Bayden ma’muriyati Yaqin Sharq mojarosi Amerikaning Ukrainaga yordamiga ta’sir qilishi mumkinligidan xavotirda ekan AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin “Ukraina muloqot guruhi”ning Bryusselda o’tgan navbatdagi majlisida uning mamlakati ittifoqchilarini e’tiborsiz qoldirmasligini bildirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Har ikkisini qo’llab-quvvatlaymiz. Ittifoqchilarimiz va hamkorlarimizga kerakli yordamni berish, manfaatlarimizni himoya qilish va mamlakatimizni mudofaa qilish salohiyatimizni ushlab turish uchun zarur choralarni ko’rishga tayyormiz”, - dedi Ostin.
Guruh majlisida ilk bor Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy qatnashdi. Ostinga ko’ra, AQSh va ittifoqchi davlatlar bu safar Ukrainaga bir milliard dollarlik yordam ko’rsatishga, xususan “Patriot” havo mudofaasi tizimi va Germaniyaning 10 ta “Leopard-2” tanklarini berishga kelishib oldi.
AQSh rasmiysi kelasi yili Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlari yuborilishi haqida ham ma’lum qildi.
“Oldin aytganimizdek, bunga oylab vaqt ketadi. Eng ertasi kelasi bahorda”, - dedi Ostin.
Amerika o’z harbiy omborlaridan Ukrainaga 200 million dollarlik qurol berishi ham ma’lum bo’ldi. Jumladan HIMARS artilleriya tizimlari uchun snaryadlar, tankga qarshi raketalar.
“Qish mavsumida harbiy harakatlarni olib borish qiyin bo’ladi. Ukraina qarshi hujumini qish oylarida ham davom ettirishini bildirmoqda. Ular muvaffaqiyatga erishishi uchun hamma narsani to’g’ri qilayotganimizni bugun har bir mamlakatdan eshitib xulosa qildim”, - dedi AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabining yangi rahbari general Charlz Braun.
Oq uy Vakillar palatasiga yangi spikerni saylash bilan ovora qonunchilardan Ukraina, Isroil, Tayvan va Amerika chegaralari xavfsizligi uchun qo’shimcha mablag’ni tasdiqlashni so’rashi kutilmoqda.