Chegaradagi vaziyat, jangarilar va GES masalasi Tojikiston va O’zbekistonni tobora uzoqlashtirmoqda

Oy boshida chegaradagi Rasht vodiysida harbiy operatsiya chog’ida 34 zobit halok bo’lgan edi

Tojikiston Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, Afg’oniston bilan chegarada uch jangari yo’q qilingan. Ular tojik ekani va qo’shni davlatdagi terrorchi manzillarida mashq qilgani aytilmoqda.

Oy boshida chegaradagi Rasht vodiysida harbiy operatsiya chog’ida 34 zobit halok bo’lgan edi. O’tgan oy esa jangarilar 28 askarni o’ldirgan. Sentabr boshidagi bu hujumni O’zbekiston Islomiy Harakati amalga oshirganini da’vo qiladi.

Tojikiston rasmiylarining aytishicha, Afg’onistonda NATO bosimidan qochgan toliblar va al-Qoida vakillari qo’shni yurtlardan pana izlamoqda.

Chegaradagi vaziyat, Rog’un GESi qurilishi sabab Tojikiston-O’zbekiston orasi anchayin sovuqlashgan. Prezident Islom Karimov gidrostansiya loyihasiga qarshi ekanini aytib keladi.

Davlatlararo ziddiyatdan, chegarachilar o’qidan jabr tortayotgan kim – aholi.

Yaqinda Tojikistonning O’zbekiston bilan chegaradosh Spitamen nohiyasi markaziy kasalxonasiga oyog’idan o’q yegan Erkin Niyozliyevni olib kelishdi. 24 yoshli yigit shu yerlik, Kurkat qishlog’ida yashaydi.

Tojikiston chegara xizmatining bildirishicha, u O’zbekiston zobiti otgan o’qdan yaralangan. Ismini aytishni istamagan tojikistonlik zobit so’zlariga ko’ra, Niyozaliyev kontrabanda bilan shug’ullangan, ya’ni qonunni buzgan.

Hozir kaslaxonada davolanayotgan Niyozaliyev o’ziga qo’yilayotgan aybni rad etadi.

“Men mol boqib yurgandim. Molim u tomonga o’tib ketdi, qaytarmoqchi edim. Menga “To’xta” deyishdi. Qo’rqqanimdan qochdim-da, bir-ikki marta otishdi. Keyin yana bilmadim…” – deydi u.

U bilan hamqishloq boshqa bir yigit Erkinda ayb bor deb hisoblaydi.

“Qishloqning O’zbekiston bilan chegara hududlarida daryo bor. U yerda hech kim mol boqmaydi. Mol boqsayam yosh bola boqadi. U yuk olib o’tgan, yukni daryoga tashlagan. O’zi o’q eganu, kasalxonaga tushgan”, - deydi yigit.

Niyozalievning hamqishlog’i O’zbekiston chegarachilari haddan oshmoqda deya mulohaza yuritadi. Uning aytishicha, chegaradan 1-2 dona qovun olib o’tish ham imkonsiz bo’lib qolgan. “Qovunlarni olib daryoga irg’itishadi”, - deydi u.

“Sen nimaga kelyapsan? Nima ish qilasan? Qayerga borayapsan? Kimnikiga borayapsan? Qachon kelasan? Soqolingiz bo’lsa, umuman, o’tib bo’lmaydi. Tog’am bilan yaqinda Bekobodda mardikorlik qildik. Soqollar o’sib ketgandi. SNB orqamizdan kelib, tamojnyada 2 soat so’roq qilib, kechasi 11 gacha qolib ketdik. Uyga kelolmadik. Ertasiga otdelga olib borib, keyin qo’yib yuborishdi”, - deydi u.

O’zbekiston bilan chegaradosh, Tojikistonning Kurkat qishlog’ilik yigit fikricha, ikki mamlakat o’rtasida Rog’un GESi qurilishi sabab bahs kuchaymoqda.

“Bu O’zbekiston tarafdan ko’rinadi, suv masalasida. Shu sabab O’zbekiston hamma tomondan chegarani boylab, yuklarni o’tkazmay odamlarni qiynab, chegaradosh xalqlarga azob bermoqda”, - deydi u.

“O’zbekistonni Orol qiynayapti. Tojikiston u yoqda Rog’unni qurib yotipdi. O’zbekistonga suv bormas emish. Televizorlarda ko’ryapmiz”, - deydi suhbatdosh.

Tojikistonlik professor Karim Abdulov bunday ko’rinishlar ikki qardosh xalq orasiga raxha sololmaydi deb biladi.

“O’zbekiston va uning rahbari Islom Karimov olib borayotgan siyosat hech qachon tojik-o’zbek o’rtasida do’stlikka halaqit bermaydi. Biz hech vaqt munosabatlarni buzmaymiz. Siyosat o’zgaradigan u kunlar uzoq emas’, - deydi professor.