Buzurgmehr Yorov, taniqli tojik advokati, joriy yilning 9-iyul kuni oʻzining 50 yoshini panjara ortida qarshi oldi. U olti yildirki qamoq jazosini oʻtamoqda. Yorov 2016-2017-yillarda Tojikiston Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan aybdor topilib, jami 28 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
2019-yil Tojikistonda konstitutsiya qabul qilinganining 25 yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan afvda uning qamoq jazosidan 6 yil olib tashlangan. Ammo uning yaqinlari Buzurgmehrga nisbatan afv tatbiq etilishiga qarshi ekanliklarini aytadi.
Huquq himoyachisi Oynihol Bobonazarovaning aytishicha, jahon hamjamiyati Buzurgmehr Yorov ozod etilishini talab qilmoqda.
“Xalqaro tashkilotlar, jahon parlamentlari deputatlari, inson huquqlari himoyasi bilan mashgʻul boʻlgan tashkilotlar - bularning hammasi Tojikiston hukumatidan Buzurgmehr Yorovni ozod qilishni xohish va talab qilmoqda”, - deydi Bobonazarova.
Jahon hamjamiyati tomonidan bunday talablar olti yildan beri, Buzurgmehr Yorov hibsga olinganidan beri davom etmoqda. 2019-yilning may oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha kengashi Yorovning hibsga olinishi xalqaro huquq normalariga zid ekanligini aytib, Tojikistondan zudlik bilan uni ozod etishni soʻragan edi.
Ammo advokat panjara ortida qolmoqda va u hozir Dushanbe shahridagi 1-raqamli ogʻir tipdagi qamoqxonada jazo muddatini oʻtamoqda.
Buzurgmehr Yorovning ukasi Jamshed Yorovning joriy yilning 9-iyun kuni “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, 2017-yilda jami 28 yilga qamalgan Buzurgmehrning qamoq jazosidan 6 yili afv etilgan va jazo muddati u hibsga olingan 2016-yildan boshlab hisoblangani uchun akasining qamoq jazosi tugashiga 17 yil qolmoqda.
“Balki joriy yil Tojikiston mustaqillikka erishganining 30 yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan afvda qamoq jazosidan yana 6 – 6,5 yili olib tashlanadi. Ammo aslida biz afv tatbiq etilishiga ham qarshimiz, chunki afv jinoyatkorga tatbiq etiladi. Buzurgmehr esa jinoyat sodir etmagan. Biz uning butunlay oqlanib chiqishini istaymiz”, - deydi Jamshed.
Uning aytishicha, “jahon hamjamiyati talablariga qaramay, shu paytgacha Buzurgmehrning jinoiy ishida biror oʻzgarish, biror yengillik yoki umid uygʻotadigan holat kuzatilmagan”.
Buzurgmehr Yorovning 50 yoshga toʻlishi arafasida inson huquqlarini himoya qiluvchi “Civicus” tashkiloti va Inson huquqlari boʻyicha sheriklik tashkiloti (IPHR) Tojikistondan uni zudlik bilan va shartsiz ozod qilishni talab qildi. Bu bayonotlarga Tojikiston hukumati yoki vakolatdor davlat organlari tomonidan hozircha biror sharh berilgani yoʻq.
Jamshed Yorovning aytishicha, xalqaro tashkilotlar talabiga qaramay Tojikiston Buzurgmehrni ozod etmasligining bir necha sabablari bor.
“Agar Buzurgmehr ozod etilsa, u noqonuniy hibs va qamoq jazosi uchun ularning ustidan shikoyat qilishini bilishadi. Boshqa tarafdan qaraganda, bizning sud va adliya tizimimiz korrupsiyaga botgan. Buzurgmehrni ozod etilishi oʻz ayblarini boʻynilariga olishlari boʻladi, – deydi Jamshed. – Oʻylaymanki, xalqaro inson huquqlarini poymol etayotgan davlat hokimiyati organlarining alohida vakillariga nisbatan diplomatik bosim va sanksiyalar qoʻllash ijobiy natija berishi mumkin”.
