AQSh: Tojikistonning taniqli huquq faoli - yilning jasoratli ayollaridan biri

Oynihol Bobonazarova, Tojikistonda tanilgan huquq himoyachisi

O'tgan yili Tojikistonda prezidentlik uchun kurashishga ahd qilib, siyosiy bosim sabab qaroridan qaytgan faol Oynihol Bobonazarova AQSh tomonidan yilning eng jasoratli ayollaridan biri deya tan olindi.

Yillik mukofot tinchlik, adolat, inson huquqlari, ayol va erkaklar o’rtasidagi tenglikni ta’minlash hamda ayollar salohiyatini oshirish maqsadida misli ko’rilmagan jasorat va yetakchilik namoyish qilgan ayollarga beriladi.

Vashingtonda Davlat departamentida o'tgan taqdimot marosimida Bobonazarova 10 sovrindordan biri sifatida sahnaga chiqdi. Davlat kotibi Jon Kerri va prezident rafiqasi Mishel Obama tomonidan olqishlandi.

“Bu ayollarning vaziyatni o’zgartirish maqsadida baralla gapirib, boshqalar himoyasi yo’lida harakat qilganini ko’rganimizda aslida barimiz ayni salohiyatga ega ekanimizni, mas’uliyatimiz ham bir ekanini tushunishimiz kerak”, - dedi Mishel Obama.

Oynihol Bobonazarova Tojikistonda inson huquqlari uchun birinchilardan bo'lib kurash boshlagan. 1997-yilda fuqaro urushi tugaganidan beri Bobonazarova xotin-qizlar manfaatlarini targ'ib qilib keladi. Qamoqxonalardagi qiynoqlar haqida ma'lumot to'plab, hukumatni javobgarlikka chaqiradi. Tuzumdagi kamchiliklarni fosh etadi. Rossiyada mehnat qilayotgan fuqarolar va ularning oilalari yuzlashayotgan muammolarga diqqatni qaratadi.

2013-yilning sentabrida Tojikiston Islomiy Uyg'onish Partiyasi uni prezidentlikka ko'rsatgan edi. Xonim keyinroq poygani tark etdi, lekin hamon huquq himoyasi bilan mashg'ul.

Faolga nisbatan tazyiq va tahdid xususida xabar berib, xalqaro hamjamiyatni ogohlikka undab kelayotgan huquq tashkiloti "Human Rights Watch" (HRW) nazarida Oynihol Bobonazarovadek mard insonlar quvvatlanayotgani ijobiy hol. Bu ayolning yaqinlari va safdoshlari, xususan uning targ'ibot kampaniyasida ishlagan odamlar hukumat tomonidan nishonga olina boshlagach, Bobonazarova saylov kampaniyasini to'xtatishga majbur bo'ldi, deydi Stiv Sverdlov, HRW vakili.

Bobonazarova "Qiynoqlarga qarshi koalitsiya" va Ombudsman idorasi bilan hamkorlikda qamoq va hibsxonalardagi ahvolni kuzatish borasida mustaqil organ tuzish ustida ishlab kelmoqda. Tojikiston hibsxonalari va jazoni o'tash muassasalari 2004-yildan beri kuzatuvchilar uchun yopiq.

Bugun topshirilgan mukofotni ayol o'z xalqi va uning kelajagiga bag'ishladi.

"Jasoratli ayol" AQSh Davlat departamenti taqdim etadigan yillik sovrin. Moliyaviy mukofot emas. Faol ayollarni rag'batlantirish, ular mehnatini tan olib, minnatdorchilik bildirish, deydi rasmiylar.

Bobonazarova qatorida Afg'oniston, Fiji, Gruziya, Gvatemala, Hindiston, Mali, Saudiya Arabistoni, Ukraina va Zimbabve ayollari ham taqdirlandi.

2009-yilda O'zbekistondan taniqli huquq faoli va sobiq siyosiy mahbus Mo'tabar Tojiboyeva, 2011-yilda Qirg'iziston prezidenti Roza Otunbayeva bu mukofotga loyiq topilgan.

Oynihol Bobonazarova AQSh prezident rafiqasi Mishel Obama bilan, 4-mart, 2014, Vashington


2014-yilning jasoratli ayollari davrasida, 4-mart, 2014, Vashington