AQShda oxirgi uch yilning har birida 600 dan ziyod ommaviy otishmalar ro’y bergan. Qurol nazoratini kuchaytirish tarafdorlari va qurol ko’tarib yurish huquqini himoya qiluvchilar doimiy bahsda. Kongressda ham bu masala bo’yicha ikki partiya til topisha olmaydi.
Qurol zo’ravonligi arxivi degan tashkilotga ko’ra, 2023-yilda AQShda 650 dan ziyod ommaviy otishmalar ro’y bergan. Shundan yettitasi maktab va universitetlarda. Ammo bu ko’rsatkich qurol zo’ravonligi bilan bog’liq jami hodisalarning atigi 6 foizini tashkil etadi.
Mamlakatda 2023-yilda qurol zo’ravonligi oqibatida jami 42 987 kishi halok bo’lgan. 2022-yilda bu raqam 47 430 edi.
“Amerika bo’ylab har yili 15-17 mingta otishma ro’y beradi. Ommaviy otishmalarda ishlatiladigan asosiy qurol bu - AR-15 avtomati. Lekin “Glock” to’pponchasi ham ko’p qo’llaniladi”, - deydi tashkilot rahbari Mark Braynt.
Dekabr boshida demokrat senatorlar hujumkor qurollarga 2004-yilgacha amal qilgan taqiqni tiklashga urindi.
“Taqiq 2004-yilda o’z kuchini yo’qotgandanidan keyin, tabiiyki, ommaviy otishmalar ko’paydi. Buni o’zgartirishimiz kerak”, - deydi senator Chak Shumer.
Respublikachi senator Jon Barraso taklifga qarshi ovoz bergan qonunchilardan biri.
“Bu loyiha qonunga bo’ysunadigan fuqarolarning huquqlarini cheklaydi. Buning o’rniga asosiy e’tiborni ruhiy salomatlik, maktablar xavfsizligi va amaldagi qonunlar ijrosiga qarataylik”, - deydi u.
2022-yilda demokrat va respublikachilar birgalashib, “Xavfsizroq jamoalar” to’g’risidagi qonunni qabul qildi. Bu oxirgi 30 yilda ovozdan o’tgan ilk shunday tashabbus.
Ammo u qanchalik samarali ekaniga tarafdorlar ham, tanqidchilar ham turlicha baho bermoqda.
“Ayrim kamchiliklar bartaraf etildi, masalan sudlanganlarga qurol sotishni qiyinlashlashtirish bo’yicha. Ammo bu yetarli emas. Xaridorlar shaxsini chuqurroq tekshirish, hujumkor qurollarni man etish, qurollarni seyflarda saqlashni majburiy etib belgilash kerak”, - deydi tahlilchi Nik Uilson.
“Maktablarni xavfsiz saqlash bo’yicha tavsiya va amaliyotlarni bo’lishish yaxshi tashabbus. Lekin zo’ravon jinoyatchilar qurolni qanday qo’lga kiritishi masalasi chetda qolayapti. Shunchaki huquqbuzarlikka moyil bo’lmagan fuqarolar uchun jarayonni qiyinlashtiryapmiz xolos”, - deydi konservativ “Heritij” jamg’armasidan huquqshunos Eymi Sverer.
Shtatlarga qurolli zo’ravonlikni kamaytirish uchun qo’shimcha yordam berish tashabbusiga vitse-prezident boshchilik qilmoqda. Ammo tahlilchilar fikricha, 2024-yilda ikki partiya bu masalada yangi qadamlar qo’yishini kutmaslik kerak.
“Bu aksar respublikachilar va demokratlarning bir yoqadan bosh chiqarishini talab qiladi. Saylov yilida va siyosiy bo’linishlar davrida bu amri mahol”, - deydi Uilson.
“Boshi berk ko’chadamiz, chunki ikki tomon muammo va yechim nimada ekanini har xil tushunadi”, - deydi Sverer.
1996-yilda AQSh Kongressi qurol zo’ravonligi bo’yicha tadqiqotlarga byudjetdan mablag’ ajratishni taqiqlagan edi. 2019-yilda bu taqiq bekor qilingan va hozirda har yili 25 million dollar ajratilmoqda.