik bo’yicha izlanishlardan tashqari mana shunday kichik loyihalar ham yaxshi imkoniyat. Deyarli har bir universitetda shunday dasturlar bor, deydi Safo Jabborov.

Umed Babaxanov, Asia-Plus media guruhi asoschisi. Bu guruh axborot agentligi, nashriyot, televideniye va radioni o’z ichiga oladi. Bundan tashqari, jurnalistika maktabi bor. 1995-yildan beri xizmatda. Umed Babaxanov matbuot sohasida biznes boshlash sirlarini shunday tushuntirdi.

“Amerikadami yoki boshqa davlatda, odam media biznes boshlash, gazeta, televideniye yoki deylik radioni ochish uchun avvalo auditoriyani tanlab olishi kerak. Va ana shu qatlamga mos axborotni yetkazishi lozim. Qanday ma’lumot uzatmoqchisiz, qaysi formatda? Qo’shma Shtatlarda axborot bozori juda boy, raqobat kuchli, bilasiz, va muvaffaqiyatli biznes yuritish qiyin. Lekin agar moliya bo’lsa, kadrlar yollanib, auditoriya to’g’ri tanlansa, ishingiz baroridan kelishi kerak. Vashington atrofida, masalan, tojikistonliklar katta jamoa emas, Nyu-York, Denver, Omaxada ular ko’p sonni tashkil etadi va gazeta yoki telekanalni o’sha tomonlarda ochgan ma’qul, chunki tomoshabin, o’quvchi bor”, - deydi u.

Umed Babaxanov to’rt yildan beri Amerika va Tojikiston o’rtasida qatnaydi. Oilasi, farzandlari AQShda, biroq biznesi Tojikistonda va shu yerdan turib muxbirlar bilan muntazam aloqadaman, deydi.

“Media biznes daromadbop ekani mahalliy bozor qanchalik rivojlanganiga bog’liq. Agar kichik va o’rta bizneslar mavjud bo’lsa, ular sizga reklama uchun haq to’laydi va shuning hisobiga ishni muvaffaqiyatli yuritish mumkin. Tojikiston kabi davlatlarda bozor hali u qadar yaxshi taraqqiy etmagan, iqtisodiyot zaif va bu sharoitda “Asia Plus” barcha xarajatlarni qoplab, ozgina foyda ham keltirayotganidan xursand bo’lib yashayapmiz”, - deydi Babaxanov.

Manija Pulatova kompyuter bo’yicha mutaxassis, Tojikiston Texnika Universitetini (Донишгохи Техники Точикистон) tamomlagan. AQShdagi kompaniyada global tarmoqda xavfsizlik bo’yicha mutaxassis bo’lib ishlaydi.

Umed Babaxanov, Asia-Plus media guruhi asoschisi (Surat Tojik Amerika Madaniy Uyushmasi saytidan olindi)


“Tojikistonda besh yil o’qib olgan diplomim Amerikada magistrlik darajasiga teng topilgan. Ayol kompyuterchi bo’lganim uchun bu yerda ish topishga uncha qiynalmadim. Chunki sohada xotin-qizlar kam, bizni har jihatdan qo’llab-quvvatlashadi”, - deydi suhbatdosh.

Uning aytishicha, markaziy osiyolik kadrlar Qo’shma Shtatlarda yuzlashadigan eng katta muammo – til. Regionda barcha fanlar mahalliy yoki rus tilida o’tiladi.

“O’zim aynan ingliz tilida muomala qilishda qiynaldim. Ikkinchidan, odam muomalaga tayyor, ochiq bo’lishi kerak. Yangidan yangi mutaxassislar, kompaniyalar bilan tanishib, siz xizmat imkoniyatlaringizni kengaytirasiz”, - deydi Manija.

Bu mutaxassislarning aytishicha, Qo’shma Shtatlarda hamma uchun teng imkoniyatlar beriladi. Odam o’ziga ishonishida gap ko’p.