Tramp prezidentligidan umidlar qanday?

  • Amerika Ovozi

AQShda o’tgan prezident saylovida Respublikachilar partiyasidan nomzod, sobiq prezident Donald Tramp demokrat raqibi Kamala Harrisni mag’lub etib, yana Oq uyga qaytadigan bo’ldi.

“Amerika xalqiga meni 45- va 47-prezident etib saylash sharafi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman”, - dedi g’olib.

Tramp amerikaliklarni birlashishga chaqirdi.

Ommaviy so’rovlarda Harris Trampdan bir oz ustun kelgan bo’lsa-da, ularning g’alabaga imkoniyatlari teng baholangan bo’lsa-da, Tramp ikkilanuvchi yettita shtatning deyarli barchasida g’alaba qozondi.

Tramp nafaqat saylov kollegiyasi tizimi bo’yicha ustun keldi, balki mamlakat bo’ylab eng ko’p ovoz ham to’pladi. U Harrisga qaraganda 5 millionga ko’p ovoz oldi.

Aytish joiz, Tramp 2020-yil saylovini 74 millionta ovoz bilan boy berdi, ammo bu gal g’alaba uchun 71 millionta ovoz kifoya qildi.

Saylovchilar kollegiyasi tizimi bo’yicha Tramp 2016-yilda 306 ta ovoz bilan Xillari Klinton ustidan g’alaba qozongan. To’rt yil o’tib 232 ta ovoz olgan, xolos. Hozir esa uning hisobida saylovchilar kollegiyasining 277 ta ovozi. Beshta shtatda saylov natijasi haligacha aniqlangani yo’q, ya’ni bu raqam o’zgarishi mumkin hali, chunki barchasida Tramp oldinda ketmoqda.

Harris tunda Vashingtondagi Xovard universitetida rejalangan chiqishini bekor qildi.

Ayrim manbalar vitse-prezident chorshanba kuni kechga yaqin ma’ruza qilib, mag’lubiyatini tan olishini, Trampga qo’ng’iroq qilib, uni tabriklashini aytmoqda.

Seshanba kuni Kongressga ham saylovlar bo’ldi. Unda respublikachilar yaxshi natija ko’rsatib, demokratlardan Senatdagi ko’pchilikni tortib oldi.

Tramp Amerika tarixida sud tomonidan jinoiy ishda aybdor topilib prezidentlikka saylangan ilk nomzod bo’ldi. U shuningdek 78 yoshda prezidentlikka saylangan eng keksa arbob ham bo’ldi.

Inauguratsiya marosimi 20-yanvarda o’tkaziladi. Ungacha esa Tramp “saylangan prezident” maqomida bo’ladi.

TRAMPNING SAYLOVOLDI VA'DALARI

Tramp saylov kampaniyasi paytida qanday va’dalar berdi?

"Oq uyda birinchi kundan Amerika tarixida eng yirik deportatsiya dasturini joriy etaman”, degan edi u.

Tramp noqonuniy muhojirlarni haydashga so’z bergan, biroq bu masala sudda tortishuvlarga yetaklashi aniq.

"Mamlakatni boshqaradigan bo’lsam, 100, 200, 2000 foizlik tariflar qo’yaman”.

Bu Trampning yana bir saylovoldi va’dasi. Bu gap ko’proq Xitoyga taalluqli. Tramp Xitoy importlariga 60 foizlik tarif qo’yishini bildirgan. Yevropa Ittifoqi ham AQSh bilan savdo urushi bo’lishidan xavotirda.

Tanqidchilar bunday siyosat Amerikada narx oshishiga yetaklashi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Tramp 2017-yilda imzolangan va kelasi yili kuchini yo’qotuvchi soliqlarni tushirishga qaratilgan qonun muddatini uzaytirmoqchi, korporativ soliq stavkasini 21 foizdan 15 foizga tushirmoqchi.

Ayrim mutaxassislar bu kelasi 10 yilda federal kamomadga 6,6 trillion dollar qo’shishini aytmoqda.

Tramp qazilma yoqilg’i ishlab chiqarishni kuchaytirib, Alyaska shtatidagi milliy qo’riqxona hududida neft qazish uchun burg’ulash ishlariga ruxsat bermoqchi.

