Tojikistonlik kuzatuvchilar fikricha, AQShda hokimiyat tepasiga Demokratik partiya vakili Jo Baydenning kelishi Markaziy Osiyo xalqlari uchun eng kuchli omillardan boʻlgan mehnat muhojirligini hisobga olmaganda ijobiy holat.
Tojikiston rasmiylari Baydenning gʻalabasi yuzasidan hozircha biror fikr bildirgani yoʻq. Ammo Dushanbe shahridan tahlilchi Sherali Rizoyonning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, AQSh yangi maʼmuriyatining Markaziy Osiyo davlatlari va Tojikistonga taʼsiri bilvosita boʻladi.
Buni ham ko'ring AQShda kim prezident boʻlishi Tojikiston uchun ham muhim“Prezidentlik saylovida demokratlar vakilining gʻolib boʻlishi yangi maʼmuriyatning Rossiya va Xitoy bilan raqobatlari kuchayishiga olib kelib, buning Markaziy Osiyo davlatlariga ham taʼsiri boʻlishi ehtimoli katta. Shu nuqtai nazardan agar Shinjon uygʻurlari ortidan Xitoy bilan AQSh ziddiyatlari keskinlashsa, Markaziy Osiyo davlatlariga, jumladan, Qirgʻiziston va Tojikistonga ham buning taʼsiri seziladi. Agar Oq uyning yangi maʼmuriyati bilan ziddiyatlar natijasida Rossiya iqtisodiyotiga manfiy taʼsir boʻlsa, kelgusi toʻrt yilda mehnat muhojirlarimizning ahvoli ham ogʻir boʻladi. Shuningdek, Rossiya iqtisodiyoti va u yerda ishlayotgan fuqarolar puli hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining iqtisodiyoti ham xaroblashadi”, - deydi Rizoyon.
“Mening fikrimcha, demokrat Jo Baydenning hokimiyat tepasiga kelishi Markaziy Osiyoga yaxshi boʻladi. Bayden kuchli siyosatchi. Tramp siyosatchi emas, biznesmen edi. Bayden maʼmuriyati bilan aqalli muzokara va aloqalar boʻladi. Tramp paytida hammasi tushunarsiz edi. Bu aloqalardan bizning davlatlarga yaxshi yoki yomon boʻlishi haqida oldindan aytish qiyin, albatta”, - deydi kuzatuvchi Doniyor Roʻzmetov.
Uning fikricha, AQShda hokimiyat tepasiga demokratlar kelishi Markaziy Osiyo davlatlariga yon atrofdagi qudratli davlatlar bosimi kamayishiga ham sabab boʻlishi mumkin.
Tojikistonlik siyosatshunos olim Naimjon Berdishukurov fikricha, AQShda respublikachilar yoki demokratlar vakili prezidentlik kursisiga kelishidan qatʼi nazar birinchi navbatda oʻz milliy manfaatlarini oʻylashadi. Ular oʻz davlat manfaatlaridan kelib chiqib ish koʻrishadi. Yangi prezidentdan ijobiy yangiliklar kutish, albatta, tabiiy hol. Tojikiston bilan qanday munosabatda boʻlishini esa vaqt koʻrsatadi.
Oʻzbekistonlik jurnalist Sharofiddin Toʻlaganov fikricha, Markaziy Osiyo davlatlariga AQShning Rossiya va Xitoyga nisbatan boʻlgan siyosatining taʼsiri sezilishi mumkin.
