Matbuot erkinligi haqida gapirish xatarli, deydi Tojikiston jurnalistlari

"Men jurnalistman",- deydi O'rinboy Usmonov, "o'z vazifamni bajarganman". Sud esa muxbirni ektremistik kuchlar haqida axborotni yashirganlikda, davlat xavfsizligi bilan bog'liq ma'lumotlarni organlarga bermaganlikda aybdor deb topgan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining matbuot erkinligi bo’yicha maxsus vakili Dunya Miyatovich Tojikistonda “Bi-Bi-Si” O’zbek xizmati muxbiri O’rinboy Usmonov va “Nuri Zindagi” gazetasi jurnalisti Mahmadyusuf Ismoilov erkinlikka chiqqanini olqishlamoqda.

Ammo, deydi Miyatovich, ular to’liq oqlanishi kerak edi, chunki asossiz sudga tortilgan. Mahkama ularni aybdor deb topgan va ular keyin amnistiya orqali ozod qilingan.

Tojikistonda mustaqil matbuot va jurnalistlar bosim ostida qolmoqda.

“Bi-Bi-Si” muxbiri O’rinboy Usmonov, Tojikiston mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan amnistiyaga ko’ra, 3 yillik qamoq jazosidan ozod etildi. Jurnalist o’zini aybsiz deb biladi va nomini oqlash uchun harakat qilmoqchi. Sud nazarida esa muxbir ektremistik kuchlar haqida axborotni yashirgan va davlat xavfsizligi bilan bog'liq ma'lumotlarni organlarga bermagan.

“Men o’zimni hech qachon aybdor hisoblamaganman. Faqatgina jurnalistik faoliyat nuqtai nazaridan ish ko’rganman. Albatta shikoyat arizasi yozaman va gunohsiz ekanligimni isbotlayman. Chunki, mening aybsiz bo’lish-bo’lmasligim Tojikistondagi jurnalistika taraqqiyotiga ta’sir etadi.”

Usmonovning fikricha, jamiyatdagi kamchiliklarni ochib bergan jurnalist jinoyatchiga chiqib ketadigan bo’lsa, Tojikistonda ozod matbuot bo’lmaydi.

“Garchi, matbuot erkin hisoblansa-da, hozir ham ichki ta’qib, ichki senzura bor. Lekin bundan keyin erkin matbuotning rivojlanishini kutmanglar, hech kim kutmasin ham.”

Tanqidiy maqolalari uchun 34 ming somoniy (7000 dollar atrofida) jarimaga hukm qilinib, amnistiya orqali ozodlikka chiqarilgan “Nuri Zindagi” gazetasi muxbiri Mahmadyusuf Ismoilov ko’makka muhtoj. Hamkasblari unga moddiy yordam berishga urinmoqda.

Mahalliy jurnalist Mavluda Shamsiyeva fikricha yo’zgan maqolalari uchun 11 oy qamoqda o‘tirgan Ismoilovga jarima ham solinayotgani qalam ahli uchun fojia.

“Tojikistonda oddiy jurnalistlar ro’zg’ori o’zi kasod holatda-ku, qanday pul yig’amiz?” - deydi u.

Hozir Tojikistonda matbuot erkinligi haqida so’z yuritish xatarli, deydi bu kasb egalari. Aksariyat matbuotchilarning bu borada og’iz ochishga haddi sig’maydi.

“Bi-Bi-Si” xodimi sudga tortilganidan norozi Britaniya hukumati ham xavotir bildirib, demokratik jamiyat asos va talablarini eslatgan. Xususan hur fikrlik, jurnalistlarga o’z ishini sidqidildan bajarishi uchun imkoniyat yaratib berish.