So’x voqealari yuzasidan mahkamada ayblanuvchilarning aksariyati qiynoqlardan shikoyat qilishgan. So’xdan boshlariga qop kiygizilgan holda Farg’onaga olib ketilgan bu ayblanuvchilar qiynoq va kaltaklar ortidan iqrorlik bayonnomasini imzolashga majbur bo’lishgani haqida gapirishmoqda.
Farg’ona viloyat sudida may oyida So’xda kuzatilgan tartibsizliklarda aybdor ko’rilgan 22 nafar fuqaro ustidan mahkama davom etmoqda.
14-dekabrdagi mahkamada ayblanuvchilardan besh kishi ko’rsatma bergan, shundan to’rt nafari qiynoqlar qo’llanilgani yuzasidan shikoyat qilgan.
Buni ham ko'ring O'zbekistonda qiynoqlar hanuz davom etyaptimi?Mahkama jarayonini yoritgan “Kun.uz” nashri ma’lumotlariga tayanilsa, ayblanuvchilar kaltaklar zarbidan shokka tushib qolishganini, qiynoq ostida bayonnomaga imzo chekishga majburlanishgani, shuningdek, “Ko’karadigan joylariga urmaslik” tavsiyasi bilan kaltaklanishganini anglash mumkin.
9-dekabrda o’tgan mahkamada ko’rsatma bergan ayblanuvchilar ham huquq-tartibot idoralari tomonidan tazyiqqa olingani, boshlariga qop kiygizilgan holda kaltaklanishgani haqida gapirishgan.
Mahkamaga tortilgan 22 nafar so’xlik fuqaro may oyida So’x tumanida o’zbeklar va qirg‘izlar o’rtasidagi to’polonni tinchitish uchun voqea joyiga yetib borgan. Ular o’sha paytdagi Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyevni toshbo’ron qilishda, hokimiyat vakiliga qarshilik ko’rsatishda ayblanmoqda.
Hozirgacha ayblanuvchilardan hech kim o’z aybiga iqror bo’lmagan, mahkama davom etyapti.
Huquq himoyachilari ayblanuvchilarga nisbatan qiynoqlar qo’llanganini mahkama inobatga olishi, qiynoq vositasida olingan ko’rsatmalarni asossiz deb topishiga umid qilishmoqda.
Farg’onalik huquq himoyachisi Bahodir Eliboyev So’x voqealarini ham, bu voqealar ortidan boshlangan mahkama jarayonini ham yaqindan kuzatib kelmoqda.
Buni ham ko'ring So'xda shu kunlarda qancha odam hibsga olingan?“Hozirgacha bu ish bo’yicha to’rt marotaba sud majlisi o’tdi. Ayblanuvchilarning aksariyati qiynoqlar haqida gapirishdi, ayniqsa hibsga olish jarayonida ular qattiq kaltaklangan, boshlariga qop kiygizib olib ketilgan. Bundan tashqari ko’rsatma olishda ruhiy jihatdan ham bosim o’tkazilgan, nafaqat o’zlariga, balki qarindosh-urug’lariga ham yomon bolishi mumkinligidan ogohlantirilgan. Qonunchilikda qiynoq, ruhiy bosim yoki boshqa noqonuniy yo’llar orqali olingan ko’rsatmalar haqiqiy emas deb topilishi belgilangan. Mahkama o’z ishida buni inobatga oladi deb umid qilamiz. Umuman, bu ish yuzasidan ayblov asosli tayanchga ega emas, tartibsizliklar paytida voqea joyida bo’lish jinoyat emas. Sud bir tomonlama yuritilmoqda deb aytolmayman. Sud raisi tartibsizlik davomida yuzaga kelgan vaziyatni biladi, mahkamani xolis ko’rib chiqishiga umid qilamiz”, - deydi Eliboyev.
Qiynoqlar, xususan ularning huquq-tartibot idoralari tomonidan qo’llanishi O’zbekistonda inson huquqlari toptalishiga doir asosiy ko’rsatkichlardan biri bo’lib keladi.
Hukumatning qiynoqlarni to’xtatish bo’yicha jiddiy choralar ko’rilgani haqidagi bayonotlariga qaramasdan, so’nggi vaziyat bu masalada o’zgarishlar o’ta og’ir siljiyotganiga ishora bermoqda.
Qiynoqlarning o’lim bilan tugashi jamoatchilikda keng muhokamaga chiqayotgani, hukumat qiynoq qo’llash taqiqlangani haqida bayonot berib kelayotganidan qat’i nazar qiynoq, jumladan, o’lim holatlari hamon mavjud.
Buni ham ko'ring O'zbekistonda qiynoqlarga qarshi kurash qanchalik jiddiy?O’tgan oy Oliy sud Andijonda huquq-tartibot idoralari tomonidan urib o’ldirilgan fuqaroning ishi yuzasidan hukm e’lon qilgan edi. Alijon Abdukarimovni urib o’ldirishda aybdor topilgan ishki ishlar organlarining bir guruh xodimlariga 8 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.
Abdukarimovning qiynoqlardan vafot etgani huquq-tartibot idoralari tomonidan emas, marhumning yaqinlari tomonidan ochiqlangan edi. Bu voqea jamoatchilikda keskin norozilik uyg’otishi ortidan mamlakatdagi qamoqxonalar, hibsxonalardagi vaziyatini muntazam monitoring qilish yo’lga qo‘yildi.
O’zbekiston Ombudsmani Ulug’bek Muhammadiyev yetakchiligidagi monitoring guruhi yaqinda Toshkentda o’tgan anjumanda qamoqxona va tergov hibsxonalarida o’tkazib kelinayotgan monitoring natijalari haqida hisobot bergan.
Jurnalistning qiynoqlarga doir savoliga javob bergan ombudsman monitoring natijalari mahkumlarning asosiy shikoyati pandemiya bois uchrashuvlarga cheklov qo’yilganidan iborat bo’lganligini aytish bilan cheklangan. U qiynoq holatlari aniqlangani yuzasidan biror ma’lumot keltirmagan.
So’x voqealari yuzasidan ketayotgan mahkama hibsxonalardagi ayblanuvchilar qiynoqlar bo’yicha shikoyatni davlat idoralariga emas, ochiq mahkamada jamoatchilikka bildirishni lozim topishayotganini ham ko’rsatadi.