Buni ham ko'ring Demokrat yoki respublikachi? Markaziy Osiyoga kim bilan ishlash oson?“Donald Trampning magʻlubiyati juda noodatiy narsa emas. U ikkinchi muddat uchun oʻtkazilgan saylovlarda magʻlubiyatga uchragan prezidentlar roʻyxatida toʻqqizinchi prezident boʻldi. Yangi prezident Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan qanday siyosat olib borishiga kelsak, menimcha AQShning tashqi siyosatida katta davlatlar, masalan, Xitoy, Rossiya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga nisbatan oʻzgarish boʻlishi mumkin. Ammo Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat oʻzgarmay qolaveradi. AQShda tashqi siyosat toʻlaligicha Davlat departamentiga ishonib topshirilgan. Davlat departamenti belgilab bergan yoʻnalish boʻyicha prezidentlar harakat qiladi. Shu sababli Trampning magʻlubiyatidan kimdir xafa boʻlishi yo kimdir xursand boʻlishi, Baydenning gʻalabasidan kimdir xursand boʻlishi yo kimdir xafa boʻlishi kerak emas. Faqat AQShning Rossiya va Xitoyga boʻlgan siyosatini kuzatib turishimiz kerak, xolos”, - deydi Toʻlaganov.
Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻizistondagi vaziyat bilan yaxshi tanish boʻlgan xorijdagi tahlilchi Zafar Soʻfiyev fikricha, AQSh hokimiyat tepasiga demokratlar kelishi, umuman olganda, Markaziy Osiyo davlatlariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
“Umid qilamanki, Markaziy Osiyoda demokratik jamiyat shakllanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bayden maʼmuriyati ayniqsa Oʻzbekistonda demokratik qadriyatlar shakllanishiga katta eʼtibor qaratadi, deb oʻylayman. Shu barobarida Oʻzbekistonga Rossiya taʼsiri kamayishi ham mumkin. Zero, Oʻzbekiston hukumati va Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatni Islom Karimovning diktatorlik hokimiyati asoratlaridan tozalashga urinmoqda”, - deydi suhbatdosh.
Uning fikricha, Bayden maʼmuriyati va Moskva ziddiyatlari kuchayishi koʻp jihatdan Rossiyaga bogʻliq boʻlgan Markaziy Osiyo davlatlariga albatta taʼsir etmay qolmaydi.
“Qirgʻizistonga Xitoy bosimi ortib borishi barobarida bu masala AQSh hukumati diqqatini tortishi mumkin. Yaʼni Xitoyning geopolitik qudratini kamaytirish yoʻlida Vashington va Bishkek orasida hamkorliklar kuchayishi ehtimoli mavjud. Tabiiyki, bu yoʻlda demokratik qadriyatlar, soʻz erkinligi va inson huquqlari masalalari ham ijobiy tomonga oʻzgaradi”.
Buni ham ko'ring Tramp Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatni qanchalik yangiladi?Tramp prezidentligi paytida, deydi So’fiyev, AQSh tashqi siyosatida demokratik qadriyatlar hal qiluvchi masala emas edi. Demokratlar bu holatni oʻzgartirishiga, tashqi siyosatda faqat iqtisodiy va geopolitik manfaatlargagina oʻralashib qolmay demokratik qadriyatlarga ham eʼtibor qaratishiga umid bor, deydi u.
“Tojikistonda esa diktatorlik va bir oila vakillari tomonidan hokimiyatni egallab olinishi tufayli jiddiy muammolar paydo boʻlish ehtimoli ham bor. Bu oʻrinda Tojikistonning koʻp jihatdan Rossiyaga bogʻliqligiga ham eʼtibor qaratish kerak. Tojikiston rahbariyati AQSh yangi maʼmuriyati targʻib etadigan demokratik qadriyatlarga qarshi barcha yoʻllar bilan kurashadi. Oʻzgacha fikrlaydiganlarning taʼqib qilinishi, inson huquqlarining poymol etilishi va soʻz erkinligiga qoʻyiladigan toʻsiqlar masalalariga AQSh demokratlari Tramp maʼmuriyati singari befarq boʻlmaydi. Shu sababli Oq uyga demokrat prezident kelishi tashqi siyosatda Markaziy Osiyo davlatlarida qayta demokratik qadriyatlarga eʼtibor kuchayishiga sabab boʻladi. Oʻylaymanki, mintaqadagi aksariyat odamlarning AQSh saylovlarini katta qiziqish bilan kuzatishlarining sababi ham shunda edi”.