O’tgan yil mart oyidan buyon kamida 17 tibetlik Xitoy siyosatidan norozilik tariqasida o’ziga o‘t qoyib, halok bo’lgan. Shulardan 5 nafari o’tgan bir oy ichida.
O’ziga o’t qo’ygan faollardan faqat Palden Choetso ismli monax ayolning tasvirlari mavjud. Internetga qo’yilgan videoda uning tanasi yonayotgani va so’ngra yerga qulashini ko’rasiz. Sichuan viloyatida yashagan bu ayol o’tgan yil noyabrda o’z joniga qasd qilgan edi. Motam marosimida faollar Tibet mustaqilligi haqida gapirdi.
Kolumbiya universitetida Tibet bo’yicha mutaxassis Robbi Barnett norozilik hissi kuchayib borayotganini aytadi.
“Bugungi kunda Tibetda millatchilik ilgariga qaraganda ancha kuchaygan. Bu Xitoyning nihoyatda qattiqqo’l va agressiv siyosati mahsuli, ayniqsa so’nggi 15 yil mobaynida”, - deya izohlaydi u.
O’ziga o’t qo’yib norozilikni ifoda etish hollari ilk bor 2009 yilda qayd etilgan edi. O’tgan hafta Sichuan viloyatida yana uch rohib o’zini yoqib yuborgan.
Tibetning surgundagi hukumati rahbari Lobsang Sangay Xitoyda biz hech qanday norozilik namoyishlari uyushtirmaganmiz, deydi.
“Chunki nima bilan tugashini bilamiz. Ushlanganlar qamoqqa tashlanadi, kaltaklanadi, ba’zida qiynoqqa solinadi. Odamlar bedarak ketgan yoki o’lgan hollar ham bo’lgan”, - deydi u.
Monaxlar o’limga ham tayyor ekani Tibetda ahvol qanchalik og’ir ekanidan nishona. Xitoy hukumati bu yerda odamlarning har bir qadamini nazorat qiladi, deydi AQSh Kongressining Xitoy bo’yicha qo’mitasi vakili Stiv Marshall.
“Nazorat shu darajaga borib yetdiki, dindorlarning telefonda qanday musiqa ishlatayotgani, qanday televizion dasturlar ko’rishidan tortib to uyida Dalay Lamaning suratlarini osib qo’yishigacha – shunday mayda narsalar ham kuzatiladi. Bundan tashqari, boshqa bir monastirga qatnamoqchi bo’lsangiz ruxsat kerak”, - deydi kongressmen.
O’ziga o’t qo’yish hollarining tarqalishi jiddiy o’zgarish, deydi Robi Barnett. Chunki ilgari Tibetdagi huquq ahvoli haqida gapiradigan asosan surgunda yashovchi Dalay Lama va xorijdagi boshqa faollar edi.
“Bu katta burilish. Tibet kelajagini aynan Tibetda yashovchi odamlar belgilashidan dalolat. O’ziga o’t qo’yish hollari dahshatli fojia. Shu bilan birga, siyosiy bayonotning bir shakli”, - deydi olim.
Xitoyning javobi asosan qo’shin yuborish va ta’qiblarni kuchaytirishdan iborat ekan, bunday fojialar davom etaveradi, deydi tahlilchilar.