Qo’shma Shtatlar to’rt yil oldin Hindistonning Mumbay shahrida sodir etilgan qonli xurujlar ortida turgan shaxs, pokistonlik Hofiz Muhammad Said uchun 10 million dollargacha mukofot va’da qildi. Uni tutish va jazolashga yordam beruvchi ma’lumot zarur, deyiladi Davlat departamenti saytida.
Said Pokistonda asoslangan va Hindistonda qator terror hamlalarini amalga oshirgani gumon qilinayotgan Lashkari Toiba jangari guruhi ta’sischilaridan. 2008-yilning noyabrida Mumbaydagi xuruj 166 kishi, jumladan, olti amerikalikni hayotdan olib ketgan edi.
Voqea ketidan Pokiston hukumati Saidni yarim yilcha uy qamog’ida saqlab, ko’p o’tmay biror ayblovsiz qo’yib yuborgan. Pokiston Oliy Sudi nazarida tergov uchun dalil yetarli bo’lmagan.
Rasmiy Dehli Lashkari Toibani Mumbaydagi hujumda ayblab, bunda Pokiston armiyasi va razvedkasining ham qo’li bor, deb hisoblaydi.
AQSh e’lon qilgan mukofot Dehli va Vashington maqsadlari mushtarak ekanidan dalolatdir; xalqaro hamjamiyat terrorizmga qarshi kurashda yakdildir, deydi Hindiston rasmiylari.