AQSh dunyoning iqtisodiy jihatdan eng yirik va qudratli mamlakati.
Yillik yalpi milliy daromad qariyb 15 trillion dollar, ya’ni kishi boshiga o’rtacha 47 ming dollardan to’g’ri kelishiga qaramay, bu xalq qarzga yashaydi.
Odamlar kreditga kun kechirishga shu qadar o’rganib ketganki, hukumat ham bu jabhada ulardan qolishmaydi.
Byudjetni muvozanatga keltirish uchun sarf-xarajatni kamaytirish kerak, bu esa siyosiy jihatdan o’ta nozik masala. Moliyaviy ekspertlar nazarida, Amerika ertaga qarzini to’lay olmasligi ham mumkin.
Qo’shma Shtatlarni boshi qarzdan chiqmaydigan mamlakat desa bo’ladi. Xarajat daromaddan oshgani oshgan va hozirda 14 trillion dollardan o’tib ketgan.
Har kungi qarz foizi - 4 milliard dollar. Qarz miqdori federal qonunlar bilan chegaralab qo’yilgan-u, lekin Kongress uni har yili o’zgartirishga majbur, deydi iqtisodchi Fariburz G’adar.
“Boshqa davlatlardan qarz olish uchun ham ruxsat kerak. Qonunlar ahamiyati shunda. Mablag’ bo’lsa sarflaysiz, yoki bir yoqdan kesishga to’g’ri keladi”, - deydi olim.
AQShning eng yirik kreditorlari – Xitoy, Yaponiya, Britaniya, Saudiya Arabistoni va Germaniya.
“Pulni keyinchalik to’lab berish majburiyatini olganmiz. Buni uddalay olmasak, dollarning qadri tushib ketadi va oqibatda Amerikaga kirib kelayotgan mahsulot narxi oshadi. Hozirgidek kuchli dollar hisobiga xorijga chiqib kelish oson bo’lmaydi. Qimmatli qog’ozlar bozorida-ku alg’ov-dalg’ov boshlanishi aniq”, - deydi Fariburz G’adar.
Lotin Amerikasida iqtisodiy jihatdan uchinchi eng baquvvat davlat – Argentina 1995-2000 yillarda qarzini uzolmay, iqtisodiy bo’hronga yuz tutgan edi.
Natijada sarmoyadorlar mamlakatni tark etdi, minglab odam ishidan ayrildi. Argentinaning mintaqaviy savdo hamkorlari - Meksika va Braziliya ham krizisdan omon qolmadi. Achinarlisi, deydi olim, o’rtadan ishonch ketdi.
“Valyuta qiymati birganida tushib ketgach, odamlar vahimada bor pulini dollarga almashtirib, mamlakatdan olib chiqishga harakat qilgan. Investorlar tizimga ishonmay qo’ydi. Bunday voqealar iqtisodiyotga jiddiy zarba beradi”.
O’xshash holat AQShda ham yuz berishi mumkinmi?
“Gap shundaki, Amerika o’zining milliy valyutasi - dollarda qarz oladi”, - deydi ekspert.
“Sharoit talab qilsa, pul bosib chiqarish o’ziga havola. Albatta, bunda inflyatsiya xavfi bor, lekin kreditorlar sarmoyasini foizi bilan qaytarib olishiga ishonchi komil. Chunki dollarning zaxira valyuta degan nomi bor”.
Kongress qanday qarorga kelmasin, AQSh moliyaviy majburiyatlarini belgilangan muddatda bajaradi, deydi iqtisodchi olim J. D. Foster.
“Davlat g’aznasi hech qachon bo’shab qolmagan, chunki soliq va boshqa to’lovlar muntazam kelib turibdi. Qarz shu paytgacha foizi bilan to’lab kelingan va shu tartibda davom etadi”.
Iqtisodchi Fariburz G’adar nazarida, Kongressda byudjet yuzasidan avj olgan bahs-tortishuvlar kreditor davlatlarni vahimaga solishi mumkin.
“Buning oqibatida to’lovlar 5-6 foizga ko’tarilishi hech gap emas. Bu juda katta son, chunki bir foizga oshsa ham, bu - 140 milliard dollar degani. Hozir qarz miqdoriga qo’yilgan chegaraga deyarli yetib qoldik, uni ko’tarmasdan iloj yo’q”, - deydi u.
Qonunchilar ham buni juda yaxshi tushunadi.
“Qo’shma Shtatlar o’z majburiyatlariga jiddiy yondashadi. Axir global moliya tizimi AQSh dollari bilan chambarchas bog’liq. Argentinadagi moliyaviy krisiz dunyo bozorida o’ziga yarasha aks-sado berdi, lekin Amerika bu holatga tushishini tasavvur qilish qiyin”, - deydi J. D. Foster.
AQSh qarzi misli ko’rilmagan darajaga yetgani bir kun kelib yana bir tanazzulga zamin yaratishi mumkin.
“Bu nuqtaga yetmadik hali. Jahon kredit bozori barqaror, foiz stavkalari past. Sarosima boshlangudek bo’lsa, bilingki, investorlar Amerika hukumatiga ortiq ishonmaydi. Foiz stavkalari ko’tarila boshlaydi. Gretsiya, Irlandiya va Portugaliyada bunga guvoh bo’lganmiz”, - deydi Foster.
Xullas, bir necha urushlar va iqtisodiy bo’hron tufayli AQSh qarz botqog’iga batamom botgani rost, biroq hukumat qimmatli qog’ozlarini bozorga chiqarganida xaridor doimo topiladi.