O'tgan bir yil ichida qariyb 44 million odam qochqinga aylangan

  • Amerika Ovozi

Mojarolar oqibatida o’tgan yili 43,7 million odam uy-joyini tashlab chiqqan. Toshqin va zilzilalar bois yana millionlab odam boshpanasiz

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitobiga ko’ra, jahonda qochqinlar soni oshib, oxirgi 15 yilda eng yuqori ko’rsatkichga yetgan. Ko’pi kambag’al davlatlardan.

Bugun, 20 iyun – umumjahon qochqinlar kuni. Mojarolar oqibatida o’tgan yili 43,7 million odam uy-joyini tashlab chiqqan. Toshqin va zilzilalar bois yana millionlab odam boshpanasiz.

BMT rasmiysi Aleksandr Aleykinoff so’zlariga ko’ra, yetti million fuqaro besh yildan oshibdiki, darbadar. Boshqalar esa 30 yillab g’urbatda yurishga majbur. Vataniga qaytayotganlar sanoqli, deydi Aleynikoff.

Pokistondagi afg'onlar

Iqtisodiy muammolar, diniy va madaniy farqlar sababli boy davlatlar qochqinlarni qabul qilishdan hayiqadi.

Qochoqlarga qarshi munosabat yil-sayin salbiylashib, ularni avval quvvatlab kelgan boy jamiyatlar bugun eshiklarini yopmoqda, deyiladi BMT tahlilnomasida.

Natijada buning o’g’irini yo’qsil mamlakatlar, xususan, Pokiston, Eron va Suriya yolg’iz ko’tarishga majbur. 2010 yilda qochqinlarga panoh bergan ham shular – Pokistonda 2 million qochqin yashaydi, Eron va Suriyada taxminan bir milliondan.

“Qochqinlarning bir foizi, hatto undan kamrog’i vataniga qaytgan, ya’ni bu yil 100 ming kishi. Yana 10 million fuqaro chetda yuribdi”, - deydi Aleynikoff.

Gap odamlarni sargardon qilgan sabablarda, deydi BMT rasmiysi. Shimoliy Afrika, Fil Suyagi Qirg’og’i, Suriya va Sudanda yangidan-yangi konfliktlar paydo bo’lmoqda. Tabiiy ofatlar yana millionlab odamlarni g’arib bir ahvolga solgan.

Liberiya

Turkiyada jon saqlayotgan suriyalik 10 ming kishini oling. Ular prezident Bashar al-Assad qahridan qo’rqib, o’tgan kunlar ichida bor-butini tashlab qochgan.

Yil boshida inqilobni boshidan kechirgan Tunisning Liviya bilan chegarasi yaqinida ham qochqinlar lageri bor. Bu yerda Liviyadagi urushdan dod deb kelgan 3500 muhojir jon saqlayapti. Ular asosan Afrikaning boshqa davlatlaridan. Urushdan oldin Liviyada ishlab kun ko’rayotgan edi.

So’nggi bir necha haftada lagerda etnik to’qnashuvlar ro’y bergan. Bir necha kishi o’lib, chodirlarga o’t qo’yilgan.

Eritreyalik mana bu fuqaro to’rt inisidan ayrildi. “Yong’in paytida jon berishdi”, - deydi u.

Chodir shaharchada kamida ming bola yashaydi. BMT o’rnatgan vaqtli maktab ham olovda kuyib kul bo’ldi.

BMT Qochqinlar agentligi vakili Mans Ninberg avlod-ajdodlari surgunda yashayotgan, vatan nimaligini bilmagan odamlar hayotidan xavotirda. “Bu insonlar uchun yechim yo’qday”, - deydi u.

Suriyalik qizaloq

Liviyani tark etgan oilalar Yevropaga intiladi. Keragidan ko’p odam mingan eski, ana cho’kaman, mana cho’kaman degan kemalar Italiya sohillariga qarab yo’l oladi.

Rim papasi Benedikt xalqaro hamjamiyatni bu muhtoj insonlarga nisabatan mehr-oqibatli, sahovatli bo’lishga undaydi. Qochqinlar uyiga qaytguniga qadar odamiy muomala, qulay sharoitda yashashga haqli, deydi pontifik.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti xulosasi shuki, qochqinlar masalasining asosiy yechimi aniq – urushlar va mojarolar bo’lmasin.