Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qiynoqlar bo’yicha maxsus vakili Tojikiston safarini yakunlar ekan, respublika qonunchiligi va adliya tizimida yuz bergan o’zgarishlarni ijobiy baholamoqda.
Xuan Mendez deydiki, bugun Tojikistonda qiynoq nima ekani qonunan aniq tar’iflangan va jinoiy jazolar belgilangan. Lekin, deya ta’kidlaydi u, tuzum qiynoqlarga qarshi ekani va eng yuqori lavozimlarda o’tirganlar ham unga toqat qilmasligini ochiq isbotlashi kerak. Ya’ni, qiynoqqa qarshi siyosat ham qog’ozda, ham amalda isbotlanishi shart.
“Agar hukumat qiynoq usullari qo’llanishini tan olmasa, bu sistematik ekani va emasligidan qat’iy nazar, bu holatga chek qo’yilmaydi. Aksincha, u yanada avj oladi va vaziyat og’irlashadi”,- deydi Xuan Mendez Tojikistonga ilk tashrifini tugatar ekan.
BMT maxsus vakili respublikada 10-18 may kunlari bo’ldi. Rasmiy qo’shni O’zbekistonga ham borishni istaydi, lekin mamlakat darvozalari uning uchun yopiq.
2002-yilda BMTning Qiynoqlar bo’yicha o’sha paytdagi maxsus vakili Teo van Boven O’zbekistondagi ahvol bilan tanishgach, qiynoqlar sistematik ravishda qo’llanadi deya hisobot bergan edi. 10 yildirki, BMTning biror maxsus vakili bu respublikaga kiritilmagan.
Xuan Mendez fikricha qiynoqlarga qarshi qonun qabul qilish bilan muammo hal etilmaydi.
Dushanbe, Xo’jand, Isfara, Istarafshon va Qor’gon-Tepada bo’lgan Xuan Mendez Tojikiston hukumatiga xalqaro majburiyatlar va qonunlarni eslatgan.
Respublika BMTning Qiynoqlar va insonni tahqirlovchi, kamsituvchi va xo’rlovchi boshqa jinoyatlarga qarshi konvensiyasini 1995-yilda ratifikatsiya qilgan.