Pokiston Tolibon bilan tinchlik muloqoti tarafdori, Kobul umidsiz

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani

Pokiston bosh vazirining tashqi siyosat bo'yicha maslahatchisi Sartoj Aziz to'xtab qolgan afg'on tinchlik muloqotini jonlantirish zarurati haqida gapirmoqda, ammo Kobul muloqotdan foyda bo'lishiga ishonmaydi.

Tolibon va Afg'oniston hukumati o'rtasidagi muzokaralar 2015-yil yozida uzilib qolgan edi. Tolibonning ko'p yillik rahbari Mulla Muhammad Umarning vafotidan so'ng harakat ichida hokimiyat uchun kurash boshlandi. Rahbarlikka tayinlangan Mulla Axtar Mansurning ham hayoti uzoqqa cho'zilmadi - u joriy yil mayida AQSh havo hujumida yo'q qilindi. Harakat tepasiga Haybatulla Oxunzoda keldi.

Sartoj Azizning muxbirlarga aytishicha, toliblar bilan muzokaralar bir necha haftalarda jonlanishi mumkin.

Bu haqda Kobuldan so'ralganda Afg'oniston prezidenti matbuot kotibining o'rinbosari Davo Xon Menapal muloqotni davom ettirishdan oldin Pokiston tinchlik jarayoniga jiddiy va samimiy yondashishini namoyish etishi kerak, dedi. Unga ko'ra, buning uchun Islomobod Pokistondan turib Afg'onistonda xurujlar uyushtirayotgan jangarilarga qarshi keskin chora ko'rishi zarur.

"Pokiston to'rt tomonlama uchrashuvlarimiz chog'ida bergan va'dalariga amal qilishi lozim. Aks holda Afg'oniston hukumati muzokaralarda qatnashmaydi", - deydi Menapal.

AQSh, Afg'oniston, Pokiston va Xitoy rasmiylari ishtirokidagi to'rt tomonlama uchrashuvning so'nggisi may oyida bo'lib o'tdi. Tolibon vakillari unda qatnashishdan bosh tortgan.

O'sha majlisda Pokiston jangari guruhlarga qarshi hujumlarini kuchaytirishga so'z bergan edi. Qo'shni davlat Pokistonning samimiyligidan shubhalanadi. Kobulga ko'ra, Islomobod jangarilarni yaxshi va yomon toifaga bo'lib olgan - yaxshilari Afg'oniston va bu mamlakatdagi xorijiy qo'shinlarni nishonga oladi, yomonlari esa Pokiston ichida xurujlar uyushtiradi.

"Pokiston barcha jangarilarga birday qarshi ekanini isbotlab, yaxshi-yomonga ajratmasin", - deydi Prezident Ashraf G'ani matbuot xizmati vakili.

Bunday bo'lmas ekan, deydi Menapal, Kobul muzokaralarda qatnashmaydi.

O'tgan oy NATOning Varshavadagi sammitida so'zga chiqqan Ashraf G'anining aytishicha, mintaqada Pokistondan tashqari barcha mamlakatlar Afg'onistonning barqaror bo'lishiga tilakdosh.

“Qo'shnilarimiz bilan amalga oshirilayotgan mintaqaviy tashabbuslar yaxshi meva bermoqda. Pokiston bu hamkorlikdan mustasno. To'rt tomonlama tinchlik jarayonidagi faol ishtirokiga qaramay, amalda Pokiston terrorchilarni yaxshisi va yomoniga ajratib, xavfli o'yin o'ynamoqda", - degan edi G'ani NATO sammitida.

Iste'fodagi pokistonlik general Talat Ma'sudning aytishicha, Islomobod jangari guruhlarga qarshi yetarlicha harakat qilmoqda, ammo bu ishda o'z xavfsizligini ham tahdid ostiga qo'ymoqda.

“Pokiston keragidan ortiqcha harakat qilayotganini aytadi. Chunki bundan oshig'iga qo'l ursa, barcha guruhlarni o'ziga dushman qilib qo'yadi. Biz Afg'oniston uchun jang qilmoqchi emasmiz, jangarilarga qarshi o'z urushimiz yetib ortayapti", - deydi general.

Unga ko'ra, agar Pokiston Afg'oniston Toliboni va Haqqoniy tarmog'iga qarshi ham bosimni oshirsa, ular Pokiston Toliboni bilan ittifoq tuzib, ham Pokiston, ham Afg'onistonga kattaroq xavf soladi.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Tolibonning yangi rahbariyati tinchlik muzokaralariga qiziqishi yo'qligini bildirgan. General Ma'sud nazarida, Tolibon so'nggi yillarda kuchayib, Afg'onistonda kattaroq hududlarni egallab oldi, Pokistonning unga gapi o'tmaydigan bo'lib qoldi.

“Tolibon o'zini ancha oyoqqa turib olgan, mustaqil deb biladi. Afg'onistonda o'z hududlari bor. Afg'onistonning o'zidan hujum qilishi mumkin. Aholining bir qismi ularni qo'llab-quvvatlaydi, demak harbiy harakatlarni to'xtatishga ehtiyoj yo'q ularda", - deydi general.

Vashingtondagi "Rend Korporatsiyasi" tahlil markazi xodimi Rebekka Tsimmermanning aytishicha, tinchlik jarayoni sekin kechmoqda, ammo bu tabiiy hol.

“Hech bir mamlakatda tinchlik bitimiga yo'l tekis bo'lmagan. Ortga qadam tashlanadi, olg'a qadam tashlanadi, bu tabiiy holat", - deydi u.