Afg‘onistonda o‘zbek matbuoti rasman 1971-yildan boshlangan. O‘shanda davlat radiosida 15 daqiqalik eshittirish berilgan. 1978-yildan esa “Yulduz” nomli haftalik nashr chiqqan. Astalik bilan mahalliy jurnallar, gazeta va radiolarda o‘zbek tilida materiallar chiqa boshlagan. 2001-yilda yangi siyosiy tuzum vujudga kelib, so‘z erkinligi va xususiy ommaviy axborot vositalari uchun yo’l ochilgach, o‘zbek matbuoti ham ancha kuchaydi. “Amerika Ovozi” bugungi ahvolga nazar tashlaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Afg‘onistonda bir qancha ommaviy axborot vositalarida o‘zbek tilida dasturlar berilmoqda. Lekin ko‘rsatuv va eshittirishlar so‘nggi ikki-uch yildan beri ancha ozaygan. O‘zbek tilida dasturlar berayotgan xususiy TV va radiolar dasturlarni yopib qo‘ygan. 2004- yili ochilgan Oyna TV asosan o‘zbek va turkman tillarida efirga chiqar edi. Lekin so‘nggi yillarga kelib bu dasturlar kamaydi. BBC radiosi ham Afg‘oniston o’zbeklari uchun vebsayt ochgan edi, 2015-yilning may oyidan beri yopiq.
Ariana TV ham 2016-yilda o‘zbekcha dasturlarini qisqartirdi. O‘zbek va turkman tillarida faoliyat yuritayotgan Batur TV bir necha oydan beri efirga chiqmayapti.
“Tolibon hukumatdan ketgach xususiy matbuotga erkinlik berilganidan keyin davlat matbuotidan tashqari nodavlat axborot vositalarida ham o‘zbekcha dasturlar boshlandi. Bugungi kunda to‘rt-besh televideniye va radiolarda o‘zbek tilida ko‘rsatuvlar va eshittirishlar chiqmoqda”,- deydi ancha yillardan beri o‘zbek matbuotida ishlab kelayotgan taniqli jurnalist Olim Ko‘hkan.
Malakali jurnalistlar yetishmaydi.
“Afg‘onistondagi o‘zbek jurnalistlari soni talablarga javob bera oladigan darajada emas. Jurnalistlarni tarbiyalash uchun ham amaliy qadamlar tashlanmagan. Davlat ham xususiy matbuot rahbariyati ham bunga e’tibor qaratmagan” deydi Olim Ko‘hkan.
Asosiy muammolaridan biri – til. Jurnalistika fakultetini bitirgan yoshlar o‘zbek tilini yaxshi bilmaydi yoki tilni o’qigan yoshlar jurnalistika usullari bilan tanish emas.
Olim Ko‘hkan nazarida jurnalistlarni yetishtirish uchun munosib muhit bo‘lishi shart.
“10-20 ta malakali jurnalistlar bo‘lganida yangi yoshlarni tarbiylash uchun zamin yaratilar edi. Afsuski shunday bir sharoitning o‘zi yo‘q. Bu muammoni hal etish uchun O‘zbekiston bilan ishlash kerak. Har yili jurnalistlarni jo‘natib tarbiylash kerak. Faollar bu muammoni hal qilish uchun O‘zbekiston hukumatiga murojaat qilishlari zarur”,- deydi Ko‘hkan.
Yosh jurnalistlar deydiki, ular ishlayotgan tashkilotlar jiddiy yordam bermayapdi.
“Xorijdagi matbuotni agar Afg‘oniston o‘zbek jurnalistlari o‘qisa, eshitsa, ijobiy ta’sir qiladi, albatta. Necha yildan beri matbuotda ishlab kelayotgan bo‘lsam ham kamchilikalarim ko‘p. Izlanish kerak”,- deydi mahalliy jurnalist Hoshim Hamdam.
O‘zbek jurnalistlari ularning malakalarini oshirish uchun maxsus markaz ochish zaruligini ta’kidlaydi.
“So‘nggi 15 yilda o‘zbek matbuoti ijobiy tomonga o‘zgargan edi. Chunki undan oldin barcha imkoniyatlar davlatga qarar edi, xususiy matbuot yo‘q edi. Lekin 15 yilgi yutuqlarning ayrimlari qo‘ldan ketmoqda. Buning asosiy omili - matbuotning moliyaviy muammolar bilan yuzma-yuz bo‘layotgani”,- deydi jurnalist Shafe’ Bego’g‘li.
O‘zbek matbuotini quvvatlaydigan biror dargoh yo’q. Hammadan achinarlisi dasturlar sifati juda past.