Buzurgmehr Yorovning advokati Muazzama Qodirovaning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, Buzurgmehr Yorovning ishi garchi “qalloblik” moddasi bilan boshlangan boʻlsa ham, siyosiylashtirilgan edi.
“Men Buzurgmehrning oxirgi advokati edim. Bosim va tahdidlarga qaramay toʻqqiz oy davomida uni ishini olib bordim. Ammo 2017-yilning yanvar oyida shu ish ortidan Tojikistonni tark etishga majbur boʻldim. 2018-yilda Yevropada siyosiy boshpana oldim”, - deydi Qodirova.
“Buzurgmehrning ishini advokatlar olishga qoʻrqar edi. Xato qilmasam, 12 ta advokat uni ishini olishdan bosh tortgan edi. Ish siyosiylashgan edi. “Qalloblik” ishning boshlanishi edi, xolos. Undan keyin birin-ketin Jinoyat kodeksining moddalarini tatbiq eta boshlashdi”, - deya qo’shadi Qodirova.
Buzurgmehr Yorov 2016-yilning oktabr oyida Dushanbe shahar sudida Tojikiston Jinoyat kodeksining 5 ta moddasi – “qalloblik”, “soxtakorlik”, “adovat qoʻzgʻash”, “hukumatni agʻdarishga ommaviy chaqiruv” va “ekstremizm” moddalari bilan aybdor deb topilib, mol-mulkini musodara etish sharti bilan 23 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
2017-yilning mart oyida yana ikki modda, “sudga nisbatan hurmatsizlik” va “hokimiyat vakilini tahqirlash” moddalari bilan aybdor topilib, qamoq jazosiga yana ikki yil qoʻshib berilgan. Shu yilning avgust oyida yana bir modda, prezidentni tahqirlash aybi bilan yana uch yil qamoq jazosi berildi. Jami 28 yilga qamaldi.
Kuzatuvchilarning aytishicha, Buzurgmehrning boshida qora bulutlar 2015-yilning sentabr oyidan Tojikistonda faoliyati taqiqlangan Islom uygʻonish partiyasining 11 nafar hibsga olingan aʼzolarini advokat sifatida oʻz himoyasiga olishi ortidan boshlangan.
Jurnalist va siyosiy sharhlovchi Sayidmuhiddin Doʻstmuhammadiyon fikricha, Buzurgmehr Yorovga adolatsizlarcha 28 yil hukm berildi.
“Agar Buzurgmehrning hamkasblari, advokatlar oʻz xavfsizligini oʻylamay bir yoqadan bosh chiqarib, uning himoyasiga turganida edi, agar Tojikistonda fuqarolik jamiyati faol boʻlganida edi, balki shunday ish boʻlmas edi”, - deydi u.
Huquqshunos olim, huquq fanlari doktori, professor Shokirjon Hakimovning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, xalqaro tashkilotlarning murojaat, eʼtiroz va talablarini bilmaslikka olish davlat imijiga salbiy taʼsir qiladi.
“Xalqaro tashkilotlarning bunday murojaat va eʼtirozlari shubhasiz Tojikiston prezidenti maʼmuriyati hamda boshqa tegishli va vakolatdor huquq tatbiq etuvchi salohiyatli organlarga yetib keladi. Ammo bunday holatga jiddiy eʼtiroz yoki ijobiy natijani prezidentning musbiy siyosiy irodasi shakllangan holatdagina kutish mumkin. Buzurgmehr Yorov ishi va xalqaro tashkilotlar eʼtiroziga ochiq eʼtibor qaratmaslik va asta-sekin yashirishga urinishlar tashqi omillar noroziliklariga sabab boʻladi va xalqaro maydonda, dunyo jamoatchiligi nazarida ham Tojikistonning obroʻ va imijini pasaytiradi”, - deydi Hakimov.