Turkiya Qo’shma Shtatlardan Fathulla Gulenni vataniga ekstraditsiya qilishni talab qilmoqda. 15 yildan beri AQShda yashab kelayotgan imom, rasmiy Anqara nazarida, Turkiya hukumatini ag’darishni rejalagan, davlatga qarshi harakatlar qilgan. Ammo tahlilchilar fikricha, Gulenni vataniga qaytarish oson bo’lmaydi.
Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an Vashingtondan Gulenni ekstraditsiya qilishni so’rajagini bildirdi. Vazir sobiq ittifoqchisi va uning tarafdorlarini hukumatni ag’darishga uringanlikda ayblab keladi. Your browser doesn’t support HTML5
Yevropaning inson huquqlari sudida ishlagan, hozirda Turkiya muxolifati a’zosi Rizo Turmen ikki davlat o’rtasida 1981-yildan beri amal qilayotgan ekstraditsiya shartnomasi matniga e’tibor qaratadi.
“Muayyan shartlar bajarilsagina, ekstraditsiya amalga oshishi mumkin. Masalan, talab qilinayotgan odam biror jinoyatda ayblanayotgan yoki aybdor deb topilgan bo’lishi kerak. Yana bir shart: jinoyat har ikkala mamlakatda jazolanadigan xatti-harakatlardan iborat bo’lishi lozim. Bilishimcha, Fathulla Gulenga qarshi hech qanday ayblov qo’yilgan emas. Demak, ekstraditsiya uchun qonuniy asos yo’q”, -deya sharhlaydi Rizo Turmen.
Mahalliy matbuot xabarlariga qaraganda Anqara prokurorlari Gulen faoliyati yuzasidan tergov boshlagan. Turkiya madaniyat va turizm vaziri Umar Jelikning bildirishicha, Gulenning konstitutsiyaga qarshi jinoyatlari o’rganilmoqda. “Bu Turkiya uchun hayot-mamot masalasi”, deya qo’shadi u.
Hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi nazarida Gulenning politsiya hamda sud tizimida tarafdorlari bor. O’tgan yili yetakchi vazirlar oila a’zolariga qarshi qalbaki tergovlar ochgani bejiz emas, hukumatni ag’darishga bo’lgan fitna bu, deydi rasmiylar. AQShning Pensilvaniya shtatida yashab kelayotgan imom barcha ayblarni inkor etib keladi.
“Milliyat” gazetasi sharhlovchisi Kadri Gursel ayblovlar jiddiy bo’lishiga qaramay, Gulenni vataniga qaytarish qiyin bo’lishini aytadi. Chunki AQSh va Turkiya o’rtasidagi ekstraditsiya shartnomasiga ko’ra, siyosiy sabablar bilan jinoyatda ayblanayotgan shaxsni topshirish mumkin emas.
“Kelishuvning aynan shu bandi ekstraditsiyani bekor qiladi, chunki Gulenga qarshi ishning o’zi siyosiy”, - deydi Gursel.
Vashington Fathulla Gulenga qo’yilgan ayblovlar yuzasidan shubha bildirgan. Ammo Rajab Toyib Erdog’anning ta’kidlashicha, Gulen Turkiyada faqat unga bo’ysunadigan tizimlar yaratgani, fitnaga qo’l urgani uning aybini tasdiqlab turibdi.
Yuqoridagi da’volar bosh vazirga o’tgan oygi mahalliy saylovlarda tarafdor to’plashda yordam berdi, deydi Semih Idiz, Turkiyaning “Taraf” gazetasi diplomatik sharhlovchisi. Avgustda bo’lib o’tadigan prezidentlik saylovlarida Erdog’an uchun Gulen masalasi katta ahamiyat kasb etadi.
“U mahalliy saylovlarda muvaffaqiyatga erishdi, o’z pozitsiyasini mustahkamlab oldi. Kelasi oylarda u shunday bayonotlar qilishda davom etadi, menimcha. Ammo bu Erdog’anning siyosiy o’yinlari, xolos. Amerikaga qarshi gaplar ovoz beruvchilarga doim ma’qul. Turkiyada G’arbga qarshi kayfiyatlar kuchli”, - deydi Idiz.
Tahlilchilar Vashington Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilishiga ishonmaydi. Talab rad etilgan taqdirda ham ikki tomonlama munosabatlar rivojlanaveradi, deb hisoblaydi Gursel.
“AQSh-Turkiya aloqalari ko’plab sohalarni qamrab oladi. Erdog’an hukumati ham, uning o’zi ham Vashington bilan munosabatlarni muhim deb biladi”, - deydi suhbatdosh.
Hozircha Rajab Erdog’an so’zidan qaytgani yo’q. Biz o’tgan yillar ichida AQShning ekstraditsiyaga doir o’nlab iltimoslarini bajarganmiz, deydi u. Turkiyada prezident saylovlari yaqinlashar ekan, bosim kuchayaveradi, deydi sharhlovchilar.