AQShning Ukrainaga yordamini muntazam ravishda tanqid qilgan va urushni bir kunda tugatishga so’z bergan Tramp uchun bu va’dasining ustidan chiqish qiyin bo’ladi.

Tramp Isroil-XAMAS ixtilofini ham tez hal qilishi haqida aytgan.

TRAMP G'ALABASIGA MUNOSABAT

XAMAS harakati saylov natijasiga munosabat bildirarkan, Tramp urushni to’xtatishi uchun qattiq harakat qilishi kerakligini ta’kidladi, Qo’shma Shtatlarni Isroilga ko’r-ko’rona yordam berishni bas qilishga chaqirdi.

Bundan bir kun oldin Mudofaa vaziri Yoav Gallantni ishdan olgan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Trampni g’alaba bilan birinchilardan tabrikladi.

Abort masalasiga kelganda Tramp har bir shtat bu ishni mustaqil hal qilishi kerak deb keladi.

Tramp 2021-yil 6-yanvarida Kapitoliyga hujumda qatnashgani uchun qamalgan vatandoshlarini avf etishini bildirgan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Trampni tabriklab, AQSh uning mamlakatini qo’llab-quvvatlashda davom etishiga umid qildi.

Ukrainalik siyosiy tahlilchi Vladimir Fesenkoning aytishicha, Tramp Rossiya va Ukrainani muzokaraga majburlashi mumkin.

"U natijaga tezroq erishishni xohlaydi, ammo bu reja o’z ichiga Rossiyaga yon berish xavfini olishi mumkin”, - deydi u.

So’nggi oylarda Rossiya armiyasi Ukrainada katta yutuqlarga erishar, yangi hududlarni egallar ekan, ulardan voz kechishi amri mahol.

Fesenko Tramp Ukrainaga yordamni hozirgiday grant emas, ko’proq kreditlar ko’rinishida berishini taxmin qiladi.

Germaniya Kansleri Olaf Shols uning mamlakati Tramp boshqaruvidagi AQShga ishonchli transatlantik hamkor bo’lishini aytdi.

"Donald Tramp boshchiligidagi hukumat siyosatni boshqacha yuritishi aniq. Tramp bu haqda doim ochiq gapirgan. Yevropa Ittifoqi birligini yo’qotmasdan, bir bo’lib harakat qilishi kerak”, - dedi Shols.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSh bilan aloqalar eng quyi nuqtada ekanini ta’kidlarkan, Rossiya Vashington bilan muloqotga tayyor ekanini aytadi.

Peskov muxbirlarning “Prezident Putin Trampni saylangani bilan tabriklaydimi” degan savoliga “bilmayman” deb javob berdi.

"Gap bizning mamlakatimizga qarshi urushga bilvosita va bevosita aralashgan do’stona bo’lmagan mamlakat haqida ketyapti”, - dedi rasmiy.

Yaponiya Bosh vaziri Shigeru Ishiba Tramp bilan yaqindan ishlash, AQSh bilan aloqalarni va ittifoqni yuqori pog’onaga ko’tarish ishtiyoqini bildirdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Trampni X ijtimoiy tarmog’i orqali tabriklab, uni “do’stim” deb atadi.

"Dunyoni adolatliroq qilish uchun ko’proq harakat bo’ladi deb ishonaman. Saylov bizga do’stona va ittifoqchi AQSh xalqi va butun insoniyat uchun foydali bo’ladi degan umiddaman”, dedi Erdog’an.

Turkiya rahbari Oq uyning hozirgi egasi Jo Bayden bilan yaxshi aloqada bo’lmagan, ikki rahbar so’nggi bor o’tgan yil yozida NATO sammiti doirasida uchrashgan.

G’azoliklar Trampning prezidentlikka saylanishini izohlar ekan, u Yaqin Sharqda urushni tez to’xtata olishiga shubha bildirdi.

"U va Kamala ayni ma’muriyatning odamlari. Ular Falastin xalqi va Falastin masalasiga dushman. Trampga dushmandek qarashimiz kerak”, - deydi bir odam.

"Tramp Amerikadagi musulmonlarga G’azoda urushni to’xtatishga so’z bergan. Shunday bo’ladi deb umid qilaman”, - deydi yana bir falastinlik.