BMTning Inson huquqlari bo’yicha oliy komissariati Isroilni minglab falastinliklarni G’azo va G’arbiy Sohildagi maxfiy joylarda saqlayotganlikda, qiynoqqa tenglashtirish mumkin bo’lgan muomalada ayblamoqda.
Jenevadagi jurnalistlar bilan G’azodan video orqali bog’langan agentlik vakili Ajit Sungay bir necha falastinliklar bilan uchrashgani, ularni Isroil kuchlari 30 dan 55 kungacha ushlab turgani haqida bayon qildi.
“Raqamlar haqida gapirish qiyin, lekin minglab odamlar haqida gap ketmoqda, - deydi u. - Ular kaltaklangani, tahqirlangani, qiynoq deb tasvirlash mumkin bo’lgan muomalaga duchor bo’lganini aytib berdi. Keyinchalik ozod etilgan erkaklar haqida xabarlar bor. Ularni faqat taglik bilan, sovuq havoda hech qanday kiyimsiz qo’yib yuborishgan”.
BMT vakiliga ko’ra, ozod etilganlar “uzoq vaqt davomida, ayrimlari qatorasiga bir necha kun ko’zi boylangani” haqida hikoya qilib berishgan. Ko’pchiligi Isroil hududiga olib kirilgan, ammo aniq qayergaligini aytolmaydi.
Komissariat so’zlovchisi Ravina Shamdasani ushbu da’volar bo’yicha Isroilga murojaat qilgan.
“7-oktabrgacha bo’lgan davrda va undan keyin ham Falastin hududlarida ro’y bergan, qiynoqqa tenglashtirilayotgan voqealar yuzasidan Isroil rasmylariga xavotirimizni bildirdik. Afsuski, hech qanday javob olmadik”, - deydi u.
“Amerika Ovozi” Isroilning Jenevadagi missiyasi bilan bog’lanib, izoh ololmadi.
XAMAS guruhi 7-oktabr kuni Isroilga hujumida 1200 ga yaqin odamni o’ldirgan, yana 250 kishini garovga olgan edi. O’shandan buyon Isroil olib borayotgan urushda, G’azo Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, 24 mingdan ziyod odam halok bo’lgan, shundan 70 foizi ayollar va bolalar.
BMTning inson huquqlari bo’yicha idorasi Isroilni hibsdagilarga nisbatan xalqaro standartlarga muvofiq munosabatda bo’lishga chaqirmoqda.
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko’rsatish agentligi (UNRWA) ma’lum qilishicha, G’azoda 1,7 million odam darbadar, aksariyati janubdagi gavjum boshpanalarda yashamoqda.
Buni ham ko'ring Hisobot: G'azoda ocharchilik ehtimoli yuqoriKasalxonalarda ahvol og’ir
Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, G’azodagi 36 kasalxonadan 15 tasi qisman ishlab turibdi. Dori-darmon, jihozlar va shifokorlar yetishmaydi. Kasalxonalarga bora olmasligi sababli 60 ming homilador ayol, agar zarur bo’lsa, yordam ololmasligi mumkin.
Harbiy harakatlar boshlanigandan beri yuzlab ayolning bolasi tushgan yoki ular erta tug’gan. YUNISEF tashkiloti bu ma’lumotni tasdiqlamoqda.
“Onalar tug’ishdan oldin, tug’ish paytida va tug’ishdan keyin tibbiy yordam olishda, ovqatlanish va himoyalanishda tasavvur qilib bo’lmaydigan qiyinchiliklarga duch kelishmoqda”, - deydi YUNISEFning Iordaniyadagi vakili Tess Ingram.
“Ushbu sharoitlar onalarni homila tushishi, o’lik tug’ish, erta tug’ish, o’lim va ruhiy jarohat xavfi ostida qoldiradi. Yangi tug’ilgan chaqaloqlarning azob chekayotgani, ba’zi onalar qon ketishidan o’layotgani barchamizni bedorlikka chorlashi kerak”, - deydi Ingram.
Isroil kuchlari shifoxonalarga hujum qilib, tinch aholini nishonga olayotganini inkor etadi. Armiya so’zlovchidi Daniel Hagari so’zlariga ko’ra, XAMAS kasalxonalarni qo’mondonlik markazlariga, terrorchilar yashirinadigan joylarga aylantirgan. Bu, deydi u, kasalxonalarga ehtimoliy hujumlarga asos bo’la oladi.
“Reuters” axborot agentligi Isroil kuchlari 15-noyabrda Al-Shifo kasalxonasida reyd o’tkazgani, u yerda XAMASga tegishli qo’mondonlik markazi, qurollar va jangovar jihozlar topilgani haqida xabar bergan.