Amerika rahbari Donald Tramp Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan ikki kunlik muloqoti samarali kechganini aytmoqda. Florida shtatining so'lim go'shasida dunyoning ikki eng qudratli rahbari Shimoliy Koreyaga nisbatan chora ko'rish va iqtisodiy hamkorlik haqida muzokaralar olib bordi.
Si jurnalistlar bilan gaplashmagan bo'lsa-da, uchrashuvlardan qoniqqanini bildirgan.
Oq uy Pekindan Pxenyanga nisbatan chora ko'rishni so'ramoqda. Xitoy - Shimoliy Koreyaning suyangan tog'i. Oziq-ovqat va boshqa zarur mollar hamda harbiy materiallar unga bu yirik qo'shnidan kirib keladi.
Uzoq yillardan beri sanksiyalar ostida yashayotgan Shimoliy Koreya qurollanishda davom etar ekan, G'arbda xavotir va qarshilik kuchli.
Vashington nazarida Pxenyan Xitoy uchun siyosiy ta'sir vositasi. Strategik qudrat. Biroq Amerika va Xitoy bir-biriga iqtisodiy jihatdan tobora tobe bo'lib borar ekan, Pekin uzoqni ko'zlab qadam tashlashi va Shimoliy Koreyani qurolsizlantirishi, juda bo'lmaganda hozirgi o'zboshimcha xatti-harakatlaridan qaytarishi lozim. Koreya yarimoroli tinch bo'lishi Amerika manfaatlari uchun xizmat qiladi, deydi Prezident Tramp. Yaponiya va Janubiy Koreya - Vashingtonning yaqin ittifoqchilari.
Tramp, shuningdek, Xitoy bilan savdoda 310 milliard dollarlik kamomaddan norozi. Muvozanatga erishish kerak, deydi u, biznes hamkorlikdan tomonlar teng foyda ko'rishi kerak.
Barak Obama prezidentligi davrida Vashington Osiyo-Tinch okeani va umuman butun Osiyoni AQSh uchun strategik hudud deya belgilab, siyosiy e'tiborni oshirgan edi. Amerika dengiz harbiy flotining 60 foizi dunyoning shu tarafiga yo'naltirilgan.
Xitoy Janubiy va Sharqiy Xitoy dengizlarini qo'shnilar bilan talashib keladi. Vashington bu ziddiyatda o'zini neytral deb tanishtiradi, biroq dengiz atrofidagi kichik davlatlarni himoya qiladi. Bu kelishmovchilik siyosiy muzokara orqali hal etilishi kerak, deydi Amerika rasmiylari.
Tayvan mustaqilligi va Shinjondagi uyg'urlar erkinligi singari nozik masalalar ham bor. Xitoy har ikki masalada bu hududlarni o'z mulki va nazorati ostidagi aholi deb biladi. Amerika esa ularning tarafini olib keladi.
Tramp ma'muriyati Pekinni Shimoliy Koreyaga nisbatan qattiq turishga ko'ndirish uchun yuqoridagi yondashuvlardan voz kechishi mumkin yoki bu masalalarga e'tiborni pasaytirishi mumkin degan xavotir hukmron.