Vashingtonda qarz yuzasidan keskin tortishuvlar davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Amerika qarzi hozirda qonun bilan chegaralangan nuqtaga yetib qolgan, ya’ni 14,3 trillion dollar. Prezident Obama va Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner masala yuzasidan kelisha olmayapti.

Amerikada sarf-xarajatni kesish va xorijdan qarz olishga doir muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib qolgan.

Kongressdagi ikki partiya – demokrat va respublikachilar moliyaviy siyosat ustida talashmoqda. Vaqt esa tig’iz.

Muzokaraga prezident Barak Obama shaxsan o’zi vositachilik qilmoqda.

Kecha Oq uyda yetakchi qonunchilar bilan “konstruktiv muloqot qildik”, deydi prezident. Lekin, oddiy qilib aytganda, hamma o’z fikrida qolgan.

Gap shundaki, davlat xazinasi bo’m-bo’sh. O’z fuqarolariga pensiya puli va kreditor davlatlarga qarz foizini vaqtida to’layman desa, Amerika xorijdan yana qarz olishi zarur. Lekin Kongress bunga ruxsat bermayapti.

“Kelishuvga erishmaguncha, hech kim dam olishga chiqmaydi”, - deydi Obama.

Muzokarachilar yakshanba kuni yana Oq uyga qaytadi.

Prezident muxolifat talabiga binoan byudjet kamomadini kelasi 10 yilda 4 trillion dollarga kamaytirishga ko’nishi mumkin.

Sarfiyatni keskin qisqartirish respublikachilarning bosh talabi. Demokratlar bunga rozi, lekin badavlat amerikaliklar ko’proq soliq to’lasin deydi.

“Hech kimning solig’i bir sentga ham oshmaydi”, - deya ta’kidlaydi Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner.

“Millionlab amerikaliklar ishidan ayrilib, zo’rg’a yurgan bir mahalda bunday bema’ni takliflar bilan chiqish ablahlik”, - deydi respublikachi kongressmen.

Amerika qarzi hozirda qonun bilan chegaralangan nuqtaga yetib qolgan, ya’ni 14,3 trillion dollar.

Tomonlar 2 avgustgacha bir to’xtamga kelishi kerak, aks holda mamlakat “defolt” holatiga tushadi. Ya’ni tarixda ilk bor moliyaviy majburiyatlarini buzgan bo’ladi.