AQSh qurolli kuchlari Isroilga yordamni, XAMASga esa bosimni kuchaytirmoqda. Pentagon nazarida bu guruh "Islomiy davlat" kabi "shafqatsiz".
Jurnalistlar bilan muloqotda Amerika rasmiylari Isroil hukumati bilan bu xususda hamfikr ekanini bildiradi. Ulardan birining tushuntirishicha, "Islomiy davlat" naqadar qonxo'r ekanini ko'rsatish uchun odamlarning kallasini olib, internetga joylar va naqadar noinsoniy ekanini dunyoga ko'z-ko'z qilar edi.
"XAMAS ham yahudiylarga xurujlari bilan shuni yodga solmoqda", - deydi AQSh vakili.
“XAMAS Isroilga bostirib kirib, farzandlarini ota-onasi oldida o'ldirmoqda. Jamoat tadbirlarida aholini o'qqa tutmoqda. Odamlar jon saqlayotgan inshootlarga o't qo'ymoqda".
Pentagon Isroilga harbiy dengiz flotining katta bo'linmasini, shuningdek, ilg'or jangovar kemalar va samolyotlar yo'llagan.
"Isroil o'zini himoya qila olishi kerak va biz unga madad ko'rsatamiz. XAMAS terroriga qarshi birga chora ko'ramiz", - deydi Pentagon so'zlovchisi.
O'rta dengizning sharqiy qismlariga safarbar etilgan minglab dengizchilar va havo kuchlari Isroilni Eron va Hizbulloh tahdididan asrashni maqsad qilgan.
AQSh mintaqada razvedka harakatlarini ham kengaytirmoqda.
Hozircha, deydi rasmiylar, XAMAS hujumlarini Eronga bog'lovchi isbot-dalil yo'q.
Biroq Bayden ma'muriyati Tehron qudratini past baholamaydi. AQSh Eron Yaqin Sharqdagi qator jangari guruhlarni quvvatlashini biladi, ularga qanday qurollar uzatib turishidan xabardor.
Oq uydan Jon Kirbi deydiki:
"Eron, shubhasiz, yillardan beri XAMASga yordamlashadi - turli vositala beradi, treninglardan o'tkazadi, konkret ko'mak".
Lekin Kirbi tan oladiki, Amerika hukumati 7-oktabr kungi XAMAS amalga oshirgan keng ko'lamli operatsiyada Eron qo'li bor yoki yo'qligi haqida aniq axborotga ega emas.
Tehron- Livanda asoslangan Hizbullohning madadkori. Isroil bu to'da bilan o'q almashib turadi. Hizbulloh XAMAS tarafida ekani haqida bong urib keladi.
Pentagon maxsus choralar ustida o'ylanmoqda. Tahdid darajasi tahlil ostida.
Vashingtondagi qator ekspertlar ta'biricha, Eron Isroil va shu tariqa uni quvvatlovchilarga qarshi proksi urush boshlayotgan bo'lishi mumkin.
Hududga safarbar etilgan maxsus bo'linma Tehronga Amerika harbiy qudratini eslatib, uni bu ahdidan qaytarishi lozim.
"Mintaqadagi hukumatlar bizning nimaga qodir ekanimizni anglashi kerak", - deydi Kirbi.
Ammo Oq uy Isroil yoki G'azoga qo'shin jo'natish haqida o'ylayotgani yo'q. Shunisi aniqki, harbiy yordamni toxtatmaydi.
Mudofaa rasmiylari Ukrainadagi vaziyatdan ham ko'z uzmayapti. Rossiya bilan davom etayotgan urushda Kiyevga ko'mak davom etadi, deydi ular.
Isroil-XAMAS urushida hozirgacha 1000 dan ziyod odamning yostig'i qurigan.